Siz kutganmidingiz yoxud yozning harorati kabi o‘yin harorati ham qaynoq bo‘lgan vodiy derbisi haqida

  • 27 iyun, 2024, 15:01
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Superliganing navbatdagi bezagiga aylangan o‘yin yana “Bobur arena”da bo‘lib o‘tdi. Bu safar muxlislar vodiy derbisiga guvoh bo‘ldilar. “Andijon” o‘z uyida “Navbahor”ni qabul qildi. Ushbu katta jangga har tomonlama e’tibor yuqori edi.

Ikkala jamoa bir necha turdan beri muxlislarini g‘alaba bilan quvontira olmayotgandi. Birinchi davraning so‘nggi turini uch ochko bilan tugatish ikkala klubning maqsadi edi. Darvoqe, uchrashuvdan bir kun oldingi rasmiy mashg‘ulotda “Navbahor” futbolchilari bosh murabbiysiz shug‘ullanishdi. Sababi, Samvel Babayan oyog‘idan jarohat olgani ma’lum bo‘ldi. U o‘yinga qo‘ltiq oyoqda keldi.

Stadiondagi atmosferaga gap so‘z bo‘lishi mumkin emas. “Andijon” fan-klubidan navbatdagi o‘zgacha performans tayyorlandi va unda faqat g‘alabani his qilish mumkin edi. Amalda ham shunday bo‘ldi. O‘yin havoning yuqori haroratiga hamoxang tarzda boshlandi. 13-daqiqa o‘tib borayotganida mehmonlar darvozasi tomon penaltini tepish imkoniyati tug‘ildi. Farhod Sohibjonovning markazdan kuchli reydi o‘ta xavfli chiqdi va uni jarima maydoni ichida Superligamizning eng qimmat futbolchisi Odil Hamrobekov yiqitishdan o‘zga chora topa olmadi. Penaltini esa Levan Arveladze bexato amalga oshirdi.

“Navbahor” vakillari ham xavfli hujumlarga ega bo‘ldi. Biroq namanganliklar o‘zlari uchun yaratilgan qulay imkoniyatlardan foydalana olmadi. “Andijon” esa barchasini reja asosida amalga oshirdi. Jamoa vaziyat bo‘ldi deguncha xavfli hujumlarga o‘tib ketaverdi. Ayniqsa, bu holat ikkinchi bo‘limda yanada samarali chiqdi. Qanotdan Farhod Sohibjonov xavfli reyd uyushtirdi va uning uzatgan to‘pi ustunga tegib qaytdi. Qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib etib kelgan Rustam Turdimurodov O‘tkir Yusupov darvozasini ishg‘ol etdi. Bahs oxirlarida Bektemir Abdumannonov deyarli darvozabon bilan birga-bir chiqdi va zarba yo‘lladi. Darvozaga kirib ketayotgan to‘pni himoyachi qaytardiyu, biroq yakunda to‘p “Navbahor” himoyachisining qorniga tegib darvoza to‘ridan joy oldi. Tabloda esa 3:0 hisobi porlab turardi.

“Andijon” munosib o‘yin namoyish qilgan holda kuchli raqibini yirik hisobda tor-mor keltirdi. “Navbahor” esa joriy chempionatdagi ilk mag‘lubiyatini tan olishga majbur bo‘ldi. Uchrashuvdan so‘ng “Andijon” futbolchilarini nafaqat o‘zimizning ishqibozlar, balki namananganlik muxlislar ham qarsaklar bilan kuzatib qo‘yishdi.

“Andijon” – “Navbahor” – 3:0 (1:0).

26 iyun. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 17873 tomoshabin.

Hakamlar: Firdavs Norsafarov, Zufar Eliboev, Elnur Doniyorov.

Zaxira hakami: Ma’mur Ilhomov

Nazoratchi: Baxtiyor Tog‘aev

Komissar: Bekzod Aripov

“Andijon”: Eldor Adhamov, Ildar Mamatkazin, Abdurahmon Komilov (Ilhom Alijonov, (90+3), Vladimir Bubanya, Abduvohid G‘ulomov, Sherzod Esanov, Levan Arveladze (Sunnatilla Abdullajonov, 90+3), Ilhom Abdug‘aniev (Farhod Bekmuratov, 87), Bektemir Abdumannonov, Farhod Sohibjonov (Shaxrom Samiev, 73), Rustam Turdimurodov.

“Navbahor”: O‘tkir Yusupov, Filip Ivanovich, Azim Ahmedov, Farruh Sayfiev (Ibrohim Yo‘ldoshev, 76), Odil Hamrobekov, Jamshid Boltaboev, Siyavash Haqanazari (Asad Sobirjonov, 52), Yovan Jokich, Abror Ismoilov (Shodiyor Shodiboev, 76), Ruslan Jiyanov (Jamshid Iskanderov, 46), Giorgi Nikabadze (Navro‘z Iminjonov, 46).

Gollar: Levan Arveladze, 13-pen. – 1:0. Rustam Turdimurodov, 62 – 2:0. Ibrohim Yo‘ldoshev, 84-avt. – 3:0.

Ogohlantirishlar: Abduvohid G‘ulomov, 32. Eldor Adhamov, 87. Ilhom Alijonov, 90+4 – Odil Hamrobekov, 11.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!