
Terma jamoa o‘yinchisini o‘g‘rilab ketishdi
Meksikada noma’lum shaxslar Urugvay terma jamoasi o‘yinchisi Nikolas Fonsekani o‘g‘rilab ketdi. Bu futbolchi Meksika chempionatida “Leon” klubi sharafini himoya qilayotgan edi.
El Pais nashrining ma’lum qilishicha, Fonsekani “Leon” mashg‘ulotiga ketayotgan paytda o‘g‘rilashgan. Bir guruh qurollangan shaxslar yo‘lda futbolchining mashinasi egallab olgan.
Bosqinchilar Fonsekani ikki soat ushlab turgandan keyin voqea sodir bo‘lgan joydan 25 kilometr uzoqlikda mashinadan uloqtirib, xilvat joyga tashlab ketgan.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Fonseka o‘zini yaxshi his qilmoqda va Meksika chempionatining navbatdagi uchrashuvlarida ishtirok etishga tayyorligini bildirgan.
Fonseka Italiyaning “Novara” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Faoliyati davomida Urugvayning “River Pleyt” va “Uonderers” jamoalarida ham o‘ynagan. Shuningdek, Argentinaning “River Pleyt” klubida ikki yil to‘p tepganidan keyin 2025 yilning 15 yanvar kuni “Leon” safiga qo‘shilgan edi.
Fikrlar