To‘lqin Qilichevni Qudratullo Abduqahhorov jangi borasida nima havotirga solgandi?

  • 19 oktabr, 2019, 16:23
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
BEPUL PROPAN

Xabaringiz bor, bugun professional boksda mag‘lubiyatsiz odimlayotgan hamyurtimiz, Qudratullo Abduqahhorov navbatdagi jangini o‘tkazdi. U okean orti vakili Luis Kollazoga qarshi reyting jangida ringga ko‘tarilib, uni mag‘lubiyatga uchratdi va faoliyatidagi 17-g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Biz mazkur jang borasida o‘z vaqtida ushbu bokschimizga ustozlik qilgan, O‘zbekiston boks terma jamoasi katta  murabbiyi To‘lqin Qilichevga bir nechta savollar bilan murojaat qildik.

- O‘z vaqtida Qudratullo ham qo‘l ostingizda boks sir-asrorlarini o‘rgangan. Shu nuqtai nazardan uning barcha janglarini kuzatib borgan bo‘lishingiz tabiiy. Aytingchi, mazkur jang uning faoliyatidagi eng og‘iri bo‘ldi deb ayta olasizmi?

- Aslida, har bir jang bokschi uchun og‘ir bo‘lishi tayin. Jang oralig‘idagi masofa uzoq bo‘lib ketgandi. Bu borada Qudratullo va murabbiyiga biroz tanbeh ham bergandim. Aynan shu jihat meni biroz havotirga solgandi. Shukrki, barchasi yaxshilik bilan tugadi.

-Luis Kollazoning saviyasi borasida nima deya olasiz, siz kutganmidingiz uning bu darajada qarshilik qila olishini?

- Kollazo og‘ir raqib bo‘lishini barcha mutaxassislar bilardi. Jumladan, men ham shunday deb o‘ylagandim. Bu tahminlarni u jiddiy qarshiligi bilan ham isbotladi. Chunki amerikalik bokschi juda tajribali edi. Uning professional ringda 39 ta jang o‘tkazganligi ham bunga yaqqol misoldir. Bu miqdorda jang o‘tkazish bokschini mahoratini sayqallashtirib boradi. Yana shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, professional boksda maktab muhim rol o‘ynaydi deb ayta olmayman. Odatda, g‘alaba qozonish uchun turli xil mug‘ombirliklardan toymaydigan ya’ni, ataylab jarohat etkazadigan toifadagi bokschilar bor. Bu ham o‘ziga hos uslub desak bo‘ladi. Luis Kollazoni ham shu turdagilardan desam yanglishmagan bo‘laman. Bir so‘z bilan aytganda juda noqulay raqib edi.

- Jangning 10 raund davom etganligi Qudratullo uchun qanchalik foyda bo‘ldi?

- To‘liq davom etgan raundlar juda foydali bo‘ldi. Buyog‘iga oddiy, birinchi-ikkinchi raundda nokaut bilan yutadigan raqiblar to‘g‘ri keladi deb ayta olmayman. Oldinda juda jiddiy janglar kutib turibdi. Shuning uchun, 10 raund ishlab, o‘zini har tomonlama holatini tekshirib olishga, murabbiylar ko‘proq ishlash kerak bo‘lgan kamchiliklarini bilib olishida muhim bo‘ldi deb ayta olaman. Xullas, ushbu omil keyingi janglarida asqotadi.

- Ayni holatda Errol Spens bilan jang o‘tkazish kerak deb hisoblaysizmi?

- Ayni holatda, xohlamasdim bu jangni. Chunki Spensning sog‘lig‘i qanday ekanligidan xabarim yo‘q. Chunki, yaqinda avtohalokatga uchradi. Hozirda holati yaxshi ekanligini aytishmoqda. Demoqchimanki, qachon tayyor bo‘lsa, yaxshi formada ekanligida unga qarshi ringga ko‘tarilib, g‘alaba qozonsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Unga qadar bizning Qudratullo ham nasib qilsa, yaxshi jismoniy holatga ega bo‘ladi.

- Umuman olganda, jangga qo‘yilgan taktika qanchalik to‘g‘ri bo‘ldi?

- Barchasi reja ostida kechdi. To‘g‘ri, orada biroz boshqa uslubda ham harakat qilishga to‘g‘ri keldi. Lekin, umumiy olib qaraganda taktik jihatidan yaxshi jang qildi. Aslida, Qudratulloning jang olib borish uslubi ham shunday. Ya’ni ringdagi mexnatkashligi, o‘z o‘rnida qiladigan bosimi orqali raqiblariga qiyinchilik tug‘diradi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!