
UEFA yilning eng yaxshilari bo‘lishga da’vogarlarni e’lon qildi. Kim yakunda g‘olib chiqadi?
Evropa futboliga befarq bo‘lmagan hamyurtlarimizning e’tiborini UEFA tomonidan yilning eng yaxshilarini aniqlash jarayoni o‘ziga tortgani rost. Ayniqsa, g‘oliblik uchun asosiy da’vogar uchliklar nomi e’lon qilingach, barcha o‘z variantini oldinga surishni boshladi.
Ovoz berish jarayoni
UEFA o‘z sovrini "oltin to‘p"dan daraja borasida o‘zib ketishi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni amalga oshirmoqda. Buning uchun turli format, o‘zgacha marosimlar uyushtirilishiga ko‘nikib ham qoldik. Ko‘proq ommani o‘ziga qaratish maqsadida UEFA bu safar kuchli uchlikni kattagina hakamlar brigadasi o‘rtasidagi so‘rovnomada aniqladi.
Ovoz berganlar orasida Evropa chempionatida ishtirok etgan terma 24 jamoa bosh murabbiylari, EChL va EL musobaqalarida jamoasini boshqargan 80 ta klub murabbiyi va tanlab olingan 55 mustaqil jurnalist.
So‘rovnomada ishtirok etgan barcha o‘z kuchli uchligini UEFAga taqdim etgan. Yakunda birinchi o‘ringa loyiq ko‘rilganlarga 5 ochko taqdim etilgan. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga 2-3 ochkodan berilgan. Qonunga ko‘ra, murabbiylarga o‘z shogirdlari uchun ovoz berish huquqi berilmagan.
Murabbiylar
To‘g‘ri, asosiy e’tibor baribir yilning eng yaxshi futbolchisi nominatsiyasiga qaratiladi. Shunday bo‘lsada, eng kuchli murabbiy nomi ham ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otgani rost. Da’vogarlar orasida EChL finalchilari va Evropa chempionatida g‘alaba qozongan mutaxassislar mavjud. Ular orasida Tomas Tuxelni alohida e’tirof etish darkor. Nemis jamoani mavsum o‘rtasida qabul qilib olishiga qaramay, fantastik natija ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi.
Shu o‘rinda, Pep Gvardiolaga ham qoyil qolmaslikning imkoni yo‘q. Uning "Siti"si APLda hech kimga, hech qanday imkoniyat qoldirmay oltin medallarga ega chiqdi. Pep o‘z uslubi va imzosiga ega murabbiy. Umuman olganda, unda ham Evropaning eng kuchli mutaxassisi bo‘lish uchun imkoniyatlar yaxshi.
3-variant sifatida Roberto Manchini ham bor. Faoliyati davomida ko‘plab tanqidlarga dosh bergan mutaxassis Italiya bilan tarixda qoladigan natijaga erishdi. Bu borada, qaysi variant g‘alabaga haqli, deb topilishi ko‘pchilikning e’tiborini tortishi turgan gap.
Kuchli uchlikdan chetga qolgan mutaxassislar orasida Unai Emeri, Antonio Konte, Garet Sautgeyt, Kristof Galte kabilarni uchratishimiz mumkin. Ole-Gunnar Sulsher esa, kuchli 10likni yakunlab bermoqda.
Eng zo‘ri kim?
Yilning eng yaxshi futbolchisi nominatsiyasi uchun bahs ancha chigal. "Chelsi"ga EChLda zafar quchishda katta ko‘mak bergan N'Golo Kante Evropa birinchiligida umuman ko‘zga tashlangani yo‘q. Ancha yillardan beri yuqori darajada to‘p surayotgan Kevin de Bryuynega sovrinni berish adolatdan bo‘lishi mumkin. Pleymeykerlik qobiliyati bilan boshqalardan ajralib turuvchi belgiyalik uchun qit’a birinchiligi Kante singari omadsiz kechdi.
Jorjino uchun esa, hammasi omadli yakunlandi. U termada ham, klubda ham muvaffaqiyat qozondi. Vaholanki, uni boshqalardan ajralib turdi, deb bo‘lmaydi. Soddaroq qilib aytsak, 3 da’vogar ham g‘oliblik uchun teng huquqli.
Qizig‘i shundaki, 11 yillik tarixda biror marotaba kuchli uchlik hujumchilarsiz tuzilmagan edi. Bundan ko‘rinib turibdiki, gollarni qalashtirib tashlaydigan forvardlar hozir trendda emas. Ichki chempionatlarda gollarni qalashtirib tashlagan Keyn va Lukakuga kuchli 10 talikda ham joy topilmagani so‘zimizga isbot bo‘ladi.
Boshqa nominatsiyalar
Endi yilning eng yaxshilari aniqlanadigan boshqa nominatsiyalarni ham eslab otamiz. Eng yaxshi darvozabon unvoniga Tibo Kurtua, Ederson va Eduar Mendi kurash olib bordi. Eng kuchli himoyachi sovrini uchun Ruben Diash, Sesar Aspilikueta, Antonio Ryudiger asosiy da’vogar. Eng yaxshi hujumchi uchun da’vogarlar orasida Erling Xoland, Robert Levandovski va Kilian Mbappeni uchratishimiz mumkin.
Shuningdek, Evropa Ligasining eng yaxshi futbolchisi kim ekanligini ham oshkor qiladi. Kuchli uchlikda Edinson Kavani, Brunu Fernandesh va Jerar Moreno mavjud. G‘olib va sovrindorlarni aniqlash marosimi 26 avgust sanasida, Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadi.
Ya . U
Fikrlar