So‘nggi 9 oyda O‘zbekistonda nechta sportchida doping aniqlandi?

  • 20 oktabr, 2022, 20:16
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Boshqalar
CHERY AUTO

Milliy antidoping agentligi so‘nggi 9 oyda 5 nafar sportchi doping qabul qilganini aniqladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi bosh direktori Abdushukur Sadiqov ma’lum qildi.

Tecno

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 3457-sonli qarori qabul qilingan bo‘lib, shu kunga qadar samarali faoliyat olib bormoqda.

O‘tgan yili, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 6 aprelida “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5057-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qaror qabul qilingandan so‘ng Agentlik boshqaruv xodimlarining soni 2 baravarga ko‘paytirildi va Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra lavozim maoshlari 1,5 baravar miqdorda oshirildi. Shu bilan birga, 4 ta yangi bo‘limlar ham o‘z faoliyatini boshladi.

Bugungi kunda zamonaviy katta sportda doping bilan bog‘liq turli mojarolar avjiga chiqqanligi hech kimni hayron qilmay qo‘ydi. Buning sababi, bir tomondan, sportchilarni doping moddalarini iste’moliga bo‘lgan moyilligi ortayotgani bo‘lsa, ikkinchi tomondan, doping holatlari tez fursatda oshkor qilinishi, shuningdek, antidoping laboratoriyalarining aniqlash uslublari avvalgilari bilan solishtirganda jadal mukammallashib borishidadir. 

Shu maqsadda O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi ham xalqaro tashkilotlar jumladan, antidoping agentliklari va laboratoriyalari bilan hamkorlikda samarali faoliyat olib bormoqda.

Jumladan, Turkiya va Koreya antidoping agentliklari bilan uzoq muddatga mo‘ljallangan, O‘zbekiston milliy antidoping agentligi xodimlarini antidoping ta’lim yo‘nalishi, farmakologik moddalarni sportda qo‘llash, doping ofitserlarini malaka va tajriba almashinish bo‘yicha kelishuv shartnomasi imzolandi.

Shu bilan birga agentlik mutaxassislarini xalqaro sertifikatsiyadan o‘tib, xorijiy davlatlarga borib doping sinamalarni olish xuquqiga ega buladilar  

Agentlik tomonidan o‘tgan 9 oy davomida barcha sport turlari bo‘yicha 280 ta doping-sinamalar olindi va 5ta sportchi taqiqlangan modda iste’mol qilganligi aniqlandi.

Shuningdek, Bundan tashqari, mamlakatimizda o‘tkazilgan Xalqaro musobaqalarda sportchilardan doping-sinamalarni olish O‘zbekiston milliy antidoping agentligiga ishonib topshirildi. Bunda 95 ta sportchilarda tekshiruv ishlari olib borildi.

Shuningdek, Turkiya va Avstriya laboratoriyalari bilan o‘zaro anglashinuv memorandumi va shartnoma imzolandi.  Shartnomaga ko‘ra Agentlik tomonidan sportchilardan olingan qon analizlarini Turkiya laboratoriyasida tekshirish ko‘zda tutilgan.

Alohida ta’kidlab o‘tish lozim, Agentlik tomonidan sportchilardan doping sinamalar olish yangi bosqichga olib chiqildi. Shu kunga qadar faqat peshobdan sinamalar olingan bo‘lsa, endilikda qon orqali sinamalar olish yo‘lga qo‘yildi.

Qon orqali doping sinamalar olish hozirgi kunda Butunjahon antidoping agentligiga a’zo 200 dan oshiq davlatlarning 194 ta Antidoping agentliklarida yo‘lga qo‘yilgan edi. Endi ular qatorida O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi ham joy oldi.

Rejaga muvofiq, qon orqali doping sinamalar olish yil so‘ngiga qadar 42 ta etib belgilangan. Hozirgi vaqtga kelib 28 ta sportchidan sinamalar olib bo‘lindi.

Shuningdek, Agentlik tomonidan sportchilarning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, respublika va Xalqaro musobaqalar o‘tkazish joylarida murabbiylar va sport shifokorlari uchun tashkillashtirilgan maxsus o‘quv kurslar doirasida jami yil yakuniga qadar 71 ta Toshkent shaxri va viloyatlarda antidoping ta’lim seminarlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunga kelib jami 63 ta olimpiya va nolimpiya sport turlari bo‘yicha 25 ta, paralimpiya sport turlari bo‘yicha 7 ta shuningdek, viloyatlardagi sport federatsiyalar bo‘limlari hamda sport ta’lim muassasalarida 31 ta o‘quv-seminarlar o‘tkazildi.

O‘zbekiston milliy antidoping agentligining asosiy maqsadi bevosita o‘yinlar musobaqalariga imkon qadar toza, dopingdan xoli sportchilarni qo‘yish orqali sog‘lom raqobat va sportda yuqori darajali shaffoflikni ta’minlashdir.

Dopingga qarshi kurashish yo‘lidagi barcha harakatlar eng asosiy mezon – adolatga borib taqaladi. Adolat bo‘lsa, halol sportchilar har qanday qiyinchilikka chidaydi, har qanday jismoniy yuklamalar va ruhiy mashaqqatlarga bardosh beradi. Bu o‘z navbatida o‘zbek sportida va unga uzviy bog‘liq bo‘lgan dopingga qarshi kurashish harakatida ulkan turtki bo‘ladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!