"Terma jamoamizda to‘p surish? Buning ilojisi bo‘lmasa kerak, bu erda o‘zingizni yulduzdek his qilasiz". Xorijdagi legionerimizning faoliyatiga nazar

  • 1 dekabr, 2021, 17:44
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Osiyo mamlakatlarida o‘ynab yurgan legionerlarimizni bilasiz. Ayniqsa, o‘zini ko‘rsatib, muxlislar mehrini qozonayotganlarini alohida e’tirof etsak arziydi. Ammo chetda to‘p surayotgan hamyurtlarimizning barchasi haqida ma’lumotlarga egamisiz?

Tecno

Anchadan beri Indoneziyada faoliyat ko‘rsatib kelayotgan o‘zbekistonlik futbolchi Javlon Guseynovni muxlislar yaxshi bilishadi. U hozirda “Borneo” klubida to‘p suryapti va jamoa sardori ekanligini alohida aytish o‘rinli. Guseynov nafaqat klubida, balki chempionatdagi eng yaxshi himoyachilardan biri sifatida tilga olinyapti. Mahalliy ishqibozlar esa Javlonni juda yaxshi ko‘rishadi. Ya’ni, o‘zbekistonlik o‘yinchining Indoneziyadagi faoliyati qoniqarli darajada.

- Hozirda Indoneziyadagi faoliyatingiz qanday kechyapti? O‘zingizga yoqyaptimi?

- Haligacha “Borneo” klubidaman. U erda to‘p surayotganimga uch yil bo‘lyapti. 2019 yilda bu erga kelganimda bir yillik shartnoma imzolagandim. 2020 yilda ham bitimni uzaytirgandik. Keyin pandemiya sababli chempionat to‘xtatib qo‘yilgandi. Ancha vaqt cho‘zilib turdi. Shunda rahbariyat men bilan yana ikki yillik shartnoma imzoladi. Xudo xohlasa, endi “Borneo” bilan 2023 yilning mart oyigacha bitim tuzganmiz. Rahbariyat ishonch bildirib, ko‘p muddatli shartnoma taklif qilganida men rozi bo‘ldim. Chunki bu klubda hamma narsa meni qoniqtiryapti. Moliyaviy tomonlama va yana boshqa jihatdan ham barcha sharoitlarni yaratib berishmoqda.

guseynov2

Chempionat sentyabr oyida boshlandi. O‘yinlar markazlashgan holda o‘tkazilyapti. Bilsangiz, Indoneziya orollardan tashkil topgan. Chempionat o‘yinlari “Yava” orolida bo‘lib o‘tyapti. Jamoamizga boshida qiyin bo‘ldi. Negaki, 2-turdan keyin bosh murabbiy almashdi. Murabbiy o‘z xohishi bilan ketdi. Uning nimaga ketganini biz ham, rahbariyat ham tushunmay qoldik. Nega deganda, birinchi turda g‘alaba qozongandik. To‘g‘ri, ikkinchi turda mag‘lubiyatga uchradik. Baribir jamoamizning g‘alaba qozonishi va o‘ziga kelishi biroz qiyin bo‘lib qoldi. Shu bilan 3-4 ta o‘yinda ochkolarni yig‘ishimiz qiyin bo‘lib, biroz pastki o‘rinlarda qolib ketdik. Indoneziya chempionatida 18 ta jamoa qatnashadi. Biz 10-o‘rindan pastroqda yurdik. Oxirgi oltita uchrashuvdan uchtasini yutdik, uchtasida yutqazdik. Peshqadamlarga qarshi bahslarda mag‘lub bo‘ldik. Ammo o‘yin tomonlama yutqazmayapmiz. Faqat hisob bo‘yicha yutqazyapmiz.  So‘nggi ikkita bellashuvda 1:0 hisoblarida yutib, 9-o‘ringa chiqib oldik.

- Har bir futbolchining maqsadi bo‘ladi. Ayniqsa, legionerlarni. To‘g‘ri, chetda to‘p surayotgan futbolchilar uchun moliyaviy sharoitning barqarorligi muhim omil. Siz uchun legioner sifatida to‘p surishning asosiy maqsadi nima? Moddiy jihatdan imkoniyatlaringizni yaxshilashmi yoki sovrinlarga ega chiqishmi?

- Boya aytganimdek, moddiy tomonlama qoniqtirgani uchun shu erda o‘ynayapman, uch yildan beri. Bu yil jamoamiz oldiga chempionlik maqsadi qo‘yilgan. Albatta, maqsadga erishish uchun jamoa bilan harakat qilyapmiz. Hali oldinda 23 ta uchrashuv bor.

guseynov3

- Bundan tashqari, sizga takliflar borligi haqida ham eshitgadim. O‘tgan vaqt mobaynida xizmatingizga qanday qiziqishlar bo‘ldi?

- O‘tgan yili takliflar bo‘ldi. 2019 yili mavsum yakunlariga ko‘ra, yilning ramziy terma jamoasiga kirgandim. Aynan shundan so‘ng menga qiziqishlar bo‘ldi. Ayniqsa, Indoneziyaning kuchli, mablag‘i ko‘proq jamoalardan takliflar kelib tushdi. Lekin “Borneo” rahbariyati bilan munosabatim yaxshi bo‘lgani va menga ikki yillik shartnoma taklif qilishgani uchun bu erda qolishga rozi bo‘ldim. Bundan hech ham afsuslanmayman. Hammasi yaxshi. Hozircha esa taklif yo‘q. Barcha agentlar va Indoneziyadagi klublar meni klubim bilan ikki yillik shartnomam borligini biladilar. Shartnoma bo‘yicha boshqa klub bilan gaplashish mumkin emas. Chetda futbolchini transfer qilishdan oldin “transfermarket”dagi ma’lumotlariga qaraladi. Chunki u erda futbolchining shartnoma muddatlari ko‘rsatilgan.

guseynov1

- “Borneo”da jamoa sardorisiz va u erda legioner sifatida o‘zingizi ko‘rsatib kelyapsiz. Terma jamoamiz murabbiylari meni ham kuzatishyapti, bilishadi, deb o‘ylaysizmi? Bosh jamoamizda to‘p surish imkonsizmi?

- Menimcha, buning ilojisi bo‘lmasa kerak. Birinchidan, bundan murabbiyning xabari yo‘q. Ikkinchidan, Indoneziya, Malayziya yoki Sardor Mirzaev o‘ynayotgan Tailand chempionati o‘zimizni saytlarda unchalik yoritilmaydi. Masalan, u erdagi chempionatlarga past nazar bilan qarashadi. Lekin bu erga kelib o‘ynab yurgan futbolchilardan so‘rasangiz, sharoitlar va o‘zimizni chempionat bilan farqini aytadi. Tashqariga chiqib ko‘rmaguncha farqini bilmaysan, deb bejizga aytishmaydi. Bundan tashqari, yoshim ham 30 ga chiqib qoldi. Murabbiy 2026 yilga tayyorlash uchun yoshlarni ko‘zdan kechiryapti.

guseynov4  

- O‘zbekiston chempionatiga qachon qaytmoqchisiz?

- Xudo nasib qilgan bo‘lsa, yana O‘zbekiston chempionatida to‘p suraman albatta. Ammo buni vaqt ko‘rsatadi. Hozircha barcha fikrim “Borneo” bilan bog‘liq. Indoneziyada muxlislik borasida Janubiy-Sharqiy Osiyoda birinchi raqamli bo‘lsa kerak. Pandemiyadan oldin har bir o‘yinga 20-30 atrofida tomoshabinlar to‘planardi. Jakartaning “Persipura” jamoasi o‘yiniga esa 50-60 ming muxlis kiradi. Ishqibozlar tomonidan e’tibor katta. Boshqa shahardagi muxlislar ham bizni taniydi. Chunki bu erda futbol jurnalistlar tomonidan hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali juda ko‘p yoritiladi. Muxlislarning e’tibori juda yuqori. Stadiondagi qaynoq muhitda o‘zingizni yulduzdek his qilasiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!