
Vardi, Aguero, Obameyang, Ings, Reshford va Saloh yoxud APL to‘purarlari!
Ha deguncha, Angliya Premer ligasining 25-turi ham ortda qoldi. Oldinda har bir klubning liga doirasida yana 13 ta bellashuvi bor. Bungacha o‘zini ko‘rsatib, gol urish mahoratini ishga solayotgan futbolchilarga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz. Zero, APLda doimo to‘purarlar poygasi qiziqarli tus olgan.
25 ta tur ortda qolganidan so‘ng, 49 ochko jamg‘argan holda uchinchi pog‘onani egallab turgan "Lester" forvardi Jeymi Vardi 17 gol bilan etakchilik qilmoqda. 33 yoshli futbolchi professional faoliyatini 2007 yili "Stoksbridj" jamoasida boshlagan. Keyinchalik, "Galifaks Taun" va "Flitvud Taun" klublarida to‘p surgan. To‘purarlik maxoratini namoyish eta olgan futbolchi 2012 yildan boshlab, "Lester" safida faoliyat olib boradi. Klublardagi umumiy faoliyati davomida 482 ta rasmiy uchrashuv o‘tkazib, 253 ta gol urishga erishgan. Bundan tashqari, Angliya terma jamoasi tarkibida 26 ta bahs o‘tkazgan va 7 marotaba raqib darvozasini ishg‘ol etgan.
"Manchester Siti" hujumchisi Serxio Aguero joriy mavsum APLda 16 ta gol urishga erishdi. 2008 yilgi Olimpiyada o‘yinlari chempioni, 2014 yilgi jahon chempionati kumush medali sohibi bo‘lgan argentinalik forvard "Independente" va "Atletiko" sharafini himoya qilgan. 2011 yildan e’tiboran "shaxarliklar" a’zosi hisoblanadi. 31 yoshli futbolchi 653 ta uchrashuvda 376 ta gol urgan. Argentina terma jamoasi libosida 97 marotaba maydonga tushib, 42 ta golga mualliflik qila olgan.
Mavsum startini yuqori kayfiyatda boshlagan "Arsenal" yulduzi Per-Emerik Obameyyang so‘nggi turlarda gol urishda oqsamoqda. 14 ta golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘yishga ulgurgan afrikalik futbolchi so‘nggi bor 21-turda "Kristal Pelas" darvozasini ishg‘ol etgandi va ushbu uchrashuvning 67-daqiqasida maydondan chetlatilgandi. 30 yoshli tajribali futbolchi "Milan", "Dijon", "Lill", "Monako", "Sent-Eten", "Borussiya D" klublarida professional futbolchi sifatida faoliyat olib borgan. U 2018 yildan buyon London klubi uchun to‘p suradi. E’tiborli tomoni, Obameyang Frantsiya (U-21) ning yoshlar terma jamoasida maydonga tushgan va keyinchalik, Gabon terma jamoasida faoliyatini davom ettirdi.
Gabon va Frantsiya fuqaroligiga ega bo‘lgan hujumchi o‘zi o‘ynagan klublari safida 486 ta bahsni o‘tkazgan va 253 marotaba raqib darvozabonlarini ranjitgan. Gabon milliy terma jamoasida 56 ta o‘yin o‘tkazib, 23 ta gol urgan.
"Sautgempton" forvardi Denni Ings hisobida ham 14 ta gol bor. Angliyalik futbolchiga raqobatlik qilayotgan mashxur va tajribali hujumchilarga nisbatan, Ingsning statistik ko‘rsatkichlari u qadar ko‘z-ko‘z qilishli emas! 27 yoshli futbolchi 2009-2011 yillari "Bornmut" jamoasida 7 ta gol ura olgan va bu orada 2010 yili "Dorchester Taun" klubida ijarada to‘p tepib, 4 ta golga mualliflik qilgan.
2011-2015 yillarda "Byornli"da o‘zini ko‘rsatib, umumiy 38 bor raqib darvozasini ishg‘ol etgan va grand jamoalardan biri "Liverpul" e’tiborini o‘ziga jalb qila olgan. 2018 yilga qadar "qizillar" a’zosi bo‘lgan, ammo asosiy vaqtini zahirada o‘tkazgan. 2018 yildan boshlab, uzoq vaqt mobaynida orttirgan tajribasini "Sautgempton"da ishga sola boshladi. Angliya terma jamoasi safida 2015 yilning 12 oktyabr kuni Litva (3:0) ga qarshi bahsda maydonga tushgan.
"Manchester Yunayted" forvardi Markus Reshford yosh bo‘lishiga qaramay, hamkasblaridan bo‘sh kelmayapti.
Hozirgi MYuda o‘ynab, to‘purarlik uchun kurashish oson emas, ammo Reshford o‘z iqtidorini ishga solmoqda va ko‘p hollarda jamoani muhim vaziyatlarda qutqarib qolishni uddasidan chiqyapti. APLning joriy mavsumida 14 ta golga mualliflik qilib turgan Reshford 2016 yilda futbolchilik faoliyatini professional tarzda boshlagan va faqatgina "qizil-iblislar" sharafini himoya qilgan. Shu kungacha, 201 ta rasmiy bellashuvlarda maydonga tushib, 64 marotaba raqib darvozasiga to‘p kiritgan. 2016/17 yilgi mavsumda jamoasi bilan Evropa Ligasi chempioni bo‘lgan. Angliya terma jamoasidan muntazam ravishda chaqiruv olib keladi.
Premer liganing amaldagi mavsumida biror marotaba mag‘lub bo‘lmagan "Liverpul" klubining havas qilsa arziydigan hujumchisi Muhammad Saloh hisobida ham 14 ta gol bor. 27 yoshli forvard 2010 yili "Mokavlun" klubida futbolchilik faoliyatini boshlagan. Misr klubidagi 2 yillik faoliyatidan so‘ng, Evropaga yo‘l olgan va Shveytsariyaning "Bazel" jamoasi tarkibida 2 yil o‘ynagan. 2014-2016 yillari "Chelsi" sharafini himoya qilgan va asosiy vaqtini zahirada o‘tkazgan. Bu orada, "Fiorentina"da ijara asosida to‘p surib qaytgan. 2017 yilgi mavsumgacha "Roma" a’zosi sifatida rostmanasiga porlagan.
Ajoyib o‘yinlari bilan Angliya e’tiborini yana o‘ziga tortgan va "Liverpul" bilan yangi shartnoma imzolagan. Yurgen Klopp qo‘l ostida afrikalik futbolchi yulduz darajasiga ko‘tarildi va hozirda har qanday jamoa o‘z tarkibida bunday futbolchini ko‘rishni orzu qilsa ajab emas! Saloh klublar safida umumiy 379 ta uchrashuv o‘tkazib, 165 marotaba raqib darvozasiga yo‘l topgan. Misr termasi safida esa 68 ta bahsda maydonga tushgan va 41 ta golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.
Fikrlar