
Tamila Sarixonova O‘zbekiston tarixida boks bo‘yicha IBA xalqaro texnik rasmiy (ITO) va texnik delegati (TD) bo‘lgan birinchi ayolga aylandi
Xalqaro sport olamida turli xil rasmiy lavozimlar ko‘p, afsuski, ular orasida yurtdoshlarimiz juda kam.
O‘zbek boks maktabi bir necha yillardan buyon jahonda etakchilardan biri bo‘lib kelayotganiga qaramay, yurtimizdan ushbu sport turi bo‘yicha rasmiylar oz. O‘zbekiston vakili Tamila Sarixonova mamlakatimiz boksi tarixida birinchi bo‘lib "supervayzer" unvonini qo‘lga kiritgani esa quvonarli.
Boks bo‘yicha supervayzer yoki rasmiy ravishda - Texnik delegat har qanday darajadagi boks musobaqasini o‘tkazishda asosiy shaxs bo‘lib, sport musobaqasini tashkil etishning mutlaqo barcha masalalari va yakuniy muhim qarorlar qabul qilinishi uchun javobgar hisoblanadi.
Boksda uchta rasmiy daraja mavjud: RJ – hakamlar va referilar, ITO - xalqaro texnik rasmiylar va TD - eng yuqori darajadagi texnik delegat.
Aytish kerakki, Tamila Sarixonova boks olamiga kirib kelganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsada, hamkasblari orasida obro‘ va e’tirofga sazovor bo‘ldi. Shu tariqa u Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA)ning navbatdagi kongressida Milliy federatsiyalar bilan ishlash qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Osiyo boks konfederatsiyasida esa xotin-qizlar komissiyasi a’zosi etib saylandi.
Tamila Sarixonova bugungi kunda IBA’da faoliyat yuritayotgan eng yuqori lavozimdagi o‘zbekistonlik mutaxassis hisoblanadi.
Fikrlar