Shomurodov qo‘ldan chiqdi...

  • 4 fevral, 06:43
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

A Seriyada qolish uchun kurashayotgan “Venetsiya” qishki  transferlar vaqtida hujum chizig‘ini Eldor Shomurodov yordamida kuchaytirish rejasini amalga oshirishga bel bog‘lagan edi.

Tecno

Venetsiyaliklar o‘zbek hujumchisini olish uchun rimliklarning barcha shartlariga ko‘ndi. O‘z zimmasiga mavsum oxirida Shomurodovni to‘liq transfer qilish majburiyatini olishga ham rozilik bildirdi.

Eldor Shomurodovning transferi rasmiylashtirishi arafasida vaziyat kutilmagan tomonga o‘zgardi. 29 yoshli hujumchi A Seriyada “Udineze” va Evropa Ligasida “Ayntraxt”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvlarda yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatdi.

Bosh murabbiy Klaudio Raneri bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan mehnatkash futbolchidan voz kecha olmasligini ta’kidladi. Uning qarori bilan Shomurodov “Roma”da qoladigan bo‘ldi.

O‘z navbatida, “Roma” mutasaddilari Eldor Shomurodovning o‘rniga olib kelmoqchi bo‘layotgan yangi hujumchilarning Rimga boshlaydigan yo‘llar ham yopildi.

Bu orada Eldordan quruq qolgan “Venetsiya” tezroq echim topishi zarurati paydo bo‘ldi.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, venetsiyaliklar Italiya terma jamoasining sobiq hujumchisi Mario Balotelliga ishonch bildirmoqchi. Murakkab xarakterga ega bo‘lgan futbolchi yozda “Jenoa” bilan shartnoma imzolagan edi. 

Ammo hozirda klub rahbariyati va mashhur o‘yinchi o‘rtasidagi munosabatlar yaxshi emas. Tomonlar o‘zaro kelishuvni bekor qilishga yaqin turibdi. Agar Balotelli erkin agent maqomini olsa, “Venetsiya” uni istalgan paytda bepul o‘z safiga qo‘shib olishi mumkin.

Yulduzlik davrida “Inter”, “Manchester Siti”, “Liverpul”, “Milan”, “Nitstsa”, “Marsel” kabi qudratli jamoalarda to‘p tepgan Mario Balotelli keyinchalik “Breshiya” va “Montsa” kabi o‘rtamiyona klublarda o‘ynashiga to‘g‘ri keldi.

Orada bir necha yil Turkiya va Shveytsariya chempionatlariga borib keldi.

34 yoshli futbolchi joriy mavsum oldidan yana A Seriyada faoliyat yuritish imkoniga ega bo‘lgandi. Lekin Genuyadagi o‘yinlarini muvaffaqiyatli chiqdi, deb bo‘lmaydi. Mario “Jenoa” safida olti marotaba maydonga tushib, jami 56 daqiqa harakat qildi. Bundan qoniqmagan futbolchi klubdan ketish harakatiga tushdi.

Endi “Venetsiya” oldingi chiziqdagi samaradorlikni tiklash uchun Balotelli yordamidan foydalanishga urinib ko‘radi.

Balotelli professional futbolchilik faoliyati davomida klublar miqyosida jami 501 tabahsda raqiblar darvozasiga 210 ta gol urgan va jamoadoshlariga 43 ta golli pas uzatgan.

Mario Balotelli A Seriyaga qaytgan pallada Italiya terma jamoasidagi faoliyatini tiklash istagi borligini ta’kidlagan. Bu borada “Venetsiya” unga yordam berishi mumkin.

Mario Italiya terma jamoasi safida 2010 yili debyut qilgan va xalqaro miqyosda 36 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga 14 ta gol yozdirib qo‘ygan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Baxil Alihuja
04/02/2025 07:59
яхшиси узбекистон терма уйинчиларини олгани макул: Тургунбоев, Файзуллаев, Мозговой
baksman
04/02/2025 09:51
Тўгри фикр.