
Tuxel qaysi futbolchilardan ko‘ngli qoniqmaganini aytdi
Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxel Albaniya ustidan qozonilgan 2:0 hisobidagi g‘alabadan so‘ng, qanot hujumchilari Markus Reshford va Fil Fodenning o‘yinidan qoniqmaganini bildirdi.
"Biz ushbu pozitsiyadagi futbolchilardan kattaroq ta’sir kutamiz. Ko‘proq dribling, jarima maydoniga ko‘proq agressiv yugurishlarni ko‘rishni istaymiz. Bular etishmadi. Ular o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda hal qiluvchi rol o‘ynay olmadi. Maydonga tushgan ikkala qanot hujumchimiz ham klub futbolida bo‘lgani kabi samarali o‘yin namoyish qila olishmadi.
Bizga to‘psiz harakat etishmadi. Juda ko‘p pas, kam dribling va darvoza tomon kam agressiv yondashuv bo‘ldi. Ular mashg‘ulotlarda juda ishtiyoq bilan harakat qilishdi, shuning uchun asosiy tarkibda maydonga tushishdi. Biz ularni rag‘batlantirishda davom etamiz," – dedi Tuxel jurnalistlarga.
Angliya terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati saralash bosqichidagi navbatdagi uchrashuvini 24 mart kuni o‘z maydonida Latviya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Fikrlar