
"Turon"ni tark etgan futbolchi: "Jamoadan ketishim kutilmaganda bo‘ldi, avval hammasini gaplashib olgandik, lekin..."
Yaypanning “Turon” klubidagi vaziyatdan xabardor bo‘lsangiz kerak. Klub birinchi davrani g‘alabasiz yakunladi. Shuningdek, davra yakunlanayotgan mahalda klubda moliyaviy muammolar borligi haqida gap-so‘zlar tarqalgandi. Lekin jamoa ikkinchi davrani davom ettirib qo‘yadigan bo‘ldi.
Tarkibda esa ancha o‘zgarishlar yuz berdi. Ayniqsa, bir talay klub etakchilari “Turon”ni tark etishdi va o‘rniga asosan yosh futbolchilar jalb qilindi. Jamoa bilan xayrlashgan o‘yinchilar orasida iqtidorli himoyachi Xushnud Avilov ham bor. U “Turon”dagi bir necha yillik faoliyatidan so‘ng ketishga qaror qildi.
- Xushnud, “Turon”dan ketishingiz kutilmaganda yuz berdimi?
- “Turon” jamoasini tark etishim kutilmaganda bo‘ldi. Undan avval hammasini gaplashib olgandik. Lekin keyin nimadir bo‘ldiyu, klubdan ketdim.
- Bunga rahbarlarning klubni moliyalashtirishni to‘xtatishi haqidagi gap so‘zlari ham sabab bo‘ldimi?
- Hamma gap shunda bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.
- “Turon”da qolish imkoniyatingiz yo‘qmidi?
- Bor edi. Boya aytganimdek, o‘zi barcha narsani gaplashib olgandik. Biroq nimadir sabab bo‘lib kelisha olmadik.
- Endi rejangiz qanday? Takliflar bormi?
- Takliflar bor. Hozircha gaplashyapmiz. Ko‘ramiz, tez orada aniq bo‘ladi.
- Legionerga aylanish imkoniyatingiz ham bormi?
- Yo‘q, hozircha legioner bo‘lishim qiyinroq.
- “Turon”dagi o‘tkazgan faoliyatingizda eng eslashga arzigulik holat sifatida nimani ayta olasiz?
- Esda qolgan kunlar sifatida Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan kunimiz bo‘lsa kerak. O‘sha kun esda qoladigan kun bo‘lgandi.
- Lekin “Turon”ni Superligada ishlari yurishmayapti, o‘tgan safar ham, bu safar ham. Sizningcha, nega bunday bo‘lyapti?
- Oldin aytganimdek, jamoada ko‘p murabbiylar almashdi. Shu sababli ko‘p mag‘lubiyat bo‘ldi, deb o‘ylayman.
- “Turon”dan ko‘pchilik ketdi va tarkib asosan yoshartirildi. Hali chempionatda yutgani yo‘q. Superligadagi imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Aniq bir narsa ayta olmayman. Lekin nima bo‘lsa ham ikkinchi davrani yaxshi tugatib qo‘yishsin.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar