
Ularning orasida tajribalisi ham, iqtidorli yoshlari ham bor yoxud Denisovdan Shoahmedovgacha
1-4 noyabr kunlari Superliganing 24-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Faqat “Bunyodkor” – “Navbahor” o‘yini 11 noyabrga qoldirilgan.
Ortda qolgan 6 ta o‘yinda turli natijalar kuzatildi va shu bilan birga uning eng yaxshilari ham aniqlandi. Quyida shu xususida so‘z yuritiladi.
OKMK – “Turon” – 2:1. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Vitaliy Denisov
OKMK Osiyo Chempionlar ligasida “Sepaxon”ga qarshi uchrashuv oldidan “Turon”ni qabul qildi va sal qolsa ochko yo‘qotishi mumkin edi. Lekin olmaliqliklar bir amallab g‘alabani tortib oldilar. Bunda tajribali himoyachi Vitaliy Denisovning hissasi ham katta bo‘ldi. U raqib hujumlarini zararsizlantirishda bosh-qosh bo‘ldi. Xuddi oldingi Denisovni ko‘rgandek bo‘ldik.
“Qizilqum” – “Andijon” – 3:0. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Muhammadali G‘iyosov
Turning kutilmagan natijasi sifatida qayd etilgan “Qizilqum” – “Andijon” o‘rtasidagi bahsda mezbonlar vakili Muhammadali G‘iyosov yorqin taassurot qoldirdi. Bungacha ham ushbu futbolchining imkoniyati yuqoriligi va o‘zini ko‘rsatayotgani haqida eshitgandik. “Andijon”ga qarshi bellashuvda G‘iyosov o‘z hisobiga ikkita gol yozdirib qo‘yish orqali iqtidorini namoyish qila oldi.
“Paxtakor” – “Nasaf” – 1:1. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Bahrom Abdurahimov
Tinib-tinchimas Bahrom Abdurahimov “Paxtakor” bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda chindan katta kuch va energiya sarfladi. U maydonning har bir qarich erida kurashdi va istalgan nuqtada paydo bo‘lib, “Nasaf”ning eng foydali o‘yinchilaridan biriga aylandi. Juda ko‘p yugurdi va tinmadi. Buni hamma ko‘rdi. Abdurahimov tezkorligi va driblingi bilan ham ajralib turdi.
“Neftchi” – “Olimpik” – 0:1. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Alisher Odilov
“Neftchi” joriy mavsumda ilk bor o‘z maydonida mag‘lubiyatga uchradi. Oxirgi paytlarda farg‘onaliklar omadsiz o‘yinlar o‘tkazyapti. Masalan, o‘tgan turda Toshkentda “Bunyodkor”ga yutqazib qo‘ygandi. Bu safar esa “Olimpik”dan engildi. O‘yin taqdirini hal qiluvchi yagona gol muallifi bo‘lgan Alisher Odilov haqli ravishda o‘yinning eng yaxshi futbolchisiga aylandi. Bu o‘yinchining potentsiali yuqori ekanligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
“Metallurg” – “Surxon” – 0:1. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Silvanus Nimeli
Ushbu o‘yindan avval Silvanus Nimeli Liberiya terma jamoasidan chaqiruv olganligini e’lon qilindi. Kutilganidek, tajribali hujumchi “Metallurg”ga qarshi uchrashuvda yana faol o‘yin ko‘rsatdi. To‘g‘ri, Nimeli gol urmadi, ammo yagona golni yaratdi va assist vazifasini bajardi. Legioner hujumchi bellashuv davomida raqib o‘yinchilariga muammolar tug‘dirdi.
“So‘g‘diyona” – “Buxoro” – 1:0. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Sanjar Shoahmedov
Mag‘lubiyatlar o‘rasiga tushib qolgan “So‘g‘diyona” nihoyat 24-turda muxlislarini g‘alaba bilan xursand qildi. Lekin uchrashuvdan avval xadik bor edi. Chunki raqib ligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan “Buxoro” jamoasi edi. Ularga g‘alaba juda zarur ekanligini hisobga olganda, mezbonlarga ham yana qiyin bo‘lishi kutilgandi. Biroq “So‘g‘diyona” kichik hisobda bo‘lsa-da, uch ochkoni hisobiga yozdirib qo‘ydi. Yagona gol urilishida ajoyib futbochli Sanjar Shoahmedovning mehnati katta. U o‘sha golli hujum yaratilishining ijodkori bo‘ldi. Markazdan zargarona pas orqali jamoadoshini to‘p bilan ta’minladi. Bu esa gol bilan yakunlandi. Shoahmedov bahsni juda faol o‘tkazdi. Oldingi uchrashuvlarda uni zaxirada qolganini ko‘rgandik va jamoasi yutqazgandi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar