
Toshkent viloyati hokimi Olimpiadaga yo‘llanma olgan 3 ta sportchiga "Jentra" sovg‘a qildi
Kelgusi yil Yaponiyaning Tokio shahri mezbonlik qiladigan Olimpiya o‘yinlariga Toshkent viloyatidan ikki nafar bokschi yo‘llanmani qo‘lga kiritgan. Ular - Elnur Abduraimov hamda Tursunoy Rahimova.
Bugun Toshkent viloyati hokimligida ushbu sportchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat hokimi, senator Rustam Xolmatov ishtirok etib, xalqaro maydonlarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan sportchilar, ularning ota-onalari hamda ustozlariga minnatdorlik bildirdi.
Shundan so‘ng, "Tokio-2020" litsenziantlariga “Gentra” rusumli avtomobil kalitlari topshirildi. Faqat, Elnur Abduraimov ayni vaqtda AQShda bo‘lib turgani va professional boksda navbatdagi jangiga tayyorgarlik ko‘rayotganligi bois, uning nomidan sovg‘ani otasi Nurgali Abduraimov qabul qilib oldi.
Tadbir davomida Tokio Olimpiadasiga litsenziya qo‘lga kiritgan yana bir sportchimiz - og‘ir atletikachi Akbar Jo‘raev ham avtomobil bilan taqdirlandi.
Shuningdek, tadbirda boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi To‘lqin Qilichev, boks murabbiyi, Olmaliq shahar BO‘SM direktori Ozod Hasanov hamda trener Azamat Turopov ham hokim sovg‘asi – noutbuk bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati
Fikrlar