
"Sho‘rtan"ga qaytish, qolib ketgan qarzdorlik, "Mash’al"dan nega ketgani - Asror Aliqulov bilan suhbat
2018 yili “Sho‘rtan”ga bosh murabbiylik qilib, so‘ng o‘tgan yili “Mash’al”ni boshqarib Superligaga olib chiqqan Asror Aliqulov bu yildan boshlab yana G‘uzorning “Sho‘rtan” jamoasida ishlaydigan bo‘ldi. Hammasiga sabab unda Pro litsenziyasining yo‘qligidadir. Biz esa Asror Chorievich bilan ish faoliyatiga taalluqli bir qancha muhim masalalarda suhbatlashdik. O‘zi esa suhbatni “Mash’al”ni tark etgani haqidagi gap bilan boshladi.
- Bilasiz, “Mash’al”da ishlab Superligaga chiqdik. Ammo u erda ishlaydigan murabbiylarning litsenziyasi Pro bo‘lishi kerak. Bu orada esa “Mash’al” ham o‘ziga boshqa murabbiy qidirdi, portugaliyalik va yana boshqa mutaxassislarning nomzodlarini ko‘rib chiqishayotgandi. Gapning ochig‘i, Muborakdan ketish qarorini qabul qilish menga qiyin bo‘ldi. “Mash’al”ning dastlabki bir haftalik o‘quv-mashg‘ulotlarida ishtirok etdim va o‘sha mahalda nima qilish kerakligi borasida rosa o‘ylandim. Superliga uchun vaqt kam edi, men o‘z yo‘nalishim bo‘yicha jamoani shug‘ullantirayotgan taqdirimda ham baribir klubga boshqa murabbiy kelardi va jamoani o‘z falsafasi bo‘yicha tayyorlardi. Natijada jamoa bundan qiynalib qolardi. Shu tomonlarini ham o‘yladim va Ilhom Qurbonov bilan gaplashib hali vaqt borligini, yangi murabbiyni ertaroq olib kelish kerakligini gaplashdik. Ammo Ilhom Abdug‘anievich mening klubda qolib ishlashimni xohladi. Keyin esa menga “Sho‘rtan”dan taklif bo‘lgach, yana G‘uzorda ish boshlashga qaror qildim, - deydi Aliqulov.
- “Sho‘rtan”ga sizni aynan kim taklif qildi?
- Yangi bosh menejer sifatida Shamil Yarulin ish boshladi. Aynan u meni bosh murabbiylikka taklif qildi. “Sho‘rtan”ning oldiga esa Superligaga yo‘l olish vazifasi qo‘yildi. Yarulinni esa anchadan beri yaxshi taniyman. U G‘uzorda yaxshi jamoa shakllantirish borasida kecha-yu, kunduz ishlayapti. “Sho‘rtan” taklifini qabul qilishimda o‘sha insonning o‘rni juda katta.
- “Sho‘rtan” muammolar girdobiga tushib qolganligini barcha yaxshi biladi. O‘tgan yili G‘uzorni tark etib, “Mash’al”ga o‘tgan paytingizda ham “Sho‘rtan”ning sizdan anchagina qarzdorligi qolib ketganligi haqida aytgandingiz. Ayting-chi, o‘sha qarzdorlik bartaraf etildimi yoki siz undan voz kechib yubordingizmi?
- Siz to‘g‘ri aytyapsiz, chindan qarzdorlik bor edi. Ammo o‘tgan vaqt davomida “Sho‘rtan” ancha-muncha qarzdorlikni bartaraf etdi. PFLda ishlayotgan Diyor Imomxo‘jaev ushbu masala bo‘yicha juda talabchan hamda vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirishga harakat qiladi. To‘g‘risi, Diyor tufayli “Sho‘rtan”da qolib ketgan pullarimni oldim. Adashmasam, klub 80 foiz qarzdorlikni bartaraf etdi.
- Pullaringizni undirib berish bo‘yicha o‘zingiz Diyor Imomxo‘jaevga murojaat qilganmidingiz?
- Klubdan ketgan paytimda Diyorning o‘zi anchagina qarzdorliklar qolib ketganini eshitgan va u bunday nohaqliklarga jim qarab tura olmagan. Klubdan barcha hujjatlarni taqdim etishini so‘ragan va bu ishlarda o‘zi faollik ko‘rsatgan. Ammo bu masalada Imomxo‘jaevga murojaat qilmaganman. Yana ozroq pullarim qolgan va bularni ham yaqin kunlarda bartaraf etishadi. Buning uchun yozdi-chizdi qilishning hojati yo‘q.
- Bundan keyin ham “Sho‘rtan”da yana qarzdorliklar yuzaga kelmasligiga ishonchingiz komilmi?
- Yangi menejer barcha ishni qilyapti. Birinchi navbatda klubda qarzdorlik ishlarini to‘xtatishga jiddiy qaramoqda. Katta-katta qarzdorliklar ham yopilyapti. Bu tomonlama ko‘p ish qilyapti. Endi yangicha “Sho‘rtan”ni shakllantirish uchun keng ko‘lamli ishlarni olib boryapti.
- Baribir bo‘lib o‘tgan ishlardan keyin ko‘pchilik u erdan norozi bo‘lib ketgandi. Umuman olganda, ishga taklif qilishda sizni nimasi bilan ishontira olishdi?
- Eng katta sabab Yarulinning qanday insonligini o‘zim yaxshi bilganligim uchun keldim. Men unga ishonaman. O‘zi ham menga katta ishonch bildiryapti. “Sho‘rtan” muxlislarining yuzini erga qaratmaslik uchun bor kuchim bilan harakat qilaman. Bizning muvaffaqiyatli o‘yinlarimiz esa Shamil Yarulinning ishlarini ancha engillashtiradi.
- Baribir “Sho‘rtan”da yuz bergan o‘zgarishlar tufayli klub o‘zidan xuddi salbiy taassurot qoldirayotgandek bo‘laverardi. Xorijliklardan bo‘lgan qarzdorliklar, jarima sifatida ochkolarning olib tashlanishi, FIFAning jazosi...Natijada u erga borib ishlashga boshqalar ikkilanib ham qolishgan. Shuni hisobga olganda, ich-ichingizdan tavakkalchilikka qo‘l urdimmikin, degan o‘y-hayol o‘tmayaptimi?
- Qiyinchilikdan qo‘rqish yo‘q. Imkoniyat bo‘lsaki, biz yaxshi jamoa tashkil qila olamiz. To‘g‘ri aytasiz, biz tavakkalchilikka qo‘l uryapmiz. O‘zimiz xohlagandek futbolchilarni topa olmaymiz. Ko‘proq yoshlarni olib tarbiyalayapmiz. Ularning o‘yiniga va shakllanishiga jiddiy e’tibor qilamiz. Yoshi katta futbolchilarimizga ham ko‘p narsa bog‘liq bo‘ladi.
- “Sho‘rtan”dagi rejalaringizni ham ishlab chiqqandirsiz?
- Mavsumga tayyorgarligimiz uchta bosqichdan iborat bo‘ladi. Birinchi bosqichini esa boshlaganmiz. Hali pro-liganing taqvimi chiqqani yo‘q. Hammasi ma’lum bo‘lganidan so‘ng rejalarni ishlab chiqishimiz yanada engillashardi. Shuning uchun hozircha qisqa-qisqa rejalar tuzib turibmiz. Klubning moliyaviy smetasi tasdiqlanganidan keyin Toshkentda ham shug‘ullanamiz va shunga qarab ishlarimizni davom ettiramiz. Ayrim o‘yinchilar bilan og‘zaki kelishib qo‘ygandik. Ammo biz biroz kechroq yig‘ilganimiz tufayli ular boshqa klublarga o‘tib ketishdi. Tarkibda katta o‘zgarishlar qilamiz deb ayta olmayman. Birinchi navbatda o‘zimizga xos va o‘zimizga mos futbolchilarni olishga harakat qilamiz. Ochig‘i, ko‘p ham nomdor o‘yinchilarni olish rejamizda yo‘q.
- U holda qanday qilib Superligaga chiqmoqchisizlar? Baribir tarkibda tajribali futbolchilar ham kerak-ku!
- O‘tgan yili “Sho‘rtan”da to‘p surgan o‘zimizning etakchilarning bir nechtasini saqlab qoldik. “Nasaf”dan ikki-uchta yosh o‘yinchilarni olyapmiz. Bulardan tashqari, yana boshqa futbolchilarni ham olib ko‘rikdan o‘tkazib ko‘ramiz.
- Klubda endi moliyaviy holat qanday ahvolda?
- O‘ylaymanki, hozir ancha yaxshi. Umid qilamanki, bu yil moliyaviy tomondan “Sho‘rtan”da ishlar yomon bo‘lmaydi. Shamil Yarulin bu masalada juda tirishqoq. Afsuski, “Sho‘rtan”dagi oldingi rahbarlar bu tomonlama juda sust ishlashgan. Hozirgi yo‘l esa “Sho‘rtan” uchun katta qadam.
- O‘tgan yili “Sho‘rtan”ni tark etib, “Mash’al”da ish boshlagan paytingizda yana qachondir G‘uzorga qaytib ishlayman degan hayolga borganmidingiz yoki bunday o‘y-xayollarni miyangizdan chiqarib yuborganmidingiz?
- To‘g‘risi, bo‘lib o‘tgan ishlarni ko‘p ham eslab yurmayman va unutishga harakat qilaman. Agar birovdan xafagarchilikni saqlab yursangiz ham bu yaxshi odat emas. Meni ishdan bo‘shatishgan bo‘lishsa ham baribir klub rahbarlari bilan qaerdadir ko‘rishib qolsam ham yaxshi munosabatda bo‘laman. Meni bitta qiynagan narsa shu bo‘ldiki, o‘sha paytda 18 yoshdagi o‘yinchilar hozirda 20-21 ga to‘lishdi va ularning ko‘rsatayotgan o‘yin darajasini ko‘rib achinib ketyapman. Vaholanki, ilgari ularning iqtidori katta edi. Chunki “Sho‘rtan”da oldin ishlagan paytimda aksariyatini o‘zim olib kelgandim. Ularni esa bunday ahvolda ko‘rish men uchun og‘ir. To‘g‘ri, ayrimlari asosiy tarkibda o‘ynashyapti. Ammo ularning soni yanada ko‘pchilikni tashkil qilishi mumkin edi. Mana, endilikda o‘sha futbolchilar rosa kerak bo‘lyapti.
- “Mash’al”ning Superligaga chiqishida bosh murabbiy sifatida katta hissangizni qo‘shdingiz. Lekin chetdan qaraganda sizning u erdagi faoliyatingiz go‘yoki bir yillik edi. Nimagaki, “Mash’al” Superligaga chiqqanida ham baribir sizda bosh murabbiylik qilish uchun Pro litsenziyangiz yo‘q edi. Shu bois ketishingiz u qadar kutilmagan o‘zgarish bo‘lib tuyulgani yo‘q...
- Bunday masalani siz aytdingiz va ayrim tanishlarim ham aytishgandi. Baribir ish davomida xayolan bo‘lsa ham qo‘l ostimdagi yigitlarning Superligadagi imkoniyatlari borasida taqqoslardim. Tarkibni qanday kuchaytirish bo‘yicha ham o‘ylab yurardim. Yanvar oyida ko‘p narsa mavhum bo‘lib qolavergach, ertami-kechmi boshqa murabbiy kelishini tushunib turgandim. Klubni esa Superligaga men olib chiqdim deb hisoblamayman. Bu barchamizning mehnatimiz. Meni bitta narsa quvontirdiki, “Mash’al” Superligaga chiqqan kuni klubdagi barchaning xursandchiligi haligacha ko‘z oldimdan ketmaydi. Mayli bu holatda o‘zimda biroz chekinish bo‘lishi mumkin, ammo klubning manfaatini ustun qo‘ydim. Jamoa tezroq yangi murabbiy boshchiligida shug‘ullanishi uchun ertaroq ketdim.
- Demak, o‘zingiz ham “Mash’al” Superligaga chiqqanida klubdan ketaman deb yurganmidingiz?
- Yo‘q, ish jarayonida bu haqida ko‘p ham o‘ylamadim. Faqat mavsum tugaganidan keyin o‘ylashni boshladim. Albatta, Superliga uchun o‘zimga yarasha tayyorgarlik rejalari bor edi. Ammo bir tomondan menda Pro litsenziyasining yo‘qligi ham hayolimdan chiqmayotgandi. Bu orada esa klub boshqa murabbiy izlayotgandi. Natijada ketishga qaror qildim. Yuqorida aytganimdek, Ilhom Qurbonov jamoada qolib ishlashimni xohlagandi. Vaholanki, “Mash’al” bilan ikki yilga shartnoma tuzgandim va yana uning bir yili qolgandi. Nima bo‘lganda ham rahbariyatdan minnatdorman. Ular meni to‘g‘ri tushunishdi va o‘zaro kelishib shartnomani bekor qildik.
- “Mash’al” o‘ziga yangi bosh murabbiy izlayotganini chetdan eshitganmidingiz yoki sizni bundan o‘zlari xabardor qilishganmidi?
- Ko‘proq chetdan eshitdim. Lekin, to‘g‘ri, rahbariyat bilan o‘zaro gaplashgan chog‘imizda ham bu masalada ishlar olib borilayotganligi haqida aytishgandi. Ammo Ilhom Qurbonov bosh murabbiylikka kim kelishining qizig‘i yo‘q, siz baribir “Mash’al”da ishlaysiz degandi. Lekin o‘zim qaror chiqardim.
- Endilikda siz uchun yana o‘tgan yilgi stsenariy takrorlanmayaptimikin? Ya’ni, “Sho‘rtan”ga bosh murabbiy etib tayinlandingiz, klubning maqsadi Superligaga chiqish. Mavsum oxirida vazifa bajarilgach, Pro litsenziyangiz yo‘qligi uchun yana ketasizmi? Har holda voqealar rivoji shunga o‘xshab ketyapti.
- (Kuladi) Shamil Yarulin bilan gaplashganimda agar yaxshi jamoa tuzsam Pro litsenziya uchun o‘qishni klub o‘z zimmasiga olishini va bu borada u klub prezidenti bilan gaplashishini aytgandi. Agar bu yil Pro litsenziyasiga o‘qishlar bo‘ladigan bo‘lsa, men unda albatta o‘qiyman.
- “Sho‘rtan” bilan shartnoma imzoladingizmi?
- Hozircha shartnoma tuzmadik. Yarulin aytdiki, klubda hali yillik byudjet tasdiqlanmay turib hech kim bilan shartnoma imzolamasligini aytdi. O‘ylaymanki, tez orada smeta tasdiqlanadi va klubdagi barcha murabbiy, futbolchilar va xodimlar bilan shartnomalar imzolanadi.
- Murabbiylar shtabingizni ham aniqlashtirib oldingizmi?
- Botir Qodirqulov bilan Akmal Saitqulov yordam beradi. Darvozabonlar bilan Sherzod Kattaev ishlaydi.
Fikrlar