Sirli jangda matonat ko‘rsatgan boks qiroli (Kassius Kley) Muhammad Alining dunyoga kelishi

  • 16 dekabr, 2021, 23:00
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Sonni Liston 1962 yilda o‘tkazilgan va Floyd Pattersonni birinchi raundning ikkinchi minut oltinchi soniyasidayoq nokautga uchratgan jangi orqali super og‘ir vaznda jahon chempioniga aylangan. Listonning ilk himoya jangi Pattersonga qarshi revansh jangi bo‘ldi va avvalgi jangdan to‘rt soniya uzoqroq davom etdi, xolos. Patterson ustidan osonlik bilan qo‘lga kiritilgan g‘alabalar Sonnini shon-shuhrat cho‘qqisiga olib chiqdi. O‘sha davr uchun Listonning rekordi aqlbovar qilmas darajada edi – 35 g‘alaba, 25 nokaut. Qisqa vaqt ichida Liston hech qaysi raqibi unga qarshi ringga chiqishni xohlamaydigan chempionga aylandi. Masalan, chempionlikka asosiy da’vogarlardan biri bo‘lgan Genri Kuper Kley-Liston jangidan oldin bergan intervyusida, ushbu jang g‘olibi Kley bo‘lsagina unga qarshi chempionlik jangida qatnashishni aytib o‘tgan.

Tecno

Tabiatan og‘ir-vazmin harakterga ega bo‘lgan Liston juda kam intervyu berar, OAVlarda deyarli ko‘rinish bermasdi. Chempionlikka da’vogar bo‘lgan Kassius Kley esa aksincha, matbuot markazida bo‘lishni xush ko‘radigan 22 yoshli bokschi edi. Kassius 1960 yilda o‘tkazilgan Rim Olimpiadasida og‘ir vaznda oltin medalni qo‘lga kiritgan, tezkor qo‘l va oyoq harakatlariga ega bo‘lgan, o‘ziga bo‘lgan ishonchi eng yuqori darajada bo‘lgan jangchi edi. Shunga qaramay, 1963 yil Kley uchun ko‘ngildagidek kechmadi: u 10 raund davom etgan jangda Daug Jonsga ochkolar hisobida imkoniyatni boy berdi, keyin esa Genri Kuper tomonidan nokautga uchratildi.

1963 yilning 5 noyabrida Liston va Kley jang shartnomasiga imzo chekdilar. Jang 1964 yilning 25 fevralida Kassius istiqomat qilayotgan va mashg‘ulotlar olib borayotgan Mayamida o‘tkazilishi kelishib olindi. Jang oldidan Klay Listonni engishiga juda ozchilik ishonardi, uning g‘alaba qozonish ehtimoli atigi 1/7 nisbatda baholandi. Sport yozuvchilari uyushmasining jurnalistlari orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 46 a’zodan qariyb 43 tasi Listonning muvaffaqiyatga erishishini taxmin qilganlar.

Kley jangdan oldin muntazam ravishda Listonga qarshi provokatsiya ishlarini olib bordi. U ataylab avtobus sotib oldi va uning ustiga “Liston 8-raundda nokautga uchraydi” deb yozdirdi. Keyin esa tunda Listonning uyi atrofiga o‘sha avtobusda borib, haqoratli so‘zlar bilan Sonnining tinchini buzdi. Kassius raqibining sha’niga hurmatsizlik qilib, uni “beso‘naqay ayiq” deb atadi. Kleyning bunday xurmacha qiliqlari va doimiy tarzda Listonni 8-raundda nokaut qilishini aytib maqtanishi natijasida Sonni jangga o‘ta asabiy kayfiyatda etib keldi.

400px-Clay-Liston_predictions

Jangdan bir oy oldin Kassius Islom Hamjamiyatining Nyu-York shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishlaridan birida nutq so‘zladi. Shu voqeadan so‘ng Kley va islom dini haqidagi xabarlar ko‘plab nashrlarning birinchi sahifasini egalladi. Bokschi asosiy vaqtini Islom Hamjamiyati rahbari, janob Malkolm bilan o‘tkaza boshladi.

Bu paytga kelib jangni tashkil qilayotgan promouter – Bill Makdonald bu xabardan qattiq tashvishga tushib qoldi. Chunki u davrda AQShda musulmon dunyosi va oq tanli fuqarolarga nisbatan salbiy munosabat shakllangan bo‘lib, bu o‘z navbatida, Liston-Kley jangidan tushadigan mo‘maygina mablag‘ni xavf ostiga qo‘yishi mumkin edi.  Bill Kleyni Islom Hamjamiyati bilan aloqalarini to‘xtatishga chaqirdi, ammo bokschi bunga rozi bo‘lmadi. Promouterning sa’y-harakatlari natijasida islom uyushmasi shahardagi faoliyatini to‘xtatib, boshqa joyga ko‘chib ketdi. Kassius esa islom dinini qabul qilishini Listonga qarshi janggacha e’lon qilmaslik majburiyatini oldi.

Kassius Kley jangdan oldingi matbuot anjumani va vazn o‘lchash marosimiga juda asabiy holatda etib keldi. Uning o‘zini tutishi joyida emasdi, shuning uchun jang komissiyasi uni 2500 dollar miqdorida jarimaga tortishdi. Tibbiy tekshiruv davomida uning yuragi minutiga 120 marta urayotgani, qon bosimi esa 200/100 ko‘rsatkichda bo‘lganini ko‘rsatdi. Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, Kley jangdan oldin ruhiy zo‘riqish va hissiy beqarorlik holatida bo‘lgan. Tibbiy komissiya rahbari Aleksandr Robbins Kassiusning qon bosimi me’yoriga qaytmasa, jang bekor qilinishini e’lon qildi. Ammo bir soatdan so‘ng o‘tkazilgan tekshiruvlarda Kleyning qon bosimi va yurak pulsi normada ekanini ko‘rsatdi. Aslida, bularning barchasi Kley tomonidan uyushtirilgan hiyla edi.  Keyinchalik Kley bu haqida “Liston mendan emas, mening o‘zimni tutishimdan qo‘rqardi” – deb aytgandi.

Jang Kassiusning harakatchanligi bilan boshlandi. Uning jeb zarbalari tezkorroq va samaraliroq edi. Kleyning tezkor kombinatsiyalari oldida  Listonning zarbalari sekin ko‘rinar, og‘ir zarbalari esa ko‘zlagan nuqtaga etib bormasdi. Kassiusni 3-raundda hujumkor jangga to‘liq o‘tishi natijasida Listonning o‘ng ko‘zi ostida jarohat izlari paydo bo‘ldi, chap ko‘zi ostida esa yoriq ochildi. 4-raundda ham Kley yaxshi ishladi, masofani yaxshi his qildi va Listonga deyarli imkoniyat qoldirmadi.

LIston-Clay-Ali2222

Ammo u raunda tugagach, o‘z burchagiga qaytdi va noodatiy tarzda ko‘zini yumib ocha boshladi va ko‘zlari xuddi nimadandir yonayotganini aytdi. Uning murabbiyi Anxelo Dandi esa uning ko‘zini sochiq bilan ishqalab, hammasi joyida ekanini uqtirib, Kassiusning ko‘ziga biroz suv sepdi. Keyinchalik bergan intervyusida Anxelo Kleyning ko‘zini qo‘li bilan ishqalab, so‘ng o‘z ko‘ziga tekkizganini va o‘zining ko‘zi ham olovdek yona boshlaganini eslab o‘tgan.

Ko‘pchilik buni Listonning murabbiyi uning jarohatlari uchun foydalangan modda bilan bog‘laydilar. Anxelo Dandining fikricha, o‘sha modda Liston klinchga kirganida raqibining tanasiga ishqalanadi va yoqimsiz holat keltirib chiqaradi.

O‘sha davrning yana bir super og‘ir vaznli bokschisi Eddi Meychan ham shu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi: “Bu holat Listonga qarshi 1960 yilda o‘tkazilgan jangimda menda ham kuzatilgan. Mening ko‘zimdagi og‘riq tufayli boshib xuddi otilib ketayotgandek edi, Listonga qaraganimda esa u buni sezayotgandek tuyulardi. O‘ylashimcha, Listonning sekundantlari noma’lum moddani uning elkasiga surib qo‘yishar, Liston men bilan klinchga kirganda, uning elkasi orqali yuzimga va ko‘zimga ishqalanib, achishish hosil qilardi. Kley bu holatda baqirib, Sonnining hiylasi ish berayotganini raqibiga sezdirib, xatoga yo‘l qo‘ydi. Men Kassiusga nisbatan tajribaliroq bokschi edim, shuning uchun buni sezdirmaslikka harakat qilganman.

Listonning murabbiyi Pollino keyinchalik muxbir Jek Makkiney bilan bo‘lgan suhbatda 4-raund oldidan Listonning qo‘lqopiga achishtiruvchi moddani ishqalab qo‘yganini tan olgan.

Shunga qaramay, beshinchi roundni Kley og‘ir zarbalar qabul qilmagan holda yakunladi. Oltinchi raundga kelib Kleyning ko‘zlaridagi og‘riq yo‘qoldi va jang nazoratini butunlay o‘z qo‘liga oldi, natijada ko‘plab salmoqli zarbalar berishga erishdi.

Liston-in-corner

Shu raund so‘nggida Liston sekundantlariga elkasidagi jarohati bezovta qilayotganidan shikoyat qildi va jangni ortiq davom ettirolmasligini bildirdi. Liston ettinchi raundga chiqmadi va Kley texnik nokaut bilan g‘olib deb e’lon qilindi. Kassius darhol ring markaziga sakrab borib, qo‘llarini yuqoriga ko‘tardi va g‘alaba raqsini ijro etdi. So‘ngra ring arqonlari uzra “Men eng buyukman! Men dunyoni lol qoldirdim!” – deya hayqirdi.

“The Ring” nashri Kley-Liston jangini “Yil jangi”deb e’lon qildi. Keyinchalik ushbu to‘qnashuv “O‘n yillik jangi” va “O‘n yillikning sensatsiyasi” deb ham topildi.

Jangdan so‘ng Liston darhol San Frantsis kasalxonasiga olib borildi va 6 soatdan so‘ng chap ko‘ziga oltita chok tushgan, chap qo‘li esa qo‘ltiqtayoqqa suyangan holda ko‘rinish berdi. Sakkiz nafar shifokorning xulosasiga ko‘ra, Listonning elka mushagi shikastlangandi. Doktor Aleksandr Robbins jangning o‘z vaqtida to‘xtatilganini e’tirof etdi.

Mayami boks komissiyasi dastlab Listonga jang uchun kelishilgan gonorarni berishdan bosh tortdi. Shifokorlarning xulosalari taqdim etilgach, komissiya hammasi joyida ekanini bildirib, Listonga gonorari berildi.

Sonni Listonning maslahatchisi Jek Nilon bokschining jarohati jangga tayyorgarlik davrida orttirib olinganini, lekin ular turli xil o‘rinsiz tanqidlarga uchrashni istamaganliklari tufayli jangni o‘z vaqtida o‘tkazilganini aytib o‘tdi.

111-Ali-Ali-vs-Liston-Clay

Oradan yillar o‘tib, Devid Remnik “Dunyo qiroli: Muhammad Ali va Amerika qahramonining porlashi” nomli kitobini yozish davomida Listonning sekundantlaridan biri bilan suhbat qildi va Sonnining sobiq vakili elkadagi jarohatni shunchaki uydirma ekanini oshkor qildi: “Elkadagi jarohat shunchaki to‘qilgan edi. Biz Kley bilan qayta jang qilish haqidagi shartnoma bandiga ega edik. O‘ylab ko‘ring, shunchaki jangda taslim bo‘lgan bokschiga kim revansh jangini berardi. Elkadagi jarohat bilan bog‘liq gaplar shuning uchun ham o‘ylab topilgandi”.

1964 yilning 27 fevralida Kassius Kley o‘zini Islom Hamjamiyatining a’zosiga aylanganini e’lon qildi: “Men bu e’tiqod yo‘liga besh yil oldin Elija Muhammadning radiodagi suhbatlaridan birini eshitib qolganimdan so‘ng o‘tganman. Men ularning barcha a’zolarining fikrlarini eshitdim va hech kim ularning xato yo‘lda ekanini isbotlab bera olmadi. Shuning uchun ham men to‘la-to‘kis shu e’tiqod yo‘lida yashashga ahd qildim”. Uning a’zoligi haqidagi xabar dastlab bir kun oldin Chikagoda bo‘lib o‘tgan Islom Hamjamiyatining yillik yig‘ilishida harakat etakchisi Elija Muhammad tomonidan e’lon qilingandi.  

Kley dastlab o‘z ismini “Kassius X” ga o‘zgartirdi, chunki ushbu jamiyat a’zolari ortiq sobiq quldorlik oilalaridagi familiyaga ega bo‘lishdan voz kechishgandi va hammasi “X” familiyasini olishgandi.

1964 yil 6 martda Elija Muhammad radiodagi nutqlardan birida Kassiusning ismi “Muhammad Ali”ga o‘zgarganini e’lon qildi. Muhammad “barcha maqtovlarga loyiq”, Ali esa “eng oliy” degan ma’noni anglatardi.

Jangdan oldin Liston yaqqol favorit sifatida ko‘rilgani va tushunarsiz tarzda mag‘lub bo‘lgani tufayli jangni kelishganlikda gumonlanib, tekshiruv ishlari olib borildi, ammo buni tasdiqlovchi birorta dalil topilmadi. AQSh Senatining jinoiy ishlar bo‘yicha maxsus qo‘mitasi jangdan uch oy o‘tgach, barcha ovozli xabarlarni eshitib ko‘rdi va unda ham hech qanday dalil topilgani yo‘q. Ushbu g‘oya keyinchalik ham isbotlanmadi va sport jurnalistlarining barchasi jangning kelishilganini rad etishdi.

Jangdan ko‘rilgan foyda 4,5 million dollarni tashkil etdi va bu ko‘rsatkich bilan Kley-Liston o‘sha davrdagi eng foyda keltirgan ikki jangdan biriga aylandi. Ushbu jangdan sobiq chempion Sonni Liston 1,3 million dollar, Muhammad Ali (sobiq Kassius Kley) esa 300 ming dollarga ega bo‘ldilar.

Davomi bor…..

Ingliz tilidan Bekzod Nizomiddinov va Jalol Ahmedov tarjimasi

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!