"Sizni o‘ynatmayaptimi, demak u erda qolishning foydasi yo‘q" - Rossiya klubidan ketgan legionerimiz endi qaerda to‘p surmoqchi?

  • 22 may, 2021, 23:13
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kuni kecha sports.uz sayti orqali Rossiyada to‘p surgan legionerimiz – Bobur Davlatovning “Nefteximik” klubi bilan tuzgan shartnomasi nihoyasiga etayotgani va tomonlar orani ochiq qilgani xususida xabar bergandik.

Tecno

Shunday qilib, hamyurtimizning ushbu jamoaadagi faoliyati yakuniga etdi. Shuni aytish kerak, Bobur “Nefteximik”da dastlab 2016/2017 yilgi mavsumlarda to‘p surdi. Keyin 2019 yilning yarmida yana qaytdi. Lekin orada jarohatlar uni bezovta qildi. Xullas, Davlatovning “Nefteximik”dagi faoliyati bir tekisda kechmadi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytishimiz joiz, Bobur Rossiyada “Nefteximik”dan tashqari Qozonning “Rubin” klubida bir necha mavsum faoliyat olib borgan. Keyin Qozog‘istonda “Jetisu” va “Aktobe” uchun to‘p surgan. Aslida esa, u “Mash’al” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Shuningdek, “Lokomotiv” bilan “Nasaf”da ham to‘p surganini yaxshi eslaymiz. Aynan 2019 yili Qarshi jamoasidan to‘g‘ri “Nefteximik”ka ko‘chib o‘tgandi. Lekin ko‘rib turibsizki, Davlatov u erdan ketdi. Futbolchi sports.uz muxbiri bilan muloqotda “Nefteximik”dan ketishining sabablari haqida batafsil so‘zladi.  

"Yangi murabbiy bilan kelisha olmadik"

- O‘zingizning ham xabaringiz bor, “Nefteximik” klubiga borgan dastlabki paytdayoq bir haftadan keyin jarohat oldim. Esimda, o‘shanda jiddiy emasdek ko‘ringan. Jarohatimga aniq tashxis qo‘ya olmaganman. Shu bilan oradan ikki-uch oy o‘tib ketdi. Baribir o‘sha jarohat sababli operatsiya stoliga yotishimga to‘g‘ri keldi. Shu operatsiyadan keyin taxminan bir yilcha futbol o‘ynay olmadim. Keyinchalik bu orada pandemiya ham bo‘lib qoldi. Shu paytda unchalik vaqt yo‘qotmadim, ya’ni o‘yin tomonlama va hamma bilan bir xil edim. Sentyabr oyiga borib o‘ynay boshladim. Qishgacha yaxshi o‘tdi va 12 ta o‘yinda ishtirok etdim. Bor e’tiborim va umidimni ikkinchi davraga qaratmoqchi edim. Jamoadoshlarim bilan yaxshi yig‘in uyushtirdik. Lekin keyin klubda bosh murabbiy almashib qoldi. Yangi kelgan murabbiyning qo‘li ostida unchalik o‘ynay olmadim. U bilan biroz kelisha olmadik. “Nefteximik” bilan shartnomam bir yilgacha edi. May oyida ular bilan orani ochiq qilishga to‘g‘ri keldi. Baribir o‘ynamagandan keyin u erda yurgandan nima foyda? Buning ustiga legioner bo‘lsam?!

davlatov1

"Balki o‘zimda ham ayb bordir"

- Yuriy Utkulbaevning ketishiga kelsak, biz noyabr oyida ketma-ket oltita o‘yinda yutqazdik, hattoki durang ham o‘ynay olmadik. U ham charchadi. Klub bilan to‘rt yildan beri birga edi. Shundan so‘ng, murabbiylik sohasida biroz tanaffus qilishga qaror qildi. Keyin o‘rniga Novikov keldi. Boya aytdim, bu murabbiy bilan chiqisha olmadim. Balki o‘zimda ham ayb bordir, yana bilmadim. O‘zimni ko‘rsatay desam, ba’zi paytlarda yig‘inlar chog‘ida meni o‘z joyimda o‘ynatmadi. Ammo bu bahona bo‘la olmaydi. Novikov bilan qandaydir kelisha olmadik-da. Hamma murabbiyning futbolga qarashi bo‘ladi, unga to‘g‘ri kelmadim.

davlatov_5

"Nefteximik"da qolishni o‘zimga ep ko‘rmadim"

- Tasavvur qiling, siz legionersiz, ammo u erda o‘ynamayapsiz. Shartnomangiz tugayotgan paytda albatta ketishni xohlaysiz. Qachon menga imkoniyat berarkin, deb kutib yuravermaysiz-ku. Murabbiyni o‘zini tutishi vaziyatni shunga olib bordi. Vaqtimni zaxirada o‘tkazib, shu erda qolaman, deb umid qilmadim. Jamoaga meni taklif qilgan murabbiy ketgandi. To‘g‘risi, “Nefteximik” klubida qolishni o‘zimga ep ko‘rmadim. Jamoaning keyingi rejalarida o‘zimni ko‘rmadim. Bu bilan mavsumni tezroq tugashini kutdim, demagan bo‘lardim. Har holda biz professionalmiz. Klub bilan tuzilgan shartnomaga oxirigacha amal qilishimiz kerak. Bir-ikkita o‘yinda o‘ynamadim, endi hammasi tamom, uyga ketishim kerak, degan odatim yo‘q. Shunday ekan, klubda ishimga professional yondashdim. Lekin, baribir vaziyatga real qarash kerak. Sizni o‘ynatmayaptimi, demak u erda yana qolishning foydasi yo‘q.

davlatov4_2

"Balki O‘zbekistonda to‘p surarman, yoki...

- Oldindan bir nima deb bo‘lmaydi. Balki O‘zbekiston chempionatida to‘p surarman. Yoki yana xorij klubiga ketishim ham mumkin. Hozircha bu savolga aniq javob bera olmayman. Barchasini oliy hakam – vaqt ko‘rsatadi. Hamma futbolchi ham o‘ziga ishonch bildiradigan jamoada o‘ynashni istaydi va shu jumladan men ham, - dedi Davlatov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!