
Timur Kapadze: "Uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. Afsuski..."
O‘zbekiston Superligasi 26-turidan o‘rin olgan "Metallurg" - "Olimpik" bahsi bo‘lib o‘tdi. Unda bekobodliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvdan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida "olimpiyachilar" bosh murabbiyi Timur Kapadze o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Assalomu alaykum. Birinchi navbatda, "Metallurg" jamoasini g‘alaba bilan tabriklaymiz! O‘yin yaxshi bo‘ldi, turnir jadvalidagi o‘rnidan kelib chiqsak, ikki klubga ham bu bahs katta ahamiyat kasb etmasdi. Shunga qaramay, ikki tomon ham g‘alaba uchun maydonga chiqdi.
Uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. Afsuski, nimadir o‘xshagan bo‘lsa, nimadir o‘xshamadi. Umuman olganda, yigitlar yaxshi harakat qildi.
"Metallurg" ham yaxshi himoyalandi. Tezkor goldan so‘ng raqib qarshi hujumda o‘ynashni boshladi va bizga qiyinchiliklar tug‘dira oldi. Birinchi taymda ularning pressingi ham bizga muammo bo‘ldi. Futbolchilarim yaxshi kurashishdi, mag‘lubiyatdan chiqib ketishimiz ham mumkin edi.
Shogirdlarim avvalgiga qaraganda ancha o‘sishga muvaffaq bo‘ldi. Ular tajriba to‘play oldi, deb o‘ylayman. Shunga qaramay, tarkibda ayrim yigitlar uchun bu mavsum birinchisi ekani ham fakt. Ularning xatolari ustida ishlashimiz lozim. Ayniqsa, himoyachilar borasida. Chunki ularning qo‘pol xatosi sabab jamoa gol o‘tkazib yuboradi. Lekin har bir futbolchi xatolar qilib rivojlanib boradi", - dedi mutaxassis.
Fikrlar