
Tur afishasi, mavsumning syurpriz jamoasi va etakchilarga bosh og‘rig‘i bo‘layotgan "Andijon" yoxud tur oldidan Murzoev nimalarni aytdi?
10-13 avgust kunlarida Superliganing 16-tur bellashuvlari o‘tkaziladi. Shubhasiz, bo‘lajak qarama-qarshiliklarda siz bilan biz intiqlik bilan kutayotgan jiddiy bahslar bor.
Ayniqsa, Namanganda “Navbahor” “Paxtakor”ni qabul qiladi. Tur aynan ushbu markaziy bellashuv bilan boshladi. O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi rahbari Kamoliddin Murzoev 16-tur oldidan jamoalarning imkoniyatlari borasida fikr bildirib o‘tdi.
10 avgust
“Navbahor” – “Paxtakor”
- So‘zsiz tur afishasi “Navbahor” va “Paxtakor” o‘rtasidagi uchrashuv. Qolaversa, namanganlik muxlislarni stadionni qanday “yondirishini” bilamiz. Shu nuqtai nazardan bu uchrashuv yil o‘yini darajasiga chiqadigan bellashuv bo‘ladi, deb o‘ylayman. Ikkala azaliy raqiblar o‘yini. Chempionlik poygasi uchun asosiy raqobatchilar. Imkoniyatlarini 50x50 baholardim. Faqat “Navbahor”da o‘z muxlislari qarshisida o‘ynashi nuqtai nazaridan ozgina ustunlik bo‘lishi mumkin.
“Nasaf” – “Buxoro”
- “Buxoro” o‘tgan turda vanihoyat g‘alabaga erishdi. “Nasaf” esa tobora chempionlik poygasida ortda qolmoqda. Shunday bo‘lsa-da, “Nasaf” istalgan o‘zbek klublariga qarshilik ko‘rsata oladi. Agar o‘z o‘yinini namoyish qilsa “Buxoro” jamoasiga juda qiyin bo‘ladi. Baribir bu erda ko‘plab faktorlar “Nasaf” foydasiga. Lekin ikkala jamoa ham 90 daqiqa davomida bor kuchini sarflab natijaga erishish uchun kurashishadi.
11 avgust
OKMK – “Olimpik”
- Ikkala jamoa shunisi bilan ajralib turadilarki, o‘z o‘yinlarini ko‘rsata oladilar va raqibga ham o‘ynashga imkon beradi. “Olimpik”ni so‘nggi bor “So‘g‘diyona”ga qarshi uchrashuvini eslasak bo‘ladi. Menimcha, bo‘lajak o‘yinda ham gollar shousiga guvoh bo‘lsak kerak. OKMK ham asta-sekin ligada o‘z o‘rnini topish bilan birgalikda OChL o‘yinlari uchun tayyorgarlikni boshlab yuborgan bo‘lsa ajab emas.
“Neftchi” – “So‘g‘diyona”
- Yana bir yaxshi qarama-qarshilik. Farg‘onaliklar hozirda o‘z o‘rniga tushib olgan. Chempionlik ham o‘z qo‘llarida ekanini aniqlab olishdi. Uzoq muddatdan beri mag‘lubiyatga uchrashmayapti. Shunday bo‘lsa-da, Ivan Boshkovich shogirdlari ham hech kim oldida bo‘yin egmasliklarini isbotlash uchun maydonga tushishadi. O‘zining rakursidagi qiziqarli uchrashuv bo‘ladi. So‘nggi turlardagi natijalardan kelib chiqqan holda biror jamoani favorit deb ajratib bo‘lmaydi. Muhimi, murosasiz o‘yin bo‘ladi.
12 avgust
“Surxon” – “Turon”
- Mavsumning syurpriz jamoasi – “Surxon”. Yana bir turdan-turga syurpriz ko‘rsatayotgan klubga qarshi ajoyib o‘yin bo‘lib o‘tadi. Superligamizdagi klublarning darajalari va ko‘rsatayotgan o‘yinlari ijobiy tomonga o‘zgargan. Har bir uchrashuvda biror-bir klubni yaqqol favorit deb aytib bo‘lmaydi. Qaysidir jamoani 100 foiz g‘alaba qozonishiga ishonch ham qolmagan. Chunki oldindan nima bo‘lishini aytib bo‘lmayapti. Turnir jadvalining yuqori va pastki qismida shiddatli jang ketmoqda. O‘z oldiga yuqori vazifalarni qo‘yishmagan bo‘lsa-da, o‘z o‘yinlarida yaxshi natijalar ko‘rsatishga intilatyogan ikki klub bir-biriga qarshilik ko‘rsatadi.
“Bunyodkor” – “Andijon”
- So‘zsiz “Andijon”ning ko‘rsatayotgan o‘yinlari va ayniqsa kuchli klublarga qarshi ajoyib kechmoqda. Yangi murabbiy kelgach, o‘z o‘yinini qidirayotgan “Bunyodkor”ga qarshi bahsda menimcha jamoalarning kuchlari teng. Himoyaviy o‘yinni ko‘rsatadigan “Andijon” “Bunyodkor”ga ancha bosh-og‘rig‘i bo‘la oladi.
13 avgust
“Qizilqum” – “Metallurg”
- “Konchilar”ga qarshi har doim to‘qnash kelinganida jamoalarning o‘zaro o‘yinlari, murosasizligi hamda o‘ziga yarasha qarashlari mavjud. O‘z o‘rnida ikki jamoani ham jadvalda quyi pog‘onalarda borayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, maydonda 6 ochkolik jang bo‘ladi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar