Suhrob Berdiev: "Muxlislarimiz uchun ham albatta g‘alaba qozonishimiz kerak"

  • 28 avgust, 2023, 12:35
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 18-turida vodiy derbisi bor. “Neftchi” hamda “Andijon” jamoalari ishtirokidagi bo‘lajak o‘yinga qiziqish yuqori, desak adashmagan bo‘lamiz.

Tecno

Har doim bu klublar o‘rtasidagi uchrashuvlar g‘oyat keskin hamda hujumkor ruhda o‘tib kelgan va navbatdagisi ham bundan mustasno emas.

“Andijon” futbolchisi Suhrob Berdiev esa vodiy derbisi oldidan bir qator savollarga javob qaytardi.

- “Andijon”ni oldinda vodiy derbisi doirasida “Neftchi”ga qarshi jiddiy uchrashuv kutmoqda. Bo‘lajak bellashuvga tayyorgarlik qanday ketmoqda?

- Xudoga shukr, tayyorgarligimiz juda yaxshi. Barchasi murabbiylarimiz o‘ylagan va tuzib chiqqan rejalari asosida olib borilyapti. Bo‘lajak uchrashuvga tayyorgarlik davom etyapti, hammasi yaxshi.

berdiev s4

- Ma’lumki, “Neftchi” klubi joriy mavsumda Superligada hali yutqazgani yo‘q. Bu holatga nima degan bo‘lardingiz va “Andijon” ularning mag‘lubiyatsiz an’anasini to‘xtatishga tayyormi?

- “Neftchi” jamoasi yaxshi harakat qilyapti. O‘yinida tartib yo‘lga qo‘yilgan shekilli, barcha uchrashuvlarda oxirigacha kurashyapti. Albatta, biz ham qo‘ldan kelganicha borimizni berib maydonga faqat g‘alaba qozonish uchun chiqamiz.

- Siz ham faoliyatingizda bir necha bor “Neftchi”ga qarshi to‘p surgansiz. Ayting-chi, siz uchun farg‘onaliklarga qarshi o‘yinlar doirasidagi eng esda qolgan o‘yin qachon va qaysi bahsda yuz bergan?

- “Neftchi” klubi katta tarixga ega. Aniq yilini eslolmadim, ammo o‘sha paytda “Neftchi”ning eng zo‘r tarkibi yig‘ilgan. Mansur Saidov, Akmal Xolmatov kabi o‘yinchilarga qarshi o‘ynagan o‘yinlarim esimda qolgan.

berdiev s2

- O‘shanda qanaqa natija bo‘lgandi?

- U paytda “Lokomotiv” tarkibida harakat qilganman. Biz Farg‘onadan 0:1 hisobidagi g‘alaba bilan qaytganmiz. Golni Erkin Boydullaev urgandi. O‘sha paytda Farg‘onadan uch ochko bilan qaytishni ancha-muncha jamoalar eplay olmasdi.

- “Andijon” klubi turnir jadvalining ekvatorida turibdi. Aynan jadvalga qaraganda nimani o‘ylayapsiz?

- Xudo xohlasa, yanada kuchliroq bo‘lib, oldinga intilgan holatda muxlislarimizni xursand qilish haqida o‘ylayapmiz.

- “Andijon” ikkinchi davrada hozircha 2 ta durang, 1 mag‘lubiyat va 1 g‘alaba qozondi. Albatta, jamoaning potentsiali yuqori va natijalarini yanada yaxshilashga qodir. Umuman aytganda, ikkinchi davradagi dastlabki natijalardan so‘ng nima degan bo‘lardingiz?

- Ikkinchi davra boshida o‘zimiz o‘ylagandek o‘yinlarimiz chiqmadi. Biroq vaqt o‘tgan sari asta-sekin o‘ylagan o‘yinlarimiz o‘xshayapti. Oxirgi turdagi g‘alabamiz hammaning kayfiyatini ko‘tardi.

berdiev s5

- “Neftchi” tarkibida eng xavfli futbolchi kim deb hisoblaysiz?

- “Neftchi” jamoasi safida hamma futbolchilari saviyali. Jamoaviy o‘yini ham yaxshi. O‘rtada Lutfulla To‘raev ko‘pincha jamoadoshlarini oldinga chorlab turadi.

- “Andijon” o‘tgan turda “Olimpik”ni mag‘lubiyatga uchratgach, bu futbolchilarga bo‘lgan ishonchi va kuchini qanchalik darajada oshirdi, deb hisoblaysiz?

- Bu g‘alaba o‘zimizga bo‘lgan ishonchni qaytardi va yanada kuchliroq qildi. Oldimizda turgan o‘yinlarda faqatgina g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Albatta, shu o‘rinda bizning 12-o‘yinchimiz hisoblangan muxlislarga katta rahmat aytib qolaman. Ular bizni hech qachon yolg‘izlatib qo‘yishmagan. Ishqibozlarimiz uchun ham albatta g‘alaba qozonishimiz kerak.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Bek 56
28/08/2023 15:03
Албатда Андижон галабага хак,ли ИНШААЛЛОХ, галаба билан АНДИЖОНга к айтгай
&
ал хилол
28/08/2023 13:32
,,Андижон,,дан сюрприз кутиб коламиз биз мухлислар,факат галаба