Tezkor: Fayzullaev transferiga narx belgilandi!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va TsSKA klubi hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaev yangi mavsumni Evropaning kuchayib borayotgan chempionatlaridan biri – Turkiya Superligasida boshlashi mumkin.
Bir necha nufuzli manbalarning ma’lum qilishicha, 21 yoshli universal o‘yinchiga “Istanbul Bashakshehir” jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Yangi mavsumda Superligada sovrinli o‘rinlar va Evropaning nufuzli turnirlari yo‘llanmasi uchun kurashishni maqsad qilgan istanbulliklar tarkibni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu klub yaqinda O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodovni “Roma”dan olgan edi.
Endi asosiy e’tibor Fayzullaevga qaratildi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, “Istanbul Bashakshehir” o‘zbek futbolchisi bo‘yicha moskvaliklar bilan faol tarzda muzokara olib bormoqda. Ular legioner uchun “armiyachilar”ga 7,5 million evro badal puli va qo‘shimcha bonuslar va’da qilyapti.
Ahamiyatlisi, turklar ushbu transfer uchun mo‘ljallangan 7,5 million evroni bittada TsSKA hisob-raqamiga o‘tkazib berishga tayyor.
Ayni paytda Rossiya futboli ekspertlari Fayzullaev transferi bo‘yicha o‘z munosabatlarini bildirmoqda. Ayrim mutaxassislar Abbos Rossiya Premer-ligasida qolishi maqsadga muvofiq ekanini ta’kidlamoqda. Biroq ko‘pchilik o‘zbek futbolchisining yangi chempionatga ko‘chib o‘tishini ma’qullayapti.
Xususan, TsSKAning sobiq himoyachisi Ivan Taranov bu masala bo‘yicha quyidagi fikrni bildirdi.
- Eng avval, Abbosbek Fayzullaevning o‘zi nimalarni o‘ylayotganini bilish kerak. Agar u o‘zining o‘zishini boshqa chempionat bilan bog‘layotgan bo‘lsa, TsSKA uni qo‘yib yuborishi to‘g‘ri bo‘ladi.
Biroq Abbos Rossiyada qolish ishtiyoqi va TsSKAga sadoqati kuchli bo‘lsa, bu darajadagi o‘yinchini nima qilib bo‘lsa ham, jamoada olib qolish lozim.
O‘yin sxemalari oddiy narsa. Maydonda futbolchilar o‘ynaydi. Shablonlar bo‘yicha o‘ynab bo‘lmaydi, chunki qarorlarni zudlik bilan qabul qilish kerak. Fayzullaevning TsSKAdagi kelajagini yangi o‘yin sxemasidan kelib chiqib belgilash noto‘g‘ri. Futbolchilar turli sxemalarga moslasha olgani uchun ham professional hisoblanadi, - dedi Ivan Taranov.
Abbosbek Fayzullaevning o‘zi kelajagi haqida biror marotaba bo‘lsa ham aniq fikr aytmagan. Xususan, Rossiya Superkubogi uchun bo‘lgan bahsdan keyin ham legionerimiz kelajagi haqidagi savolga mavhum javob berdi.
- Jahon chempionatiga chiqish – tarixiy voqea. Biroq TsSKA bilan qo‘lga kiritilgan ikki sovrin ham men va oilam uchun muhim. Har bir jarayonning o‘z qiymati bor va shu uchun ham bu ikki muvaffaqiyatni taqqoslamayman.
Super kubok uchun bo‘lgan uchrashuv TsSKAdagi oxirgi o‘yin desa bo‘ladimi? Men bu narsa haqida gapirmoqchi emasman. Chunki nimalar bo‘lishini o‘zim ham bilmayman, - dedi Abbosbek Fayzullaev.
2023 yilning avgustidan beri o‘zbekistonlik legioner “armiyachilar” jamoasida jami 72 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini sakkiz marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga 22 ta golli pas uzatgan.
Transfermarkt portali ekspertlari tomonidan sakkiz million evroga baholanayotgan Abbosbek Fayzullaevning TsSKA bilan tuzgan shartnomasi 2026 yilning yozigacha davom etadi. Tomonlar o‘zaro kelishgan holda hamkorlikni yana bir yilga uzaytirishi mumkin.



Fikrlar