
"Surxon" ancha qaysar chiqib qoldi, lekin "Neftchi"ga "tishi" o‘tmayapti
Bugun chempionatimizda yana ikkita o‘yin bor. Kuni kecha saytimiz orqali “Nasaf” – “Navbahor” to‘qnashuvi oldidan fikr bildirib o‘tdik. Bu safar “Surxon” – “Neftchi” juftligiga e’tibor qaratamiz.
Bu ham shiddatli o‘tishi kutilayotgan uchrashuvlardan biri. Bu yilgi “Surxon” ancha qaysar jamoa chiqib qoldi. Mavsumga tayyorgarlik ko‘rish asnosida turli qiyinchilik va muammolar ichida qolgan jamoa chempionatda hech nima bo‘lmaganidek bir chiroyli qatnashib kelmoqda. Tarkibda yulduz futbolchilar yo‘q, hisobi. Lekin yangi murabbiylar qisqa vaqt ichida u erda jamoaviy o‘yinni yo‘lga qo‘ya olishgani tahsinga loyiq. To‘g‘ri, termizliklarning bunday natijalarini vaqtinchalik hisoblayotganlar ham bor, bunisini endi vaqt ko‘rsatadi.
“Neftchi” matbuot xizmati uchrashuv oldidan bo‘lajak bahsga atab prevyu taqdim etdi. Unda shunday yoziladi:
“Superliganing 9-turidagi raqibimiz Termizning "Surxon" klubi 1968 yilda tashkil topgan. Milliy chempionatimizda 1992 yilda debyut qilgan jamoa shu yili oxirgi o‘rinni egallab, oliy ligani tark etishga majbur bo‘ldi. Lekin, bir yil o‘tgach, yana kuchlilar safiga kelib qo‘shilgan termizliklar 2004 yilga qadar oliy ligada to‘p surishga muvaffaq bo‘ldi. 2005-2018 yillar oralig‘ida jamoa birinchi liga va pro liga musobaqalarida ishtirok etib, 2019 yilda Superligaga qaytgan "Surxon" jamoasi hozirgi kunda Surxondaryo viloyatining yagona vakili sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
"Surxon" va "Neftchi" jamoalari shu kungacha milliy chempionatimiz doirasida o‘zaro 26 marta to‘qnash kelishgan. Bularning 20 tasida "Neftchi" ustunlik qilgan, 5 ta o‘yinda jamoalar murosa ko‘chasini tanlashgan va faqat bitta bellashuvda "Surxon" jamoasi g‘alaba qozongan. "Neftchi"ning o‘zaro qarama-qarshilikdagi eng yirik g‘alabasi 5:0 ko‘rinishida qayd etilgan. Umumiy to‘plar nisbati 19-68 farg‘onaliklar foydasiga.
Jamoalarning termizliklar maydonida kechgan so‘nggi 5 uchrashuv natijalari quyidagicha:
29.06.2022. "Surxon"-"Neftchi" 1:1
21.08.2004. "Surxon"-"Neftchi" 1:2
05.10.2003. "Surxon"-"Neftchi" 1:3
30.03.2002. "Surxon"-"Neftchi" 0:0
15.05.2001. "Surxon"-"Neftchi" 0:5
Eslatib o‘tamiz, Termiz shahridagi markaziy o‘yingohda ta’mirlash ishlari olib borilayotganligi tufayli" Surxon" klubi uy o‘yinlarini vaqtinchalik Toshkentning "Paxtakor" stadionida o‘tkazib kelyapti”, - deyiladi klub matbuot xizmatining xabarida.
Statistik ma’lumotlarda “Neftchi”ning “Surxon” mezbonligi ostidagi oxirgi beshta o‘yini havola etilgan. Raqamlar aytib turibdiki, Termiz jamoasi shu kungacha faqat bir marta farg‘onaliklar ustidan g‘alaba qozongan. Bunga 24 yil bo‘ldi. 1999 yilning 15 iyun kuni “Surxon” “Neftchi”ni 2:1 hisobida taslim qilgan.
Ha, katta ustunlik “Neftchi” tomonida. Termizliklar uchun raqib juda noqulay. Aksiga olib Vitaliy Levchenko boshqaruvidagi “Neftchi” hali joriy chempionatda mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo‘lib turibdi. Farg‘onaliklar bundan avval Buxoroda mezbonlarga qarshi uchrashuvda hakamning nohaq belgilagan penaltisi orqali g‘alabasidan ayrilib, durang bilan cheklangandi. Uchrashuvdan keyin Levchenko matbuot anjumanida o‘ziga xos munosabat bildirib, “Neftchi”ning yuqori o‘rinlarda bo‘lishi kimlargadir yoqmayotgani haqida gapirgandi. Umid qilamizki, bu safargi uchrashuvda hakamlar “katta sahna”ga chiqib qolmaydilar.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar