
Tuxel armonda, Gvardiola va Klopp xursand!
Manchester Evening News nashri Angliya premer-ligasida peshqadamlik qilayotgan “Manchester Siti” va “Liverpul” qishki transferlardan mamnun, “Chelsi” bosh murabbiyi Tomas Tuxel esa armonda qolgani haqida yozdi.
Bir oy ochiq turgan transferlar oynasida Xosep Gvardiola o‘z jamoasini hujumchi bilan kuchaytirishga erishdi. “Shaharliklar” Argentina chempionatining eng zo‘r to‘purari Xulian Alvaresni qo‘lga kiritdi. 22 yoshli futbolchi joriy mavsumda 20 ta uchrashuvda o‘z hisobiga 18 ta gol va oltita assist rasmiylashtirgandi. Uning transferi manchesterliklarga 18,5 million evroga tushdi.
“Liverpul” esa Portugaliya chempionatidan hujumkor o‘yinchi Luis Diasni transfer qildi. Yurgen Klopp “Portu”da 18 ta o‘yinda 14 ta gol urib, to‘rtta golli pas uzatgan iste’dodli o‘yinchi transferini iliq qarshi oldi.
Hujum va himoya chizig‘ida etarlicha muammolarga duch kelayotgan “Chelsi” bir necha mashhur ijrochilarni ko‘zlagan bo‘lsa-da, ko‘zga ko‘rinadigan birorta transferga qo‘l urgani yo‘q. Tomas Tuxel yozgacha qo‘l ostidagi o‘yinchilardan foydalanishga majbur.
Fikrlar