
"Xo‘jand" o‘zbekistonlik futbolchi bilan shartnoma tuzdi va o‘rtoqlik o‘yinida "Qo‘qon-1912"ni yutdi
Tojikistonning “Xo‘jand” jamoasi tarkibiga o‘zbekistonlik futbolchi Asiljon Begimqulovni qo‘shib oldi. O‘tgan yili “Mash’al”da o‘ynagan 33 yoshli himoyachi kuni kecha “Xo‘jand” bilan shartnoma imzoladi.
Ma’lumot uchun, futbolchi 2019 yilda ham yarim mavsum ushbu jamoa safida to‘p surgan. Umuman olganda, Begimqulov bunga qadar “So‘g‘diyona”, “Mash’al”, “Buxoro”, “Xorazm”, “Yangier” kabi klublarda ham o‘ynagan.
O‘tgan mavsumda u “Mash’al”da hammasi bo‘lib, 14 ta uchrashuvda maydonga tushdi.
Shuningdek, “Xo‘jand” klubi kuni kecha “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Unda Begimqulov asosiy tarkibda harakat qildi va 90-daqiqada o‘rnini jamoadoshiga bo‘shatib berdi. “Xo‘jand” esa 85-daqiqada Parviz Boqievning yagona goli evaziga g‘alaba qozondi.
Fikrlar