
Songdan shapaloq egan Pike, Goretsani kaltaklamoqchi bo‘lgan Boateng va boshqalar!
SPORTS.uz o‘z jamoadoshlari bilan janjallashib ketgan futbolchilar haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etadi.
Kepa Ryudigerga qarshi
Hozirda "Chelsi"ning asosiy tarkibidan o‘rin egallash mushkul. Shu bois, futbolchilar o‘z ustida tinimsiz mehnat qilishi shart.
Yaqinda London jamoasi himoyachisi - Antonio Ryudiger mashg‘ulotlarda janjalga sabab bo‘ldi. Gap shundaki, himoyachi mashg‘ulot chog‘ida sayyoramizning eng qimmat darvozaboni Kepa Arrisabalaga bilan to‘qnashib ketdi. O‘z o‘rnini Mendiga berib qo‘yganidan alamzada Kepa asablarini jilovlay olmadi. Yaxshiyamki, jamoadoshlari o‘z vaqtida ularni ajratib qo‘ydi.
Tomas Tuxel darrov Ryudigerni mashg‘ulotdan chetlatdi. Kepani esa, shifokorlar ko‘rigidan o‘tishga jo‘natdi. "Real" Madridga qarshi muhim bahs oldidan bo‘lgan voqea, jamoa ichki muhitini buzgani yo‘q. "Chelsi" muammosiz "qirollik klubi"ni turnirdan chiqarib yubordi.
Sterling Gomesga qarshi!
Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi - Garet Sautgeyt oldida asosiy tarkibni tanlab olishdek mushkul vazifa turibdi. iqtidorli futbolchilarni tanlash bilan ovora bo‘layotgan mutaxassis ancha avval yangi muammoga duch keldi.
Oshxonada terma jamoa a’zolari o‘rtasida mushtlashuv sodir bo‘ldi. Rahim Sterling Jo Gomes bilan munosabatlariga oydinlik kiritib oldi. Bunga bir necha kun avval, "Liverpul" va "Manchester Siti" bahsi haqida borgan suhbat sabab bo‘ladi.
Yakunda, ko‘zi ko‘kargan Jo Gomes mashg‘ulotlardan ozod etiladi. Rahim Sterling esa, o‘sha kuniyoq undan kechirim so‘raydi.
Neymar Semeduga qarshi!
Nelson "Barselona"dagi ilk mashg‘ulotiga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdi. Barchada yaxshi taassurot qoldirish maqsadida to‘p uchun kurashda hech kimni ayamadi. O‘zi bilmagan xolda, Neymarga keskin o‘ynadi. Natijada, braziliyalik futbolchi unga zarba berdi.
Voqeani kuzatib turgan boshqa futbolchilar ularni ajratib qo‘ydi, lekin braziliyalik hujumchi jahl ustida mashg‘ulotlarni tark etdi. Oradan bir hafta o‘tib, uning PSJ bilan shartnoma imzolagani haqidagi xabar rasman e’lon qilindi.
Kerrol Teylorga qarshi!
"Liverpul"da kutilganidek harakat qila olmagan Endi Kerrol "Nyukasl" bilan shartnoma imzolaydi. Ilk kunlardanoq, jamoadoshlari bilan yaxshi chiqishib ketadi. Afsuski, bu vaqtincha edi, xolos.
Hujumchi dugonasiga jamoadoshi Stiven Teylor tegajog‘lik qilganidan xabar topadi va ishga kirishadi. Mashg‘ulot chog‘ida forvard jamoadoshini yaxshilab do‘pposlaydi. Barchasini kuzatib turgan muxlislar esa, voqeadan xabar topgach, hujumchini yoqlab chiqadi.
Qizig‘i shundaki, ko‘p o‘tmay ular o‘rtasidagi aloqalar yaxshilanib ketgan.
Xartson Berkovichga qarshi!
"Vest Xem" jamoasi tarixidagi eng xunuk voqeadan xabardor bo‘lmasangiz kerak. Uzoq 1998 yilning yozida "bolg‘achilar" o‘rtasida janjal chiqdi. Uels terma jamoasi afsonasi - Jon Xartson isroillik Eyal Berkovich bilan gap talashib qoladi. Avvaliga, Eyal Jonga zarba beradi. Oradan 3 soniya o‘tib, uelslik futbolchi oyoqlari bilan Berkovichga kuchli zarba yo‘llaydi.
Bechora futbolchi zarbadan so‘ng, hushini yo‘qotadi. Voqea ochiq mashg‘ulot chog‘ida bo‘lgani uchun ko‘plab muxlislar ko‘z o‘ngida sodir bo‘ladi. Bundan xabar topgan "Vest Xem" rahbarlari Jonni 20 ming funt sterling jarimaga tortadi va 3 o‘yinga chetlatadi.
Mitrovich Kamaraga qarshi!
Yoga bilan shug‘ullanish, insonni xotirjam qiladi. Afsuski, har doim emas. "Fulxem" futbolchilari aynan yoga mashg‘ulotlari chog‘ida "solishib" ketdi. Aleksandr Mitrovich va Abubakar Kamara o‘rtasidagi janjalni ko‘rgan Klaudio Raneri hayratdan qotib qoldi.
Keyinroq, Mitrovich Abubakarning yoga ustoziga xunuk muomalada bo‘lgani uchun jazolaganini aytdi.
Vaholanki, bundan bir necha kun avval, ular o‘rtasida maydonda ham kichik to‘qnashuv sodir bo‘lgan edi. O‘shanda, futbolchilar penaltini kim amalga oshirishi borasida kelisha olmay qolgan, Kamara qaysarlik bilan zarbani o‘zi bergan edi.
Yunberg Myolbergga qarshi!
Shved futbolining yaqin o‘tmishdagi yulduzlari - Freddi Yungberg va Olof Myolberg APL bahslarida bir necha bor to‘qnash kelgan. Buning o‘zi ularga kamlik qilgan ko‘rinadi.
2002 yilgi JCh oldidan o‘tkazilgan mashg‘ulotda, ular o‘rtasidagi janjal kameralarga tushib qoldi. Himoyachi "Arsenal" vingerini ochiqchasiga podkat bilan yiqitadi. Bundan g‘azablangan Freddi darrov "javob" beradi.
Jamoadoshlari yordamida ular yana yarashib oladi, lekin qit’amizda bo‘lib o‘tgan JChda Shvetsiya omadsiz ishtirok etdi. Janjal ichki muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatgan ko‘rinadi.
Bistrov Kvinsiga qarshi!
"Spartak" klubi a’zolari jurnalistlar qurshovida o‘tayotgan mashg‘ulot chog‘ida mushtlashib ketay dedi.
Vladimir Bistrov Kvinsining o‘ziga nisbatan qo‘pol harakat qilganini kechirib o‘tirmadi. Voqealar rivoji keskin ko‘rinish olmagan bo‘lsa ham, "Spartak" muxlislari g‘azabini qo‘zg‘atdi.
Boateng Goretskaga qarshi!
"Bavariya" tashqaridan qudratli ko‘ringani bilan, uning ham ojiz nuqtalari mavjud. Xans-Diter Flik endigina jamoaga kelgan paytlari, yigitlar o‘rtasida keskinlik mavjud edi.
Jerom Boateng mashg‘ulotlar chog‘ida o‘ziga nisbatan atayin keskin o‘ynagan Leon Goretskani kechirib o‘tirmadi. Uning yuziga tushirdi. Tomas Myuller jamodoshlarini hovuridan tushirganiga qaramay, janjal yakuniga etmadi.
Bir haftadan so‘nggina Leon va Jerom yarashib oldi.
Balotelli Manchiniga qarshi!
Roberto xurmacha qiliqlari bilan barchaga yaxshi tanish bo‘lgan Mario Balotellining faoliyati uchun kurash olib bordi. Unga chidadi, maydonga tushirishda davom etdi. Evaziga esa, shogirdidan hech narsa olgani yo‘q.
Mario jamoadoshi Skot Singlerga nisbatan juda qo‘pol xarakat qildi. Buni murabbiy ko‘tara olmadi. Manchini Marioni yoqasidan ushlab maydondan chiqarib yubordi. Bir oydan so‘ng, “Supermario” "Milan"ga sotib yuborildi.
Ibrohimovich Onevuga qarshi!
Agar bu boshqa sportdagi jang bo‘lganida, uni muxlislar abadiy eslab qolgan bo‘lar edi. Qora belbog‘ sohibi ekanligini yashirib o‘tirmaydigan Ibra «Milan» safida g‘alati voqeaga duch keladi.
«Rossonerilar» tomonidan yaqinda xarid qilingan AQSh terma jamoasi a’zosi Oguchi Onevu jismonan baquvvat yigit edi. Ibra bilan to‘qnashuvda u hujumchining qovurg‘a suyagiga kuchli musht tushiradi. To‘polondan so‘ng, milanliklar Oguchiga «javob» berib yuboradi. Sababi, bir jamoaga ikkita jangchi ortiqchalik qiladi.
Barton Daboga qarshi!
Aytishlaricha, «Barnsli» bosh murabbiyi - Daniel Stendli qiziqqon ingliz futbolchisi qo‘ygan «kalla» sababli ikkita tishidan ayrilgan ekan. Bu voqeani isbotlovchi dalillar yo‘q, lekin...
Bartonning Dabo bilan to‘qnashuvini butun jamoa tomosha qilgan. Avvaliga Usman Joni itarib yuboradi. Qizishib ketgan ingliz bokschilarga xos og‘ir zarbalari bilan jamoadoshini siylaydi. Ertasi kuni, Dabo ko‘zidan olgan jarohati sababli ta’tilga chiqadi. Barton esa, klubdan haydaladi.
Pike Songga qarshi!
«Barselona» Ispaniya chempionatidagi g‘alabasini nishonlash maqsadida tomi yo‘q avtobusda Kataloniya ko‘chalarini kezmoqda. Bir payt, Aleks Song Jerar Pikening yuziga shapaloq tushirdi. Bu ham etmaganidek mushti bilan zarba bermoqchi edi. Voqealarga Karles Puyol aralashdi ularni tinchlantirdi.
Keyinroq, klub rahbarlari futbolchilarining g‘alati qiliqlariga ichkilik iste’mol qilganini vaj qilib ko‘rsatdi.
Fikrlar