Superliganing 18-turida eng yaxshilar orasida kimlar bor?

  • 17 sentabr, 2024, 23:38
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Superliganing yakuniga etgan 18-turida mezbonlar faqat bir marta yutishdi. 3 tadan o‘yinda esa durang va mag‘lubiyatlar kuzatildi. O‘tkazilgan 7 ta uchrashuvida turli natijalar qayd etildi va tabiiyki, har bir uchrashuvning o‘z qahramonlari bo‘ldi.

“Qizilqum” – “So‘g‘diyona” – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Otabek Axadov

18-turni boshlab bergan “Qizilqum” – “So‘g‘diyona” qarama-qarshiligida jizzaxliklar oxirgi daqiqalarda urilgan gol evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qoldilar. Bilasiz, “So‘g‘diyona” ustozi Ivan Boshkovich yoshlar bilan ishlashni yoqtiradi va ularni ajoyib futbolchi sifatida tarbiyalab kelmoqda. Buni “So‘g‘diyona” misolida barchamiz ko‘rib turibmiz. “Qizilqum”ga qarshi uchrashuvda Boshkovichning kashfiyotlaridan biriga aylanishi kutilayotgan Otabek Axadov eng yaxshi futbolchi nomiga sazovor bo‘ldi. Bu esa yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi.

“Paxtakor” – “Neftchi” – 0:0. Eng yaxshi futbolchi: Vladimir Nazarov

Nursiz durang bilan yakunlangan “O‘zbek klassiko”sidan muxlislar ko‘p narsa kutgandilar. Ammo tomonlar gol urmasdan bir ochkodan bo‘lishib oldilar. O‘yin esa u qadar qaynoq ruhda, hujumkorlikda o‘tmadi. Lekin imkoniyatlar bo‘ldi. “Paxtakor” darvozaboni Vladimir Nazarov o‘zining eng yaxshi o‘yinini o‘tkazdi va shu bois ham seyvlari bilan darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.

“Navbahor” – “Nasaf” – 0:1. Eng yaxshi futbolchi: Oybek Bozorov

Tobora chempionlikka yaqinlashib kelayotgan “Nasaf” bu turda yana bir jiddiy to‘qnashuvda uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Namanganda “Navbahor”ga qarshi bahsda “Ajdarlar” kutilganidek yaxshi taassurot qoldirdi. Uning tinib-tinchimas futbolchisi Oybek Bozorov yana eng yaxshi o‘yinchi bo‘ldi. U yagona golga assist vazifasini bajardi. Uni to‘xtatish namanganliklarga qiyinchiliklar tug‘dirdi.

“Dinamo” – “Bunyodkor” – 2:3. Eng yaxshi futbolchi: Andriya Filipovich

“Bunyodkor” Samarqandda “Dinamo”ga qarshi og‘ir o‘tgan o‘yinda 2:3 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Uchrashuvda mehmonlarning xorvatiyalik hujumchisi Andriya Filipovich jamoasiga ikkita goli bilan foyda keltirdi. Shubhasiz, u o‘yinning eng zo‘riga aylandi.

“Andijon” – “Lokomotiv” – 1:2. Eng yaxshi futbolchi: Sanjar Tursunov

“Temiryo‘lchilar” “Bobur arena”da “Burgutlar”ga qarshi bellashuvda xarakter ko‘rsatdi. Avvaliga ikkinchi bo‘lim boshida “Lokomotiv” hisobni ochdi. Keyin mezbonlar bahs o‘rtalarida muvozanatni tikladilar. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarning so‘nggisida mehmonlar ikkinchi golni urib g‘alabani ilib ketdilar. Mehmonlar sardori va etakchisi Sanjar Tursunov o‘z mahoratini ko‘rsatgan holda jamoasining g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. U himoyada ham, hujumda ham birdek faol bo‘ldi.

“Olimpik” – “Metallurg” – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Muhsin Bozorov

“Olimpik” so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Iqtidorli futbolchi Muhsin Bozorov o‘z goli bilan “Metallurg”ning chempionatdagi dastlabki g‘alabasini qo‘lga kiritishiga yo‘l qo‘ymadi. Aynan “Olimpik”ni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan futbolchi maydondagi mehnatlari evaziga gol ham urdi va eng yaxshi futbolchiga ham aylandi.

OKMK – “Surxon” – 1:0. Eng yaxshi futbolchi: Oybek Rustamov

Turning so‘nggi to‘qnashuvida OKMK o‘z maydonida “Surxon”ni qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, mag‘lub etdi. Oybek Rustamovning uchrashuv oxirlarida urgan yagona goli Mirjalol Qosimov jamoasiga uch ochko keltirdi. Bu 17 sentyabr sanasida Qosimov tug‘ilgan kuni uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi. O‘yin qahramoniga aylangan Rustamov esa eng yaxshi futbolchi bo‘ldi. “Surxon” birinchi bo‘limda bir kishi kam bo‘lib jiddiy raqibga jiddiy qarshilik ko‘rsata oldi.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!