Husanov xotirjam bo‘l, o‘rningga keladigan o‘yinchining yo‘li yopildi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov klublar miqyosida “Manchester Siti” sharafini himoya qilayotgani bois, sports.uz portali ushbu klubga oid yangilik, xabar va ma’lumotlarni o‘quvchilar e’tiboriga havola qiladi.
“Manchester Siti” 20 yanvarda jamoaga “Lans”dan Abduqodir Husanovni olib kelish bilan avlodlar almashinuvi jarayoniga start bergan edi. Hozirga qadar, ikkita transfer oynasi davrida yangilanishi talab etilgan deyarli barcha nuqtalarga yangi ijrochilar keldi.
Eng katta muammo esa, o‘ng qanot himoyasi bo‘lib qoldi. Bu pozitsiyani egallashi kutilgan Riko Lyuis va Mateush nunesh himoyalanish masalasida Kayl Uokerning o‘rnini bosa olmadi. Joriy mavsum boshida bu kamchilik jamoaning ikki marta mag‘lubiyatga uchrashiga olib keldi. Oqibatda, Xosep Gvardiola asli markaziy himoyachi bo‘lgan Abduqodir Husanovni o‘ng qanotga qo‘ydi.
21 yoshli legionerimiz jarohat olgunicha, o‘ta murakkab uchrashuvlarda ham jamoaning eng nozik nuqtasini muvaffaqiyatli yopib keldi. Husanov jarohatdan foriq paytda o‘ng qanot himoyasida o‘ynash uchun birinchi raqamli nomzod hisoblanadi. Uning himoyalanish qobiliyati Lyuis va Nuneshnikida ancha kuchli.
“Shaharliklar” o‘ng qanot himoyachisiga yangi o‘yinchi masalasini ortga surmoqda. Bu ko‘p jihatdan Abduqodir Husanov safga qaytganidan keyin qay darajada o‘ynashiga bog‘liq masala hisoblanadi.
Xosep Gvardiola nishonida “Nyukasl” o‘ng qanot himoyachisi Tino Livramento turibdi.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, manchesterliklarga bu o‘yinchini olish oson bo‘lmaydi. “Nyukasl” yaqinda sport direktorligiga Ross Uilsonni tayinladi. Yangi rahbar oldida turgan eng dolzarb masala – jamoaning ikki etakchisi Sven Botman va Tino Livramento bilan yangi shartnoma tuzish hisoblanadi.
Botmaning amaldagi bitimi 2027 yilning yozigacha davom etishi belgilangan. Livramento esa, 2028 yilning yozigacha “qarg‘alar” jamoasida to‘p tepishi belgilangan. Agar Ross Uolsin bu o‘yinchilarni yangi kelishuvga ko‘ndira olsa, o‘z-o‘zidan ularning boshqa jamoaga o‘tish yo‘llari yopiladi. Amalda “Manchester Siti” ham o‘zi kutayotgan angliyalik himoyachini qo‘lga kirita olmaydi.
Gvardiola “Barsa” etakchisini oladigan bo‘ldi
“Manchester Siti”da avlodlar almashinuvi amalga oshirayotgan bosh murabbiy Xosep Gvardiola tarkibni muntazam kuchaytirib borish uchun yangi ijrochilarni qidirishni to‘xtatgani yo‘q.
“Shaharliklar” yozgi transferlar davrida “Barselona”ning etakchi himoyachilaridan Alexandro Baldeni jamoaga qo‘shib olishni rejalashtirgan.
E-Notícies nashrining ta’kidlashicha, 22 yoshli ispan futbolchisiga Xosep Gvardiolaning shaxsan o‘zi jiddiy qiziqish bildirmoqda va uni olish bo‘yicha kataloniyaliklar sport direktori Deku bilan suhbat ham o‘tkazdi.
2023 yili “shaharliklar” Kataloniya klubining moliyaviy ahvolidan foydalanib, Baldeni transfer qilishga urinib ko‘rgan edi. O‘shanda “Barselona” o‘z futbolchisini Angliyaga jo‘natmagan edi.
Transferlar bo‘yicha ekspertlarning ta’kidlashicha, ayni paytda kataloniyaliklar molyaiviy ahvolini barqarorlashtirib olgan va jamoada asosiy figuralardan hisoblangan Alexandro Baldeni qo‘yib yuborish ehtimoli juda past.
21 yoshli chap qanot himoyachining “Barselona” bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yozigacha davom etishi belgilangan. Balde Transfermarkt portali tomonidan 60 million evroga baholanmoqda.
Gvardiola zo‘r futbolchini to‘rt grand bilan talashmoqda
Italiya chempionatida “Yuventus” tarkibida porlayotgan turkiyalik Kenan Yildiz oldindagi transfer oynalari davomida barchaning diqqat-markazida bo‘ladigan ko‘rinadi.
20 yoshli hujumkor futbolchini hozirning o‘zida kamida beshta grand klub o‘z safiga qo‘shib olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Taniqli insayder ekrem Konurning ma’lum qilishicha, Kenanning atrofidagi vaziyatni Angliya Premer-ligasining to‘rt badavlat klubi – “Manchester Siti”, “Manchester Yunayted”, “Chelsi” va “Arsenal”, Ispaniyadan “Real” sinchkovlik bilan kuzatib kelmoqda.
Turin superklubi rahbariyati esa, o‘yinchini maoshini oshirish orqali yangi shartnomaga ko‘ndirishga harakat qilyapti.
Kenan aslida Germaniyada tug‘ilgan va “Bavariya” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Iqtidorli futbolchi 2022 yili Italiyaga ko‘chib o‘tib, erkin agent maqomida “Yuventus” yoshlar jamoasiga qo‘shilgan.
“Yuventus” Kenan Yildizni 2023 yilning yozida asosiy tarkibga qabul qildi. Universal hujumchi hisoblangan turk futbolchisining bugungi kundagi transfer narxi 75 million evroga etdi. Uning amaldagi shartnomasi 2029 yilning yozigacha tuzilgan.



Fikrlar