
“Siti”ning yangi yulduzi kutilmaganda Angliya terma jamoasidan chaqiruv oldi
FIFA kunlari munosabati bilan aksariyat ligalarda ikki haftalik tanaffus e’lon qilindi. Mamlakatlar terma jamoalari klublarda o‘zini ko‘rsatgan charm to‘p ustalarini xalqaro uchrashuvlarda ishtirok etish uchun yig‘inga chaqirdi.
Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxel kutilmaganda “Manchester Siti”ning yosh o‘yinchisi Niko O’Raylini ham ilk bor tarkibga jalb etdi. Nikoning chaqiruvi “Chelsi” himoyachisi Ris Jeymsning jarohat olgani bilan bog‘liq.
20 yoshli Niko universal futbolchilardan hisoblanadi. U chap qanotni to‘liq yopishi va zarur paytda markaziy yarim himoyachi vazifasini bajarishi mumkin.
Tomas Tuxel shogirdlari dastlab 9 oktyabr kuni o‘rtoqlik uchrashuvida qatnashadi. Keyin angliyalik futbolchilar 14 oktyabrda 2026 yilgi jahon chempionatining mintaqaviy saralash turniri doirasida safarda Latviya bilan kuch sinashadi.
Fikrlar