
Tezkor: Shomurodovdan voz kechganimiz yo‘q!
Eldor Shomurodov atrofidagi vaziyat qizg‘in tus olmoqda. Joze Mourino etarli darajada o‘yin amaliyoti bermayotgan legionerimiz boshqa klublarning orzusiga aylangan.
A Seriya debyutanti “Kremoneze” anchadan beri o‘zbek hujumchisini o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilmoqda. Kremoneliklar qishki transferlar mavsumi ochilmasidan “Roma”ga Eldorni so‘rab murojaat qilgan edi.
Italiya matbuoti O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori A Seriya musobaqa jadvalining xavfli hududida joylashgan jamoa chorlovini qabul qilmaganini yozgan.
Futbolga ixtisoslashgan calciomercato.it sayti jurnalistlari “Kremoneze” ijrochi direktori Aredo Brayda bilan suhbatda klubning Eldor Shomurodovga qiziqayotgani haqidagi xabarlarga izoh berishni so‘radi.
Ta’kidlash joizki, Aredo Brayda futbol sohasida katta tajribaga ega mutaxassislardan hisoblanadi. U faoliyati davomida “Montsa”, “Udineze”, “Sampdoriya”, “Milan”, “Barselona” klublarida skaut, sport direktori va ijrochi direktor lavozimlarida ishlagan.
76 yoshli mutaxassis ikki yildan oshiqroq vaqt mobaynida “Kremoneze”ni rivojlantirish borasida ish olib bormoqda.
Brayda klubning o‘zbekistonlik hujumchini olishni istayotganini tasdiqladi va vaziyatni quyidagicha izohladi.
Haqiqatan biz Shomurodov transferi bo‘yicha “Roma”ga taklif bilan murojaat qildik. Lekin ba’zan o‘yinchilar real voqealikka etarli darajada e’tibor qaratmaydi.
“Kremoneze” kichik klub, lekin uning ajoyib xo‘jayinlari va fantastik prezidenti bor. Futbolchilar biz o‘zimiz uchun muhim narsalarga egaligimizni tushunib etishlari kerak. Albatta, musobaqa jadvalidagi o‘rnimiz maqsadlarimizga mos emas. Lekin biz yuqori divizionga loyiq klub ekanimizni isbotlashga harakat qilyapmiz.
Vaqti kelib futbolchilar ham bir taklif qilganimizda “Kremoneze”ning ikkinchi darajali klub emas, chorlovimiz jiddiy ekanini tushinib etadi, - dedi Aredo Brayda.
Yuqori divizion debyutanti bo‘lgan “Kremoneze” A Seriyaning joriy mavsumdagi dastlabki 15 ta uchrashuvida hali biror marotaba g‘alaba qozonmagan yagona jamoa hisoblanadi. Massimiliano Alvini shogirdlari chempionatning birinchi yarmida jami ettita bellashuvda durang qayd etgan holda musobaqa jadvalida 18-pog‘onada o‘rnashib turibdi.
Bundan tashqari, “Kremoneze” hujum chizig‘i eng kuchsiz bo‘lgan ikki jamoadan biri. Kremonelik futbolchilar 15 ta o‘yinda atigi 11 ta to‘p kiritgan. Asosiy to‘purar David Okereke hisobida uchta gol bor.
Klub rahbariyati jamoaning oldingi chizig‘ida o‘ynayotgan olti nafar futbolchining o‘yinidan qoniqmayapti va asosiy hujumchi sifatida “Roma”dan Eldor Shomurodovni olib kelmoqchi.
Mavsum boshidan beri A Seriya va Evropa ligasida sakkiz marta maydonga tushib, bitta gol urgan Eldor Shomurodovga “Kremoneze”dan tashqari “Torino”, “Sampdoriya”, “Fiorentina” va “Verona” kabi klublar ham da’vogarlik qilmoqda.
Tezkor: Shomurodovga yangi da’vogar chiqdi!
Yana bir futbolchimiz Evropaning “TOP-5” chempionatlariga bormoqchi!
Shomurodovning transferi barbod bo‘lish arafasida!
Shomurodov Messi boshchiligidagi superto‘purarlar bilan birga!
To‘purar legionerimiz almashtirib bo‘lmas futbolchi ekan!
O‘zbekiston terma jamoasini engishga majbur emasmiz!
Fikrlar