SPORTS.uz talqini bo‘yicha kuchli beshlik chempionatlari ramziy terma jamoasi

  • 12 iyul, 2020, 12:00
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Murabbiy: Stefano Pioli (4-5-1)

Tecno

Italiyalik mutaxassis ketma-ket ikkinchi marotaba ramziy terma jamoamiz murabbiylik postidan joy oldi. Dastlab, turnir jadvalining 2-pog‘onasida borayotgan «Latsio»ni taslim etgani uchun e’tiborimizni tortgan Stefano bu gal amaldagi chempion va katta ehtimol bilan joriy mavsumda ham Skudettoni qo‘lga kiritadigan «Yuventus» ustidan g‘alaba qozonishga erishdi. Barcha 6 ta gol ikkinchi bo‘limda kiritildi. Ralf Rangnik bir oyog‘i bilan «Milan»da. Uning faoliyati ko‘ngildagidek chiqmagan taqdirda, Berluskoni boshliq «rossonerilar» rahbariyati Piolidek murabbiydan quruq qolganidan afsuslanishi aniq.
Uning 4-5-1 (4-2-3-1) taktikasi ramziy terma jamoamizni tuzishda asos bo‘lib xizmat qiladi.

Pioli

Darvozabon: Kasper Shmeyxel

«Lester» 1 ochko qo‘lga kiritganiga ham quvonsa arziydi. Qizil kartochkagacha «Arsenal»ning hujumlari dahshatli ko‘rinish olayotgan edi. Daniyalik posbon kamida 6 ta vaziyatda darvozasiga kirib ketayotgan to‘plarni olib chiqdi.
Ha, golni Vardi urdi. Lekin ungacha londonliklar, aytaylik, 3 ta gol urishga ulgurib bo‘lganda-chi?!

Kasper Shmeyxel

Chap qanot himoyachisi: Ferlan Mendi

«Real» avvalgi o‘yinlariga qaraganda ishonchliroq harakat qilganini ko‘rdik. Bunga sabab birinchi bo‘limda urib olingan gol. Penaltiga esa Ferlanning tezligi sabab bo‘ldi. Ushbu gol butun uchrashuv mobaynida «qirollik klubi»ga hotirjamlik baxsh etdi. Mendi esa eng yaxshi o‘yinchi, deb topildi.

Mendi

Markaziy himoyachi: Raul Albiol

O‘z uyida uch barobar ko‘proq vaziyatlar yaratgan «Xetafe» bevosita 5-pog‘ona uchun kurashda mag‘lub bo‘ldi. Bunga sabab Raul Albiol boshliq himoya chizig‘i. O‘yin ahamiyatini bahs yakuni arafasida yuzaga kelgan janjal va 4 ta qizil kartochkadan ham bilib olish mumkin.

Albiol

Markaziy himoyachi: Fabio Luchioni

«Latsio»ning mag‘lubiyati pandemiyadan so‘ng odatiy holga aylanib ulgurdi. Jamoa chempionlik poygasini deyarli boy berib bo‘ldi. «Lechche» ushbu turgacha xavfli zonada borayotgan edi. Luchionining himoyadagi ishonchli harakati va g‘alaba goli ularni bu hududdan olib chiqdi.

Luchioni_1

O‘ng qanot himoyachisi: Kiran Tirni

«Arsenal»ning «Lester»ga qarshi o‘yini, yuqorida ta’kidlaganimizdek, yomon bo‘lmadi. Hujumlar bor, vaziyatlar yaratildi. Ammo yakuniy zarbani yo‘llashda hujumchilar biroz ishonchsiz harakat qilishdi.
Kiran Tirni ushbu bellashuvda «to‘pchilar» safidagi eng ajoyib o‘yinlaridan birini namoyish etdi. Biz uni o‘ng qanotning istalgan qismida ko‘rishga erishdik.

Tirni

Tayanch yarim himoyachisi: Serxio Buskets

O‘ziga o‘xshab borayotgan «Barsa»da Busketsning o‘yinlari ham o‘xshay boshladi. Maydondagi qora mehnatni bajarishda bir necha yil avval benazir hisoblangan ispan futbolchisi so‘nggi paytlarda darajasini yo‘qotib qo‘ygan edi. Kataloniya derbisida u yana «Barselona» suyangan tog‘ obrazida namoyon bo‘ldi.

Buskets

Tayanch yarim himoyachisi: Frank Kessi

O‘ziga o‘xshab borayotgan jamoalar haqida so‘z ochgan ekanmiz, «Milan»ning mo‘’jizaviy kambekini ham e’tibordan chetda qoldira olmaymiz. Kessi va Bennaser bugungi jamoa yarim himoyasida o‘zgartirib bo‘lmas figuralardir. Kessi «Yuventus»ga qarshi o‘yinda o‘z so‘zini ayta oldi. Gol orqali…

Kessi

Chap qanot vingeri: David Silva

«Manchester Siti» o‘zi kabi ulkan sarmoya kiritilish arafasida bo‘lib turgan «Nyukasl»ga 5 ta gol urdi. To‘yga to‘yona, deganlaridek.
Ispaniyalik futbolchi esa bitta gol va ikkita pas amalga oshirdi. Ushbu uchrashuvdan so‘ng u «shaharliklar» bilan xayrlashgan suratlari e’lon qilindi. Shubhasiz, jahon futbolida «Manchester Siti»dek gegemonning paydo bo‘lishida Silvaning xizmatlari beqiyos. Uning Angliyadagi faoliyati tahsinga sazovor tarzda o‘tdi.

Silva

O‘ng qanot vingeri: Villian

«Chelsi» ushbu mavsumda bir amallab Chempionlar ligasiga chiqib olishi kerak. Yozda klub yaxshigina kuchayadi. Villian kabi iqtidor esa yangi yulduzlar ortida qolib ketmasligi aniq. U jamoa sardori sifatida tom ma’noda maydonda dirijyorlik qiladi. London derbisida u yana katta sahnaga chiqdi.

Villian

Hujumkor yarim himoyachi: Brunu Fernandesh

Fernandesh bizning ramziy terma jamoamizdan boshqa reytinglar va sovrinlarni ham tinmay zabt etib kelmoqda. Biror o‘yin o‘tmayaptiki, unda portugaliyalik xavbek gol urmagan yoki assist amalga oshirmagan bo‘lsa.
Ustiga ustak, premer-ligada ketma-ket ikki marotaba oy futbolchisi, deb topildi. Hamyurti Ronaldu davridan beri bu kabi holat takrorlanmagan edi.

Fernandesh 2

Hujumchi: Karim Benzema

Frantsiyalik futbolchining goli va assisti jamoani chempionlikka yanada yaqinlashtirdi. Serxio Ramos o‘ynamagan uchrashuvda Benzema etakchilikni o‘z qo‘liga oldi. Qaysidir ma’noda ushbu vazifani ortig‘i bilan bajardi: penaltidan gol urdi va hisobni ishonchli ko‘rinishga olib kelishda ham 80 foiz ishni bajardi. Bungacha Ramos boshchiligidagi «qaymoqranglilar» har bir uchrashuvda bitta penaltidan kiritilayotgan gol bilan cheklanayotgan edi…

Benzema 2

 

Izoh: Ushbu terma jamoada ayni paytda davom etayotgan tur bellashuvlari inobatga olinmagan.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

SPORTS.uz talqinidagi Evropa top-5 chempionatlari ramziy terma jamoasi

Retrosport. Kortdan Gollivudgacha

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!