Vadim Abramov: Qay darajada tayyorgarlik ko‘rganimizni bo‘lajak o‘yin ko‘rsatib beradi

  • 20 yanvar, 2020, 08:43
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

22 yanvar kuni «Bunyodkor» o‘z maydonida Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichida Iroqning «Al Zavra» jamoasi bilan kuch sinashadi. «Qaldirg‘ochlar» esa qishki yig‘inni BAAda olib borishdi va bir qator nazorat uchrashuvlarida ham ishtirok etishdi. Lekin «Bunyodkor» BAAdan qaytib kelganidan keyin ertasiga bosh murabbiy Vadim Abramov olimpiya terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlash uchun chorak finalda BAAga qarshi o‘yinni ko‘rish uchun Tailandga jo‘nab ketgandi va o‘yindan so‘ng ortga qaytdi. Oldinda esa uning jamoasini chempionlar ligasida muhim o‘yin kutmoqda. 

Tecno

- Vadim Karlenovich, Osiyo Chempionlar ligasi pley-off doirasida Iroqning «Al Zavra» jamoasiga qarshi o‘yin oldidan BAAdagi yig‘in «Bunyodkor»ga qanday ustunlik berishi mumkin?

- Biz reja bo‘yicha tayyorgarlik ko‘ryapmiz. BAAdagi yig‘inimiz davomida uchta o‘rtoqlik uchrashuvida o‘ynadik. Ushbu nazorat o‘yinlari ham bizga muhim bahsda yordam beradi deb o‘ylayman. Bizda yangi jamoa shakllanyapti. Osiyo Chempionlar ligasida yaxshi ishtirok etishimiz qanchalik muhimligini tushunib turibmiz. Chunki xalqaro maydonda muvaffaqiyatli ishtirok etgan holda O‘zbekiston klublarining reytingini ko‘tarishimiz kerak. Aynan o‘sha reyting bo‘yicha «Al Zavra» bizning asosiy raqibimiz hisoblanadi. Muxlislarimizni xursand qilib, asosiy bahsda g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.

- Umuman olganda, qishki yig‘inlar borasida muammolar yo‘qmi?

- Tayyorgarlik borasida hammasidan mamnunmiz. Sharoitlarimiz yaxshi, saviyali raqiblar bilan o‘ynadik. Albatta, qay darajada tayyorgarlik ko‘rganimizni bo‘lajak o‘yin ko‘rsatib beradi.

- Sizni va «Bunyodkor»ni oldinda OChL pley-off bosqichida muhim o‘yin kutib turibdi. Shunga qaramasdan Tailandga borib olimpiya terma jamoamiz o‘yinini ko‘rib qaytdingiz. Ushbu safarni amalga oshgani «Bunyodkor»dagi rejalaringizga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydimi?

- Men faqat bitta o‘yinga bordim. «Bunyodkor» bilan esa asosiy tayyorgarlikni ko‘rib bo‘ldik. Buning ustiga klubda o‘z yordamchilarim bor. Ular mensiz ham mashg‘ulotlarni eplashadi. Hozirda klubimizda tiklanish jarayonlari ketmoqda. Yordamchi murabbiylarim etarli bilimga egalar. Shuning uchun mensiz ham reja bo‘yicha tayyorgarlikni olib borishadi. Bu borada hech qanday muammoni ko‘rmayapman.

- Jamoa etakchilaridan biri Xurshid G‘iyosovni tark etgani haqida eshitdik. U qaerga yo‘l oldi?

- Bizdan bir qator futbolchilarimiz ketyapti va u ham ketdi. Adashmasam Xurshid Janubiy Koreyaning asosiy ligasiga emas, balki birinchi ligasiga ketyapti. Bu esa meni biroz xavotirga solyapti. Chunki nima bo‘lganda ham G‘iyosov terma jamoamizga nomzod futbolchi sanaladi. Bunday o‘yinchimizning Koreya birinchi ligasiga ketgani chindan ham xavotirga solyapti. Ammo men unga to‘sqinlik qila olmayman. Chunki bu o‘zining tanlovi.

- Lekin Xurshid G‘iyosovning ketishi «Bunyodkor» uchun katta yo‘qotish, shundaymi?

- Ha, jamoamiz uchun jiddiy yo‘qotish. Har qanday holatda ham asosiy tarkib o‘yinchilarning ketishi katta yo‘qotishga aylanadi. Lekin bu – futbol va unda almashtirib bo‘lmas o‘yinchining o‘zi yo‘q. Endi uning o‘rnida boshqa futbolchidan foydalanamiz. Bundan boshqa ilojimiz ham yo‘q. Bizni yana ikkita o‘yinchi ham tark etgan. Agarda G‘iyosov kuchliroq klubga ketayotgan bo‘lganida men uni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lardim. Tanlovini to‘g‘ri tushungan bo‘lardim. Lekin boya aytganimdek, u Janubiy Koreyaning birinchi ligasiga ketyapti. Buni esa oldinga qadam tashlash deb hisoblamayman.

-  «Paxtakor» jiddiy transferni amalga oshirdi. Umuman, yangi mavsum yana «Paxtakor»ning hukmronligi ostida o‘tadi, degan fikrlarga qo‘shilasizmi?

- To‘g‘ri, «Paxtakor»ga yaxshi saviyadagi futbolchilar va legionerlar kelishyapti. Bu bir tomondan yaxshiki, agar chempionatimizga qancha ko‘p saviyali legionerlar kelsa, Superliga saviyasi ham oshib boradi.

- «Qo‘qon-1912»dan Murod Xolmuhammedovni taklif etish sizning tashabbusingizmidi? Avvaliga uni ikki oyga ijaraga olingani aytildi, keyin esa mavsum oxirigacha ekanligi ma’lum bo‘ldi…

- Murod Xolmuhammedov masalasiga kelsak, u xalqaro tajribaga ega bo‘lgan futbolchidir. U yaxshi o‘yinchi bo‘lgani uchun jamoamizni kuchaytirish maqsadida oldik. Umid qilamanki, Murod ham chempionlar ligasida bizga yordam bera oladi.

- Iqtidorli futbolchi Jasur Jaloliddinov yaqinda Italiyaning «Benevento» klubida ko‘rikda bo‘lib qaytdi. Uning keyingi taqdiri nima bo‘ladi? Jasurni Italiya chempionatida o‘ynashga tayyor deb o‘ylaysizmi?

- Italiya chempionati hozir qanaqaligini bilmayman. Lekin bu futbol bo‘lgani uchun hamma joyda bir xil bo‘ladi. Menimcha, unchalik katta farq bo‘lmasa kerak. Hammasi Jasurning o‘ziga bog‘liq. Lekin mening fikrimcha, Jaloliddinov u erga biroz ertaroq ketyapti. Avval o‘zimizning chempionatda yanada yaxshiroq shakllanishi lozim. U hali yosh.

- Hozirgi kelib qaysi futbolchilar bilan shartnomalar tuzildi?

- Hamma bilan shartnoma tuzilgan va «Bunyodkor»dagi barcha o‘yinchilarni «zayavka»dan o‘tkazganmiz. Jamoamizning yig‘ini va tarkibidan qoniqdim. Tarkib yaxshi shakllantirildi.

- Darvoqe, terma jamoamizning keyingi rejasi nimadan iborat?

- 23 fevralda Belorussiya terma jamoasi bilan o‘ynaymiz. Keyin Armanistonga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazamiz. Hammasi reja bo‘yicha amalga oshadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Azalshoh
20/01/2020 15:56
22-yanvar 15:15 da olimpiya terma jamoamiz Saudiyada qarshi yarim finalda maydonga tushadi.Bunyodkorning o'yini qachon?
&
Фк сурхон
20/01/2020 10:16
Абрамовга ОЛЛОХДАН куч қувват тилайман хуршид ғиёсов дуррак екан пул учун кетгани аниқ
&
Фк сурхон
20/01/2020 10:16
Абрамовга ОЛЛОХДАН куч қувват тилайман хуршид ғиёсов дуррак екан пул учун кетгани аниқ