
Ular hozir qaerda? («Golden Boy» sovrinining har bir sovrindori haqida)
Asrimizning dastlabki yillaridan boshlab, har yili Evropaning eng yorqin yosh yulduzlari «Golden Boy» sovrini bilan taqdirlanib kelinmoqda. Mukofot 2003 yilda Italiyaning mashhur sport nashri «Tuttosport» tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, har yili muntazam ravishda o‘z egasiga topshirilib kelinadi. Sovrindorni aniqlashda Evropaning bir qancha mashhur nashrlari bevosita ishtirok etadi. Bu Germaniyaning «Bild», Shveytsariyaning «Blick», Portugaliyaning «A Bola», Frantsiyaning «l’Equipe» va «France Football», Ispaniyaning «Marca» va «Mundo Deportivo», Gretsiyaning «Ta Nea», Rossiyaning «Sport Express», Gollandiyaning «De Telegraaf» hamda Angliyaning «The Times» nashrlaridir.
Dortmundning «Borussiya» klubi hujumchisi Erling Xoland mukofotning 2020 yilgi g‘olibi, deb e’lon qilinganidan xabaringiz bor. Norvegiyalik futbolchi «Red Bull Zaltsburg» va «Borussiya» Dortmund bilan 2019/20 yilni ajoyib tarzda o‘tkazdi va barcha musobaqalarda 44 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, u 2020/21 yilni ham yuqori formada boshladi va hozirgacha barcha musobaqalarda 17 ta gol urishga erishdi.
Xolanddan tashqari, 2020 yilgi mukofot ro‘yxatidan Ansu Fati, Alfonso Devis, Jeydon Sancho, Eduardo Kamavinga, Deyan Kulusevski, Filip Foden, Dominik Soboslai, Bukayo Saka va Vinisius Junior ham joy olgan edi. Albatta, ular ham sovringa loyiq, biroq eng munosibi tanlandi. O‘ylaymizki, ushbu iqtidorlar kelasi mavsumlar davomida ham shu qobiliyatlarini ko‘rsatishda davom etib, tarixga o‘z nomlarini yozib qoldirishadi.
Yaqin o‘tmishdan beri bu sovrin dunyoning eng yorqin yosh yulduzlariga topshirilib kelinmoqda va ularning ko‘pchiligi bu sovrinni oqlab, yulduz darajasiga ko‘tarilishdi, qolganlari esa aksincha, pastga sho‘ng‘ishdi. Albatta, ularning qay tariqa bu holatga tushganligi, ko‘pchilik uchun qiziq tuyulishi tayin.
Demak, «Golden Boy» sovrinining tarixdagi barcha sovrindorlarini va ularning hozirgi holatini sizga tanishtirib chiqamiz. Boshladik.
2003: Rafael van der Vaart
Hozirgi jamoasi: faoliyatini yakunlagan.
«Ayaks» jamoasidagi yorqin o‘yinlari bilan grandlar e’tiborini tortgan Rafael faoliyati davomida bir jamoada barqaror o‘ynay olmadi. «Galaktikos» deya nomlangan «Real» jamoasidagi faoliyati omadsiz kechgan van der Vaart, «Tottenxem»da jarohatlar sabab o‘z o‘yinini namoyish eta olmagan.
Ispaniyaga qaytgan Rafael 2015 yilgi mavsumda «Betis»dagi o‘yinlari bilan barchani ajablantiradi, ammo bir mavsumdan so‘ng, u yana formasini yo‘qotadi. Van der Vaart 2018/19 yilgi mavsumda Daniyaga ko‘chib o‘tadi va 2018 yil noyabr oyida butsalarini mixga iladi. Shu tariqa, uning ajoyib boshlangan hikoyasiga yakun yasalgan.
2004: Ueyn Runi
Hozirgi jamoasi: «Derbi Kaunti»da o‘ynovchi murabbiy
Runi Angliyaning yagona «Oltin bola»si emas. Garchi u tomon ko‘plab tanqid toshlari otilgan bo‘lsa-da, uning qayd etgan rekordlari Runining darajasi qanday ekanligini doim ko‘rsatib turadi.
Hujumchi Angliya terma jamoasining ham, «Manchester Yunayted»ning ham sardori bo‘lgan va hozirda ikki jamoaning ham barcha davrlardagi eng yaxshi to‘purari hisoblanadi. Runi «Everton» jamoasidagi ikki yillik faoliyatidan so‘ng, 2002 yilda Fergyuson boshqaruvidagi «qizil iblislar»ga qo‘shilgan va Manchesterda 2017 yilga qadar faoliyat olib borgan. So‘ng, yana sobiq jamoasiga qaytgan.
Keyinchalik, 2018 yilda MLSga yo‘l olgan Angliya terma jamoasining eng yaxshi to‘purari «D.C. Yunayted» safida ikki yil faoliyat olib boradi va 2020 yilning yanvarida Angliyaning «Derbi Kaunti» jamoasiga ko‘chib o‘tadi. Futbolchi hozirda o‘ynovchi murabbiy sifatida faoliyat olib bormoqda.
2005: Lionel Messi
Hozirgi jamoasi: «Barselona»
Ushbu futbolchi haqida ko‘p gapirish ortiqchalik qilsa kerak. Futbol muxlislari ushbu daho haqida deyarli har kuni yangilik o‘qiydi va yangilangan rekordlari haqida eshitadi. Kataloniya afsonasining ushbu sovrinni olishi hech kimni ajablantirmagan.
Ispan sharhlovchisi ta’kidlaganidek: «Biz Leo davrida yashab, uning o‘yinlarini tomosha qilganimiz haqida kelajak avlodga maqtanib yurishimiz kerak»!
2006: Sesk Fabregas
Hozirgi jamoasi: «Monako»
Messidan so‘ng ushbu sovrinni qo‘lga kiritish juda katta bosim keltiradi. Ammo ispaniyalik yarim himoyachi bosimni engib o‘tishni uddalay olgan. Londonning «Arsenal»iga qo‘shilish uchun La Masiyani tark etgan Sesk bolalikdagi jamoasiga keyinchalik yulduz bo‘lib qaytgan.
Ammo Seskning Kataloniyadagi faoliyati omadli chiqmaydi va “tumanli Albion”ga yana qaytib ketadi. Ispan futbolchisi «Chelsi» safida 2 marta APL chempioni bo‘lgach, jamoa boshqaruvini Sarri qo‘l ostiga oladi va 2018/19 yilgi mavsumda Fabregasning o‘yinlaridan qoniqmagach, 2019 yilning yanvarida Liga 1 jamoasi «Monako» safiga borib qo‘shiladi va hozirgacha u erda faoliyatini davom ettirmoqda.
33 yoshli yarim himoyachi yaqinda bo‘lib o‘tgan «PSJ»ga qarshi uchrashuvda o‘zining borligini 1 ta gol va 1 ta assist bilan yana bir bor eslatib qo‘ydi.
2007: Serxio Aguero
Hozirgi jamoasi: «Manchester Siti».
Argentinalik futbolchi 2006 yilda Madridning «Atletiko»si safiga kelib qo‘shilgach, Evropa futboliga moslashishi uncha qiyin kechmadi. Uning «shaharliklar» safiga borib qo‘shilishi top-darajali hujumchi ekanligining yana bir isboti bo‘ldi. 2017 yilning noyabr oyida «Napoli» darvozasiga urgan goli Kunni «Siti»ning eng yaxshi to‘purariga aylantirdi va ushbu gol uning «Siti»dagi 178-goli edi. So‘ngra Maradonaning sobiq kuyovi umumiy gollari sonini 255 taga etkazib oldi.
Hozirgi kunda tez-tez jarohat orttirib olayotgan Aguero 2011/12 yilgi fantastik mavsumdagi KPR jamoasiga qarshi dramatik g‘alabadan so‘ng, jamoa tarixidan o‘z o‘rnini ta’minlab qo‘ygan edi.
2008: Anderson
Hozirgi jamoasi: faoliyatini yakunlagan
Tayanch yarim himoyachisi sifatida o‘zini ko‘rsatgan Anderson kelajagi porloq futbolchi ekanligiga va’da berayotkandek edi. Ammo braziliyalik sobiq futbolchi kelishmovchiliklar va kombinatsiyalarda ishtirok eta olmagani sababli o‘z iqtidorini to‘la namoyish eta olmagan.
Portugaliyaning «Portu»si safidan Angliyaning «Manchester Yunayted» jamoasiga borib qo‘shilgan Anderson etti mavsum davomida APL havosidan nafas oladi. Lui van Gal qo‘l ostida oz muddat o‘ynagan yarim himoyachi 2015 yilning noyabrida «Internasional» safiga borib qo‘shiladi. Yarim mavsum «Koritiba»da ijarada o‘ynagan futbolchi 2018 yilda erkin agentga aylanadi. Keyinchalik, Turkiyada bir mavsum to‘p surgan Anderson 31 yoshida faoliyatini yakunlaydi.
2009: Aleshandre Pato
Hozirgi jamoasi: Erkin agent
Ushbu mukofot barcha braziliyaliklar uchun omadsizlik olib keladi, shekilli. Anderson mazkur sovrinni qo‘lga kiritganidan so‘ng, faoliyatida faqat pastladi va Pato vatandoshidan o‘rnak oldi.
Hujumchi Milandagi ilk kunlarida yuqori darajada o‘yin namoyish etgan edi, ammo uning karerasi ham pastga sho‘ng‘ishni boshladi. Jarohatlar va formasini tiklay olmaslik Patoni og‘ir kunlarni boshidan o‘tkazishga majbur qildi. «Korintians» bilan shartnoma imzolagan hujumchi, keyinroq «San Paulo»da ijara asosida to‘p suradi.
Uning muxlislar xotirasidan muqim joy olgan «Barselona»ga qarshi o‘yindagi 24-soniyada urgan super goli ham Patoning faoliyatidagi inqirozni yashira olmadi. Aleshandro 2015/16 yilgi mavsumni «Chelsi» safida ijarada to‘p suradi va yozda «Vilyarreal»ga ko‘chib o‘tadi. Shuningdek, 2017 yilning yanvar oyida Xitoy Superligasi vakili safiga borib qo‘shiladi va 60 uchrashuvda 36 marta raqiblar darvozasini aniq nishonga oladi. Pato 2019 yilning martida vataniga qaytadi va «San Paulo» bilan shartnoma imzolaydi. Ammo 10 oydan so‘ng jamoa safini tark etib, erkin agentga aylanadi.
2010: Mario Balotelli
Hozirgi jamoasi: Erkin agent
Sovrinni qo‘lga kiritgan italyan sodda kiyimlarda, xushmuomalalik bilan uni qabul qilib oldi. Shunga ishondingizmi? Yo‘q, albatta. Axir bu super Mario! U sovrinni qabul qilgach, yana bir nomzod - «Arsenal» yarim himoyachisi Jek Uilsherni tanimasligini ta’kidladi. Shuningdek, Balotelli o‘zini shu kungacha sovringa ega chiqqan futbolchilardan yaxshiroq, deb e’lon qildi.
«Liverpul» va «Milan»dagi omadsiz 2 mavsumdan so‘ng Frantsiyaning «Nitstsa»si tarkibida 23 uchrashuvda 15 bora o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ygan futbolchi, uch mavsum Nitstsa shahri jamoasi tarkibida to‘p suradi va keyinchalik, qisqa muddat «Marsel»da faoliyat olib boradi. Oxir-oqibatda vataniga qaytib, B seriya vakili «Breshia» safiga borib qo‘shiladi.
So‘nggi yangiliklarga ko‘ra, Mario «Nitstsa»da orttirgan tanishlari orqali Chempionship vakili «Barnsli» tarkibiga qo‘shilishi mumkin ekan. Keyinchalik uni Braziliya tomonlarga ko‘chib o‘tishi va «Vasko da Gama» jamoasi uni olib kelmoqchiligi ma’lum bo‘ldi. Terma jamoa safida ham, Roberto Manchini davrida o‘zini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ladi. Manchini «Uchranglilar» boshqaruvini egallaganidan so‘ng, Super Mario 2014 yil noyabr oyidan to 2018 yil may oyigacha terma jamoaga chaqiriladi. Balotelli terma jamoadagi so‘nggi golini vafot etgan sobiq italiyalik jamoadoshi Davide Astori xotirasiga bag‘ishlaydi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, Balotelli o‘zining takabburligi bilan ajralib turuvchi futbolchi sifatida yodda qoladi.
2011: Mario Gyottse
Hozirgi jamoasi: PSV
«Borussiya» Dortmundni «Bavariya»ga alishish badalini to‘lagan Marioning qarori to‘g‘ri bo‘lganini uning sovrinlar shkafi tasdiqlaydi. Garchi u tahmin qilingan darajada o‘yin ko‘rsata olmagan bo‘lsada, 2014 yilgi jahon chempionati finalida urgan goli Marioning faoliyati omadsiz kechgan, deyishga yo‘l qo‘ymaydi.
Lekin, Myunxendan Dortmundga qaytgan Gyottse avvalgi formasiga qayta olmaydi. Germaniyalik yarim himoyachi 2020 yilning 6 noyabr kuni Gollandiyaning PSV jamoasi bilan ikki yillik shartnoma imzolaydi va debyut golini 18 noyabr kuni debyut o‘yinidayoq «Zvolle»ga qarshi bahsda urishga erishadi. Omadsizlik va jarohatlar tufayli faoliyatida pasayishlar kuzatilganligiga qaramay, «Golden Boy» laqabli (sariqligi uchun) Gyottse yorqin o‘yinlari bilan muxlislar yodida qolaveradi.
2012: Isko Alarkon
Hozirgi jamoasi: «Real»
Ispaniya hozirda yarim himoyachilar etishtirish bo‘yicha istalgan mamlakatga «master klass» o‘ta oladi. Uning cheksiz ko‘rinadigan iste’dod ombori har doim kelajagi porloq yarim himoyachilar bilan maqtana olgan.
Isko shu kabi iste’dodlardan biri. Uning «Malaga» safidagi jozibali o‘yinlari «Real» safiga ko‘chib o‘tishiga sabab bo‘lgandi. Ammo sobiq «Oltin to‘p» sovrindori va dunyoning o‘sha paytdagi eng qimmat futbolchisining boshqa jamoaga ko‘chib o‘tishi maydonda Iskoni yolg‘iz qolishga majbur qiladi va imkoniyatlarini cheklab qo‘yadi.
Zidan bilan kelishmovchiliklar, optimal formasiga qayta olmaslik Iskoning kelajagini haligacha so‘roq ostida qoldirmoqda. Futbolchi istalgan chempionatga ko‘chib o‘tishi mumkin. Istasa. suyukli ustozi Karlo Anchelotti va ajoyib juftlik bo‘la oladigan Xames Rodriges bilan APLni yanada jozibali chempionat bo‘lishini ta’minlashi yoki A Seriyaga ko‘chib o‘tib, Ronaldu bilan birgalikda eski davrlaridagidek o‘yin namoyish etishi mumkin. Isko 2021 yilning yanvar oyida yakuniy qarorni qabul qilishini ma’lum qilgandi.
2013: Pol Pogba
Hozirgi jamoasi: «Manchester Yunayted»
Pol Pogbaning 2012 yil shartnoma mojarolari sababli «Old Trafford»ni tark etib, «Yuventus» tarkibiga borib qo‘shilishini ko‘plab muxlislar juda katta xato ekanini ta’kidlagan edi. Tanqid qilganlar Pol hech nimani isbotlay olmasligini, Turinda o‘z o‘rnini topa olmay, omadsizlikka uchrashini aytar edi.
Lekin tanqid toshini otganlar vaqt o‘tkandan so‘ng Pogbani Manchester shahriga qaytishini so‘ray boshlashdi. Sababi Pirlo, Markizio kabi yarim himoyachilar bilan birga to‘p surgan frantsuz A Seriyada kuchli va baquvvat futbolchi bo‘lib etishdi. Pogba o‘z iste’dodini «Manchester Yunayted» uchun rekord summa bo‘lgan 89 million funt-sterlingga xarid qilingani bilan isbotlaydi.
Hozirda o‘z o‘yinini topa olmayotgan yarim himoyachi 2018 yilgi jahon chempionatida namoyish etgan o‘yini va terma jamoasiga chempionlikni qo‘lga kiritishda bergan yordami bilangina maqtana oladi.
2014: Rahim Sterling
Hozirgi jamoasi: «Manchester Siti»
Rahim Sterling ayni damda «shaharliklar» futbolchisi ekanini futbol muxlislari biladi. Rahimni Manchesterga «Liverpul» jamoasidan ko‘chib o‘tganini biladigan muxlislar soni ham juda ko‘p. Ammo uni qaysi klub tarbiyalanuvchisi ekanini ko‘pchilik bilmasligi aniq. «Kuinz Park Reyndjers» jamoasi Sterlingdek futbolchini o‘z akademiyasida etishtirib chiqargani bilan faxrlanadi.
Manchesterning «ko‘k» tarafi Angliya terma jamoasi a’zosini o‘z tarkibiga qo‘shib olish uchun ko‘p mablag‘ sarflaganlikda ayblanadi, ammo Rahim hozircha aqlli sarmoyaga o‘xshaydi. Uning 2018 va 2019 yillar davomidagi o‘yinlari Rahimni «Siti»ning muntazam asosiy o‘yinchilaridan biri bo‘lishini ta’minladi. Gvardiola o‘z shogirdi bilan shartnoma muddatini 2023 yilgacha uzaytirdi va ushbu holatni jamoaning sport direktori «Siti» uchun «muhim lahza» deya atadi. Xullas, Sterling ishonchni oqlashda davom etmoqda.
2015: Antoni Marsyal
Hozirgi jamoasi: «Manchester Yunayted»
«Manchester Yunayted» tarixida ushbu sovrinni qo‘lga kiritgan to‘rtinchi futbolchi Antoni Marsyal 2015 yilning 1 sentyabrida amalga oshirilgan eng kutilmagan transferlardan biri bo‘lgan edi.
Ushbu transfer uchun bonuslar bilan 58 million funt-sterlingga tushganini bilgan muxlislar Ed Vudvordni tanqid qila boshlashgandi. Ammo frantsuzning ishonchli o‘yinlari transfer to‘g‘ri amalga oshirilganini ko‘rsatib bergandi.
«Yunayted» kelajagi bo‘lishi mumkin bo‘lgan futbolchi Marsyal Mourino qo‘l ostida o‘sishdan to‘xtab qoldi. Ammo jamoa murabbiyligiga Ole-Gunnar Sulsher kelgach, u yana oldingi formasiga qayta boshladi. Hozirda uning vazifasi biroz o‘zgargandir, ammo Antoni markaziy hujumchi sifatida ham yomon taassurot qoldirmayapti.
2016: Renatu Sanchesh
Hozirgi jamoasi: «Lill».
Renatu 2016 yilning yozida terma jamoasi tarkibida Evropa chempioni bo‘lgach shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Sanchesh uchun «Bavariya» va «Yunayted» jamoalari kurash olib boradi, ammo bir necha million funt sabab MYu iqtidorli yarim himoyachini qo‘lga kirita olmagandi.
Afsuski, ushbu sovrinni qo‘lga kiritgan ilk portugaliyalik futbolchi 35 million funtga zaxira o‘rindig‘ida o‘tirish uchun xarid qilingani ma’lum bo‘ldi. Sababi, Karlo Anchelotti yosh iste’dod egasiga atigi olti marta aosiy tarkibda tushish va ularning bittasida 90 daqiqa o‘ynash imkoniyatini taqdim etadi. Omadsiz mavsumdan so‘ng, jamoa Renatu ijaraga berilishini tasdiqlaydi va futbolchini «Suonsi» jamoasiga 1 mavsum uchun ijaraga beradi.
Liga 1 vakili «Lill» jamoasi esa 2019 yilning avgust oyida Sancheshni 25 million evroga sotib oladi hamda u jamoa xarid qilgan eng qimmat futbolchiga aylanadi. Bizningcha, bir vaqtlar «portugal olmosi» deya ta’riflangan futbolchida ishonchni oqlash uchun hali vaqt etarlicha.
2017: Kilian Mbappe
Hozirgi jamoasi: PSJ
21 yoshli Kilian Mbappe «PSJ»ga 2018 yil 160 million funtga sotib olish sharti bilan ijara asosida ko‘chib o‘tadi va jamoadoshi Neymardan so‘ng, dunyoning eng qimmat ikkinchi futbolchisiga aylanadi.
Kilianning «Monako» safida Chempionlar Ligasida namoyish etgan o‘yinlaridan so‘ng, uning Knyaz klubi safida uzoq qolmasligi aniq bo‘lgandi. Hozirda u Frantsiya poytaxtida Neymar bilan ajoyib tandem hosil qilgan holda super o‘yinlar namoyish etmoqda va jamoadagi umumiy gollari sonini 100dan oshirdi.
Shuningdek, Rossiyadagi mundial g‘olibligi, o‘smir yoshida urgan to‘rt goli undan faqat 17 yoshli Pele ustun degan tahminni keltirib chiqargan edi. Mbappe kelajakning haqiqiy yulduzi sifatida e’tirof etiladi.
2018: Matteys de Ligt
Hozirgi jamoasi: «Yuventus»
Matteys 2018 yil ushbu sovrinni qo‘lga kiritganida «Ayaks»ning yangi markaziy himoyachisi edi va jamoa o‘sha mavsum ichki dublni rasmiylashtiradi. Klub 2014 yildan buyon ilk marta Gollandiya chempioni bo‘ladi.
Sardor sifatida «Ayaks»ni Chempionlar Ligasi yarim finaliga etib borishida qo‘shgan hissasi uni «zebralar» safiga qo‘shilishiga sabab bo‘lgan edi. Garchi u Turin klubi bilan chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsada, hali ishonchni to‘laligicha oqlagani yo‘q. Ammo unda hali vaqt va imkoniyat mavjud.
2019: Joau Felish
Hozirgi jamoasi: «Atletiko»
Sovrinning yana bir g‘olibi Joau «Benfika»dagi ilk mavsumida 15 ta gol urishga erishgan va ko‘rsatgan ajoyib o‘yinlari sabab 126 million evro evaziga «Atletiko» a’zosiga aylangandi.
Felish Portugaliyadagi debyutini 2019 yil Millatlar Ligasida amalga oshirdi. Hozirgacha hujumchi terma jamoa safida 3 ta gol muallifiga aylangan.
Joau Felish De Ligt kabi o‘ziga sarflangan pullarni hali oqlamadi. Unga ilk mavsumida o‘z iqtidorini to‘laligicha namoyish etishi uchun olgan jarohatlari to‘sqinlik qilgandi. Ushbu mavsumda portugaliyalik iqtidor egasi barcha musobaqalarda 12 o‘yinda maydonga tushib, 7 gol va 3 assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Boshqalar singari, unda ham hali super yulduz darajasiga chiqish uchun vaqt etarlicha. Shunday ekan, uni kuzatishda davom etamiz.
2020: Erling Xoland
Hozirgi jamoasi: «Borussiya» Dortmund
«Red Bull Zaltsburg» jamoasida namoyish etgan super o‘yinlari sabab norvegiyalik mashina 2020 yilning yanvarida 20-million evro evaziga Dortmundning «Borussiya»si safiga kelib qo‘shiladi.
Xoland Bundesligaga kelganidan beri to‘xtash nimaligini bilmayapti. Ilk yarim mavsumida 16 ta gol muallifiga aylangan norveg 2020/21 yilgi mavsumda 13 o‘yinda 17 marta o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ya oldi va hali beri to‘xtash istagida emasdek ko‘rinmoqda.
Erling Norvegiya safida 7 o‘yinda maydonga tushib, 6 marta raqib darvozasini ishg‘ol etishga erishdi. Kelajakda super yulduz bo‘lishga va’da berayotgan Xolandni qo‘lga kiritishga urinayotgan grandlar soni juda ko‘pligi sir emas. Ammo hujumchi qaysi jamoani tanlasa ham o‘z o‘yinini namoyish eta olishiga bizni ishontirmoqda.
Abdulla Mannonov tayyorladi
Fikrlar