Usmon Toshev: "Har xil murabbiylar ishlab ketyapti, ammo natija bo‘lmayapti. Agar yutganida boshqacha savollar bo‘lardi"

  • 19 iyun, 2021, 22:45
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, Usmon Toshev rasman Tojikiston terma jamoasidan ketdi. Lekin qo‘shnilarimiz hamyurtimizning qo‘li ostida ancha yaxshi taassurot qoldirdilar.

Tecno

Endilikda Toshev yana yurtimizda faoliyat olib boradi. Albatta, O‘zbekiston milliy terma jamoasining muvaffaqiyatsizligi Usmon Qudratovichni ham hayron qoldirdi. U bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.

- Tojikiston o‘z guruhida Yaponiyadan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi. Ammo bu uchinchi bosqichga chiqishiga etarli bo‘lgani yo‘q. Bu haqida fikringiz qanday?

- Biz ko‘rsatgan natija Tojikistonda birinchi marta bo‘lyapti. Albatta, Yaponiyani yutishga hali vaqt bor. Mana shunday kuchli raqibdan keyin ikkinchi o‘rinni egallaganimiz yaxshi. Afsuski, uchinchi bosqichga chiqa olmadik. Baribir jamoamizda o‘sish bor. Terma jamoa va klublar miqyosida ham ijobiy o‘zgarishlar bo‘lyapti. Futbolchilarni yoshartirdik va ularni tayyorlash sistemasini ham o‘zgartirdik. Baribir futbolchilarimizga biroz tajriba etishmadi. Lekin Yaponiyada O‘zbekiston termasining o‘yinini ko‘ra olmadim.  

- Terma jamoamiz birinchi marta ikkinchi bosqichda qolib ketdi. Bu barchamizni qattiq ranjitdi. Siz nima degan bo‘lardingiz?

- Bir nima aytish uchun o‘yinni ko‘rish kerak edi. Jamoa ichidagi narsalarni bilmayman. Albatta, 3:0 hisobidagi mag‘lubiyat bizning jamoa uchun yomon. Baribir O‘zbekiston o‘ziga yarasha kuchli. Bizda ko‘plab yaxshi futbolchilar bor. Lekin nima uchun yutqazdi, ochig‘i bilmayman. Oldingi o‘yinlarda g‘alaba qozongandi. Saudiyani mag‘lub etadi deb o‘ylagandim. Men uchun ham yirik mag‘lubiyat kutilmagan hol bo‘ldi.

toshev3_6

- O‘zbekiston terma jamoasi doim oxirgi bosqichda oxirigacha kurashib kelgan. Balki jamoamiz kuchsizlanib qolgandir yoki murabbiylarning malakasi etmagandir...

- Bu savolga javob berish uchun mutaxassislar bosh murabbiy bilan o‘tirib xulosa chiqarish kerak. O‘yinlar va tayyorgarlik rejalari bor edi. Hozir bir kishini tanqid qilib, bir kishini maqtab bo‘lmaydi. Yutqazdimi, demak hamma yutqazdi. Kelasi safar shunaqa bo‘lmasligi uchun baribir jiddiy xulosa chiqarish lozim. O‘yinlarni tahlil qilish kerak. Shu savollarga javob topish kerak. Har xil gaplarni aytish va yomonlash mumkin. Murabbiy yoki futbolchi xato qilishi mumkin. Yana qaytaraman: xulosa chiqarish kerak. Buning uchun endi vaqt bor.

- Saudiya Arabistoniga qarshi tanlangan tarkib va taktikada jiddiy xatolar bo‘lganini hamma ta’kidlayapti. Fikringizcha, terma jamoamiz to‘g‘ri yo‘ldan adashib ketganmidi?

- Qiyin savollar beryapsizki, bularga tayinli javob bera olmayman. O‘yinlarni doimo nazorat va tahlil qilib borish kerak, men bo‘lsa, barcha uchrashuvlarini ham ko‘ra olmadim. Lekin murabbiy sifatida tushunaman, futbolda har xil holatlar bor. Agar yutganimizda boshqacha savollar bo‘lardi. Tushunaman, hamma g‘azablangan, kayfiyati yo‘q. Hozir shundayki, hamma bilan gaplashish va savol-javob qilish lozim. Balki yana nimadir etishmagandir yoki biror nima xalaqit bergandir. Buni jamoa ichida yurganlar yaxshiroq biladi. Bu savolingizga javob berishga qiynalaman. Lekin bizning futbolchilarimiz kuchli. Lekin nima uchun javobsiz uchta gol evaziga yutqazdi? Hayron qoldim.

toshev2_7

- Terma jamoamizdan Kuper ketib, o‘rniga Abramov kelgani bilan hech nima o‘zgarmadi. Endi ko‘pchilik tomonidan o‘sha paytda Kuperni iste’foga chiqarish xato bo‘lgani haqida aytishyapti. Bunga qanday qaraysiz?

- Albatta, almashuvlar shunday narsalarga olib keladi. Vaqt berish kerak, ishonish kerak va yordam berish lozim. Ana shundan keyin barqaror ish bo‘ladi. Almashtiramiz va hammadan natija kutamiz. Aytyapman-ku, xulosa chiqarish kerak. Har xil murabbiylar ishlab ketyapti, ammo natija bo‘lmayapti. Nima uchun? Balki murabbiylar yoki futbolchilar aybdor emasdir. Bu masalani har tomonlama o‘ylash kerak.

- Chempionatimiz saviyasi pasaygan deb o‘ylaysizmi?

- Albatta, chempionatning ta’siri bor. Chempionatimiz qanchalik kuchli bo‘lsa, futbolchilar ham shunchalik yaxshi o‘ynashadi. Shu bois o‘ylashimcha, chempionatning ham ta’siri bor va bu haqda ham o‘ylash kerak. Ammo ko‘p futbolchilarimiz chetda o‘ynashadi-ku! Bular bilan ham natija ko‘rsata olmadilar. Aytyapman-ku, muvaffaqiyatsizlikni har tomonlama tahlil qilish darkor.

toshev_16

- Solishtirish uchun aytish kerakki, sizning boshchiligingizdagi Tojikiston ikkinchi bosqichda yaxshi taassurot qoldirdi. “Istiqlol” bo‘lsa Osiyo Chempionlar ligasida guruhdan chiqdi. “Paxtakor” bilan AGMK esa guruhda qolib ketishdi. Tojik futboli biznikidan o‘tib ketyapti, deb ayta olasizmi?

- Albatta, solishtirib bo‘lmaydi. O‘zbekiston bilan Tojikiston futbolining farqi bor. Tojikistonda terma jamoalar va klublar futboli o‘sish jarayonida. Bu yil yaxshi natijalar bo‘lyapti. Tojikiston futbol federatsiya rahbarlari buni pasaytirmasdan yana rivojlantirishlari kerak. Faqat to‘g‘ri yo‘lni tanlab, shu yo‘ldan borish lozim. O‘zbekiston chempionati va jamoalari kuchli. Sharoitlar, maydonlar, bazalari, mashg‘ulotlar, umuman, infrastruktura O‘zbekistonda yaxshi. Nima uchun shunday holatlar yaxshi tomondan O‘zbekiston terma jamoasiga ta’sir ko‘rsatmayapti? Murabbiylar va futbolchilar bor. Sharoitlar yaxshi, nima uchun natija bo‘lmayapti? Rahbariyat shuni ustida o‘ylaydi, tahlil qiladi.   

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!