
Shomurodov muxlislariga yaxshi yangilik
Eldor Shomurodov dekabr oyida faoliyatidagi eng alamli jarohatga duch kelgan edi. 28 yoshli forvard endi yuqori sport formasini tiklab, “Kalyari”ga foyda keltira boshlagan pallada, amaldagi chempioni – “Napoli”ga qarshi o‘yinga tayyorgarlik jarayonida o‘ng oyoq barmog‘ini sindirib oldi.
Tajribali hujumchi tezroq tuzalish maqsadida jarohatini operatsiya qildirdi, lekin oqqa turishi uchun bir necha oy kerak bo‘lyapti.
Alamli jihati shundaki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixidagi eng zo‘r to‘purari Osiyo kubogida jamoaga yordam bera olmadi. Balki Eldor bo‘lganida Qatardagi natijamiz chorak final bilan cheklanib qolmasmidi...
Har holda Osiyo kubogida Srechko Katanetsga hujumchi yotishmadi va ayrim uchrashuvlarda vazifasi gol urish bo‘lgan forvardlarsiz o‘ynashga to‘g‘ri keldi.
Bu tomonda “Kalyari”da ham vaziyat havas qilgulik emas. Jamoa musobaqa jadvalida xavfli hududda, bu ketishda A Seriyadagi dastlabki mavsumdanoq yana quyi ligaga tushib ketish mumkin. Klaudi Raneri jarohatlar tufayli bir necha hujumkor futbolchi xizmatidan foydala olmayapti.
Fevralning boshida maydonga qaytishi kutilgan Eldor Shomurodov yana bir muddat tiklanish uchun vaqt sarflaydigan bo‘ldi. Yaqinda Klaudio Raneri o‘zbek futbolchisi yakka tartib shug‘ullanayotgani va asosan suzish bilan mashg‘ulligini aytgandi.
Italiya futbolini yoritib kelayotgan manba – L'Unione Sarda nashri Eldor Shomurodovning maydonga qaytish sanasiga aniqlik qiritdi.
Manbaning qayd etishicha, legionerimiz 10 martga belgilangan 28-turda safga qo‘shilishi kutilmoqda. Shu kuni “Kalyari” jamoasi o‘z maydonida “Salernitana” futbolchilarini qabul qiladi.
Qiziq tomoni shundaki, Eldor Shomurodov qishki transferlar bozoriya yopilishi arafasida “Salernitana”ga ko‘chib o‘tishiga bir bahya qolgandi. A Seriyada joyini saqlab qolish uchun kurashayotgan salernoliklar “Roma” murojaat qilib, Eldor Shomurodovni ijaraga berishni so‘ragan.
Rim klubi mutasaddilari ham “Kalyari”da o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotgan Eldor Shomurodovni “Salernitana”ga o‘tkazishga rozilik bergan. Legionerimizning o‘zi ham muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun klubini o‘zgartirishga ko‘ngan edi.
Ma’lumotlarga qaraganda, so‘nggi pallada Klaudio Raneri Eldor Shomurodovni qo‘yib yubormagan va uni jamoada olib qolgan.
Yana bir qiziqarli fakt – Shomurodov A Seriyadagi oxirgi golini aynan “Salernitana” darvozasiga kiritgan. 2023 yilning aprelida Eldor bu jamoaning mashhur darvozaboni Gilermo Ochoani dog‘da qoldirgan edi. O‘shanda Shomurodov “Spetsiya”da ijara asosida o‘ynardi.
Endi mavsumni “Kalyari”da o‘tkazayotgan hamyurtimiz hali gollari hisobini ochgani yo‘q. 28 yoshli forvard sardiniyaliklar safida jami 13 ta uchrashuvda maydonga tushib, ikkita assist qayd etgan.
Demak, Eldor Shomurodovning og‘ir jarohatidan tiklanib, yana maydonga qaytishiga bir oy atrofida vaqt qoldi xolos. Kutamiz!
Fayzullaevning agenti “Bavariya” masalasiga oydinlik kiritdi
“Bavariya” futbolchisi Fayzullaevga maslahat berdi
Fayzullaevning Evropada o‘ynash imkoniyati bormi?
Fikrlar