"Sobiq jamoadoshlarimizning nimalarga qodirligini bilardik, bizga 3 ochko suv va havodek zarur edi". "Qo‘qon-1912"ning g‘alabasida uning qanchalik hissasi borligini bilasizmi?

  • 2 aprel, 2022, 10:41
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Qo‘qon-1912” klubi Superliganing 4-turida o‘z maydonida Bekobodning “Metallurg” klubini qabul qildi. Murosasiz o‘tgan uchrashuvda maydon egalari kichik – 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘tgan turdagi mag‘lubiyatdan keyin qo‘qonliklar bu safar muxlislarini g‘alaba bilan quvontira oldi.

Tecno

“Qo‘qon-1912” jamoasining birinchi raqamli darvozaboni Muzaffar Abdullaev o‘ziga bildirilgan ishonchni oqladi. Boisi, o‘yin mobaynida mehmonlar uning darvozasi tomon yo‘l topa olmadilar. Chunki bir qator vaziyatlarda Abdullaev jamoasini gollardan qutqarib qoldi. Bellashuvdan so‘ng, Muzaffar Sports.uz muxbiri uchun taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Avvalambor, xalqimizni muborak Ramazon oyi bilan chin qalbimdan tabriklamoqchiman. G‘alaba bilan qutlaganingiz uchun rahmat. O‘yin juda qiziqarli kechdi, deb o‘ylayman. “Metallurg”ga qarshi jangovar o‘yin bo‘ldi. Bilasizmi, bu bellashuvda uch ochko bizga suv va havodek nihoyatda zarur edi. Shuning uchun uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. Maydonda murabbiyimizning ko‘rsatmalarini imkon qadar qo‘ldan kelganicha bajarishga harakat qildik. Jamoamizni qo‘llab turgan muxlislarimizga katta rahmat. Ushbu g‘alabamizni aynan jonkuyar ishqibozlarimizga bag‘ishlaymiz.

abdullaev3

“Metallurg” chempionatni yomon boshlamagandi. Har xolda bungacha bir g‘alaba va ikki durang qayd etib, mag‘lubiyatga uchramay kelayotgandi. Bu turga kelib qo‘qonliklar tomonidan to‘xtatildi. Buning ustiga “Metallurg”da “Qo‘qon-1912”ning sobiq futbolchilari ham bor edi.  

- Biz “Metallurg” jamoasining o‘yinlarini oldindan ko‘rib chiqqandik. Bekobodliklar har doim kuchli jamoa bo‘lib kelgan. Shuning uchun ham ularga qarshi oson o‘yin bo‘lmasligini yaxshi bilib turgandik. Ustiga-ustak “Metallurg”da sobiq jamoadoshlarimiz ham to‘p surishyapti. Ularning nimalarga qodirligini bilardik. Natijada o‘sha futbolchilarni o‘z o‘yinini ko‘rsatishlariga imkon bermadik, - deydi darvozabon.

abdullaev4

Baxtiyor Ashurmatov boshchiligidagi “Qo‘qon-1912” dastlabki 4 ta turda 2 ta g‘alaba va 2 ta mag‘lubiyat qayd etdi va hozircha durangni chetlab o‘tyapti. Ammo bekobodliklarga qarshi uchrashuvda ko‘pchilik “Qo‘qon-1912”ning oldingilarga qaraganda ancha yaxshi o‘ynaganini ta’kidlamoqdaoar. Shu o‘rinda Muzaffar Abdullaev jamoasining mana shunday starti yuzasidan ham munosabatini aytib o‘tdi.

- Mavsum endi boshlandi. Dastlabki uchta turdan xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, “Metallurg” bilan bo‘lib o‘tgan bellashuvda ancha yaxshi harakat qildik. O‘zingiz ham yaxshi bilasiz, chempionat avvalida bir qator futbolchilar jamoamizni tark etishdi. Safimizga yangi qo‘shilganlar esa asta-sekin jamoaga moslashib bormoqdalar. Xudo xohlasa, “Qo‘qon-1912” bundan keyin ham yanada yaxshiroq o‘ynay oladi. Ishonamanki, biz o‘yindan-o‘yinga kuchayib boraveramiz.

abdullaev5

Hozircha ortda qolgan 4 ta o‘yinda “Qo‘qon-1912” 2 ta gol urdi va o‘z darvozasidan 3 ta to‘p o‘tkazib yubordi. Ammo jamoaning maqsadi jiddiy. O‘zbekiston Kubogida ham murabbiy kamida finalgacha kelish maqsadi borligini aytdi.

- Shaxsan men har bir o‘yinga xuddi finalga tayyorgarlik ko‘rgandek tayyorlanaman. Har qanday darvozabon ham maydonga tushganida avvalo o‘z darvozasidan gol o‘tkazmaslikka harakat qiladi. Axir darvozabon yarim jamoa deb bejizga aytishmaydi. Menga ishonayotgan insonlarning ishonchini oqlashga harakat qilaman. Murabbiyimiz ham bu borada menga ishonch bildiryapti. O‘zimdagi barcha mas’uliyatni yaxshi tushunib turibman. Bizga “Neftchi” hamda “Navbahor”ga qarshi uchrashuvlarda omad etishmadi.

Men murabbiyimizning fikrlariga qo‘shilaman. Xudo xohlasa, jamoamiz bilan O‘zbekiston Kubogi finaligacha borishni  amalda ko‘rsatishga harakat qilamiz, - deya fikr bildirdi, Muzaffar Abdullaev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!