
"Surxon" bosh murabbiyi: "Mash’al" bilan o‘yinda g‘alabadan boshqa natija ko‘rsatishga haqqimiz yo‘q
Superliganing 4-tur doirasida “Surxon” o‘z maydonida “Mash’al”ni qabul qiladi.
Ushbu uchrashuv termizliklar bosh murabbiyi Bahrom Haydarovning "Surxon"dagi uchinchi o‘yiniga aylanadi. Bungacha u yangi jamoasining ikkita uchrashuvida ishtirok etishga ulgurgandi. Ayni damda esa “Surxon” “Mash’al” bilan bahsga jiddiy ravishda hozirlik ko‘rmoqda. Bu xususida gapirar ekan, bosh murabbiy Sports.uz muxbiriga quyidagilarni aytdi:
- Mashg‘ulotlarimizni boshlaganimizga bir hafta bo‘ldi. Futbolchilarimiz uyda individual shug‘ullanishgani bilindi. Ularga og‘ir yuklamalar berganimizda ham u qadar qiynalishmadi. O‘tgan vaqt davomida asosan jismoniy holatini oshirishga e’tibor qaratdik. To‘g‘ri, bir haftaning ichidayoq hammasiga ulgurib bo‘lmasa-da, ammo 60-70 foizga qoniqish hosil qildik. “Lokomotiv”ga qarshi o‘rtoqlik uchrshuvi ham biz uchun juda foydali bo‘ladi. Lekin rasmiy o‘yingacha faqat bitta bellashuv tashkil qila olamiz xolos. Boisi qolgan klublar bilan rejalarimiz to‘g‘ri kelmadi. “Loko” bilan o‘yindan so‘ng 10 iyunda Termizga ketamiz.
- “Mash’al” haqida gapiradigan bo‘lsam, agar uchta tur bo‘yicha xulosa qilsak, ular pro-ligadan chiqib, autsayderga o‘xshab o‘yin ko‘rsatayotgani yo‘q. “So‘g‘diyona”, “Bunyodkor” va “Qizilqum”ga qarshi ancha mazmunli harakat qilishdi. Ular tartibli jamoa. Aksar futbolchilari o‘z akademiyasidan chiqqan. Bir so‘z bilan aytganda, raqibni o‘rganib chiqyapmiz. O‘z uyimizda o‘ynaymiz va g‘alabadan boshqa natija ko‘rsatishga haqqimiz yo‘q. Shunday ekan, muxlislarimiz oldida faqat muvaffaqiyat qozonib, ularni xursand qilishimiz kerak.
Fikrlar