
Superliga yo‘llanmasi uchun pro-ligada kurashayotgan 8 ta jamoa haqida nimalarni bilishimiz kerak?
Ko‘pincha asosiy e’tiborimizni Superligaga qaratib, undan keyingi o‘rinda turuvchi ligaga ahamiyatsiz bo‘lib qolamiz. Bunday manzara avvallari ham mavjud bo‘lib kelgan. Albatta, bunga o‘ziga yarasha bir nechta sabablar ham etarli edi. O‘zi shundoq ham Superligamizning saviyasi hali u qadar kuchayib ketmagan bir paytda birinchi liganing holatini gapirmasa ham bo‘lardi.
Oxirgi paytlarda esa PFL tomonidan qandaydir o‘zgarishlarga qo‘l urilmoqda, chempionatlarimiz saviyasini oshirish yo‘lida tartibli ish jarayonlari yo‘lga qo‘yilish arafasida. Bungacha quyi ligadagi saviyani biroz bo‘lsa ham ko‘tarish va tartib-intizomni yaxshilash uchun bir qator variantlar sinab ko‘rildi. Ammo sira bunday o‘zgarishlar o‘zini oqlayvermadi. Qolaversa, u erda maqsadsiz ishtirok etayotgan va kun o‘tsa bo‘ldi, qabilidagi vazifani o‘zlariga singdirib olgan jamoalar ham bor edi.
Xullas, yana bir qancha sabablar tufayli ham Superligadan keyingi o‘rinda turuvchi ligaga nisbatan qiziqishlar susayib ketgandi. PFLga esa barcha vaziyat yaxshi ayon edi va bu yildan boshlab pro-ligada format o‘zgartirildi. Endilikda sakkizta jamoa PFL talablariga javob bergan holda pro-ligadan joy oldi va undan keyingi musobaqa sifatida birinchi liga tashkil etildi.
Pro-ligadagi sakkizta jamoa - “Sho‘rtan”, “Neftchi”, “Istiqlol”, “Turon”, “Zomin”, “Oq-tepa”, “Xorazm” va “Dinamo” klublari ishtirok etmoqda. Aynan ushbu qatnashchilar Superliga yo‘llanmasi uchun kurash olib bormoqda. Tabiiyki, ularning orasida birinchi o‘rin egasi Superligaga yo‘l oladi, ikkinchi o‘rin egasi esa pley-off bosqichida ishtirok etadi.
Umuman olganda, o‘zgarishlar sezilyapti va pro-ligaga doir yana bir eng muhim yangilik sifatida PFLning “Uzreport” telekanali bilan shartnoma imzolaganini aytish mumkin. Unga ko‘ra, endilikda pro-liganing eng muhim bahslari ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatiladi. Bu albatta oldinga tashlangan qadam bo‘ladi. Ammo bunday kelishuvlar shunchaki qog‘ozda qolib ketmasa bo‘lgani.
Joriy yildagi pro-ligada saralangan klublar olib qolinganini inobatga olsak, endi o‘yinlar va kurashlar bir muncha jonliroq va qiziqarliroq kechishiga umid qilsa bo‘ladi. O‘tkinchi o‘yinlardan uzoqlashamiz, degan umiddamiz. E’tiboringizga esa jamoalardagi imkoniyat va bosh murabbiylar haqida so‘z yuritamiz.
“Sho‘rtan” – bosh murabbiy Asror Aliqulov
Jiddiy moliyaviy muammolar qurshovida qolib ketgan klub. Oxirgi yillarda bir qancha to‘siqlarga duch keldi, jamoada ishlagan xorijliklardan bo‘lgan qarzdorliklar natijasida FIFA ham “Sho‘rtan”ni jazoladi. Hozir ham buning asoratlari bor va klub to‘liq muammolardan qutulgani yo‘q. Shunga qaramay, ushbu mavsumda jamoa yangi maqsadlar bilan kurashga qo‘shildi. Bosh murabbiylikka esa barchaga yaxshi tanish bo‘lgan Asror Aliqulov qaytarildi. Uning qaytishiga sababchi bo‘lgan inson – bu Shamil Yarulin. Bir necha yil “Nasaf” klubining rahbari sifatida faoliyat olib borgan mutaxassis endilikda “Sho‘rtan”da ish boshladi va bosh murabbiylikka Aliqulovni jalb qildi. Yaqinda Asror Chorievich Sports.uz saytiga bergan intervyusida Superligaga qaytishga urinib ko‘rishi haqida aytgandi. Ammo ko‘proq yosh o‘yinchilarga ishonch bildirmoqda. “Sho‘rtan” ushbu ligada qatnashayotganida doimo elitaga chiqish uchun da’vogarlar qatorida e’tirof etiladi va bu yil ham xuddi shunday. Qolganini esa vaqt ko‘rsatadi.
“Neftchi” – bosh murabbiy Asad Do‘rmonov
Bu jamoa haqida ko‘p va xo‘p gapirish mumkin. Ammo biz oldingi voqeliklar haqida yana to‘xtalib o‘tmoqchi emasmiz. Shunchaki, bugungi kundagi “Neftchi”ga ko‘z tashlash kifoya. Superligani tark etganidan buyon farg‘onaliklar pro-liganing doimiy ishtirokchisiga aylanib bormoqda. Klubni esa o‘tgan mavsumdan beri Asad Do‘rmonov boshqarib kelyapti. Jamoa rahbarlarning e’tiboridan chetda qolgani uchun ham oldingi mavqeini tiklashi uchun yana qancha vaqt kerak bo‘larkin, bilmadik. Biroq bosh murabbiy “Neftchi” o‘z nomiga yarasha bo‘lishini va Superligaga qaytish asosiy maqsadligi haqida aytib kelmoqda. Ammo bu istakni amalda ro‘yobga chiqarish esa oson jarayon emasligini farg‘onaliklar yaxshi tushunib turishgan bo‘lsa kerak. Oxirgi paytlarda esa tarkibi ancha-muncha yoshartirib yuborildi.
Darvoqe, bungacha futboldagi faoliyatini yakunlagan 37 yoshli Mansur Saidov katta futbolga qaytganini e’tirof etish o‘rinli. U ushbu mavsumda yana “Neftchi” sharafini himoya qilyapti. Demak, klub yana bir bor Saidovning tajribasiga extiyoj sezgan. Lekin Superligaga qaytishni astoydil istayotgan bo‘lsa, tarkibda yanada tajribali o‘yinchilar zarur bo‘lishini ham unutmaslik kerak. Negaki, qolgan raqiblar ham jimgina qarab turishmaydi.
“Turon” – bosh murabbiy Islom Ismoilov
Farg‘ona viloyatidan yana bir jamoa sifatida qatnashayotgan “Turon” haqida OAV orqali ancha-muncha eshitayotgan bo‘lsangiz kerak. Ya’ni, jamoa o‘z oldiga qo‘ygan jiddiy maqsadiga yarasha shart-sharoitlarini ham yanada yaxshilab bormoqda. Klubning moddiy-texnik bazasi, infratuzilmasi borasida oldinga qadam tashlangan. Hammasi esa “Turon”ning Superligaga olib chiqishga qaratilgan. Albatta, yaqinda tashkil etilgan jamoa uchun bu qiyin bo‘lishi aniq. Ammo ular barchasiga bosqichma-bosqich erishishni ko‘zlashmoqda. Tarkibida esa bir qator yaxshi saviyadagi ijrochilar borligini ko‘rish mumkin. Ayniqsa, Superligada to‘p surgan futbolchilar endilikda “Turon” sharafini himoya qilmoqdalar. Bosh murabbiy sifatida esa yosh Islom Ismoilov faoliyat olib bormoqda. Bungacha u birinchi liga jamoalarida murabbiylik ishi bilan shug‘ullangan. Albatta, Ismoilov hali yana tajriba to‘plashi va murabbiylik faoliyatida yanada “pishishi” kerak bo‘ladi. Boz ustiga “Turon” Superligani ko‘zlayotgan bo‘lsa, bu borada bosh murabbiyning ham salohiyati bunga qodir bo‘lishi muhim sanaladi. Balki shuning uchun bo‘lsa kerak, ushbu jamoada maslahatchi murabbiy sifatida Islom Ismoilovning dadasi Murod Ismoilov jalb qilingan. Tabiiyki, u o‘g‘liga jiddiy maqsad yo‘lida ko‘maklashishi turgan gap. Tarkibga qarasangiz, Javohir Sohibov, Akmal Xolmurodov, Davron Isoqov, Akmal Ortiqov, Bahodir Akramov, Doniyor Ismoilov, Dilshod Xushbakov kabi muxlislarga yaxshi tanish futbolchilarni uchratish mumkin. Umuman aytganda, jamoada hammasi joyida, faqat istaklarni maydonda amalga oshirish qoldi xolos.
“Istiqlol” – bosh murabbiy Sergey Lebedev
Farg‘onadan pro-ligada ishtirok etayotgan navbatdagi - uchinchi jamoa sifatida “Istiqlol” ham borligini unutmaslik darkor. “Neftchi” hamda “Turon” singari “Istiqlol” ham o‘z oldiga Superligaga chiqish vazifasini qo‘ygan. Klubni esa anchadan beri Sergey Lebedev boshqarib kelmoqda. Yordamchi murabbiy sifatida esa chempionatlarimizning eng yaxshi to‘purarlaridan biri bo‘lgan Anvar Berdiev ishlamoqda. O‘tgan yili esa “Istiqlol” elita uchun kurash olib borgandi. Bu yil ham ular yana bir bor maqsadi sari urinib ko‘rishmoqchi. Tarkibida esa Mo‘ydin Mamazulumov, Abbos Maxstaliev, Xurshid Xodjaev, Robbim Hasanov, Umid Qodirovga o‘xshagan Superligada faoliyat olib borgan futbolchilar ham bor. Shunisi aniqki, “Istiqlol” Superliga yo‘lidagi kurashda raqobatni kuchaytiradi.
“Oq-tepa” – bosh murabbiy Aleksandr Ejov
“Oq-tepa” ushbu divizionning doimiy vakillaridan biri bo‘lib ishtirok etib kelyapti. Erkin Jabborov, Maksimilian Fomin, Timur Hakimov, Zafar To‘raev, Sunnatilla Mamadaliev kabi o‘yinchilarga ega bo‘lgan “Oq-tepa”ning ham maqsadi jiddiy. Bundan tashqari, tarkibda nigeriyalik legioner hujumchi Ibraxim Tomiva ham to‘p surmoqda. U gol urish qobiliyatini ko‘rsatishni boshlagan. Bu yil esa bosh murabbiy sifatida Aleksandr Ejov klubda ish boshlagan. Bungacha u “Xorazm”da ushbu lavozimda ishlagan. Shuningdek, “Oq-tepa”da klub raisi sobiq futbolchi Alisher Shog‘ulomov ekanligini ham aytish darkor.
“Dinamo” – bosh murabbiy Sergey Lushchan
Kuni kecha “Dinamo”ga Sergey Lushchan bosh murabbiy etib tayinlandi. U 12 kun davomida ushbu klubda bosh murabbiylik qilgan Ravshan Ahmedovning o‘rnini egalladi. Pro-liganing dastlabki ikkita o‘yinida samarqandliklar mag‘lubiyatga uchrashgandi. Natijada rahbariyat bosh murabbiylikka tajribaliroq bo‘lgan mutaxassisni izlashdi va yakunda Lushchanning nomzodida to‘xtashdi. Lekin oxirgi yillarda “Dinamo”ning mavqei biroz pasaygandek. Chunki klub Superliga bilan pro-liga orasida vaqt o‘tkazmoqda. Katta qiyinchilik bilan kuchlilar orasiga chiqadiyu, ammo yana o‘sha mavsumning o‘zidayoq o‘z joyiga qaytmoqda. Mana, bu yil ham samarqandliklar yana Superliga uchun kurashishga bel bog‘lashgan va Lushchanni ham shu maqsadda olib kelishgan. Yangi murabbiy “Dinamo”ni Superligaga olib chiqa oladimi yoki yo‘qmi, buni albatta vaqt ko‘rsatadi.
“Xorazm” – bosh murabbiy G‘ayrat Shixov
“Xorazm” haqida nima deyish mumkin? Jamoada jonbozlik ko‘rsatayotgan shaxs sifatida Maqsud Karimovni aytish mumkin. Ko‘p yillar davomida “Nasaf” sharafini himoya qilgan sobiq futbolchi o‘tgan yili butsalarini mixga ilgandi va shundan so‘ng o‘zi tug‘ilib o‘sgan shaharga qaytib, o‘sha erda ishlashga kirishdi. Natijada Karimov “Xorazm”da bosh direktor sifatida ishlab kelmoqda. Bosh murabbiylik vazifasi esa G‘ayrat Shixovga topshirilgan. Shunday bo‘lsa-da, barcha mas’uliyat aynan Maqsud Karimovning zimmasida deyish mumkin. Lekin hozircha urganchliklarni Superligaga chiqish salohiyatiga ega deb aytishimiz mushkul.
“Zomin” – bosh murabbiy Jahongir Jiyamurodov
Jizzaxning “Zomin”i pro-liga etakchilariga imkoni qadar qarshilik ko‘rsatadigan jamoa sifatida gavdalanmoqda. “Nasaf”dagi o‘yinlari orqali muxlislarga tanish bo‘lgan sobiq futbolchi Jahongir Jiyamurodov murabbiylik faoliyatiga kirishgan holda “Zomin”da ish boshlagan. Natijada u bor e’tiborini ushbu jamoaga qaratgan. Lekin hozircha Superligaga yo‘llanmani qo‘lga kiritadigan darajada kuchga ega emas. Qolaversa, bu yil pro-ligada raqobat ham ortgan va tabiiyki, “Zomin”ga qiyin bo‘lishi aniq.
Fikrlar