
Toshkentda Parij Olimpiadasiga litsenziya beruvchi Osiyo chempionati start oldi
Bugun Toshkentda sport gimnastikasi bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasida Osiyo chempionati boshlandi. Qit’amizning 23 mamlakatidan 150 nafarga yaqin atlet qatnashayotgan turnirda kattalar o‘rtasida yakkalik yo‘nalishining ko‘pkurash dasturida Parij-2024 yo‘llanmasi o‘ynaladi.
Reglamentga ko‘ra, mazkur dasturda faqat g‘olib bo‘lgan sportchigina Olimpiada litsenziyasiga ega chiqadi. Musobaqa doirasida 16-19-may kunlari erkaklar, 24-26-may kunlari ayollar toifasidagi bahslar o‘tkaziladi. Bugun erkaklar o‘rtasida yakkalik va jamoaviy dasturdagi ko‘pkurash bahslarida medallar o‘ynaladi.
Ma’lumot uchun, hozirgi paytga qadar O‘zbekiston hisobida sport gimnastikasi bo‘yicha Parij-2024 Olimpiadasi uchun 2 ta yo‘llanma mavjud. Ushbu yo‘llanmalar Habibullo Ergashev va Rasuljon Abdurahimovga tegishli.
Fikrlar