
Shomurodov bugun gol urishi shart!
Italiya A Seriyasining 14-turida kutilmagan natijalar qayd etila boshladi. Xususan, uzoq vaqt oxirgi o‘rinda turgan “Krotone” o‘z uyida “Parma”ni 2:1 hisobida engib, “Jenoa”ni musobaqa jadvalining tubiga mixlab qo‘ydi.
“Yuventus”ning Turinda “Fiorentina”ga yirik hisobda imkoniyatni boy bergani ham sensatsiya bo‘ldi – 0:3.
Ushbu turda biz kutgan o‘yin Toshkent vaqti bilan tungi 00:45 da boshlanadi. Unda "Spetsiya" - "Jenoani qabul qiladi. Uchrashuvga Spetsiya shahridagi “Alberto Pikko” stadioni mezbonlik qiladi.
Bellashuvni bosh hakam Davide Massa boshqaradi. Unga yon qanotlarda Rodolfo Di Vuolo va Fabio Skirru yordam beradi. Zaxiradagi hakam Marko Pichchinini.
Bu bahs autsayderlar dueli, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki har ikki jamoa ham yuqori ligadagi o‘rnini saqlab qolish uchun kurashmoqda va to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchi hisoblanadi.
Mavsumga yaxshi kirishgan debyutant “Spetsiya”ning o‘yinida pasayish boshlandi. Klub ketma-ket olti uchrashuvdan beri g‘alaba nimaligini bilmayapti. Buning ustiga spetsiyaliklar oxirgi beshta uchrashuvdan beri o‘z darvozasidan kamida ikkitadan to‘p olib chiqyapti. Darhaqiqat, bu statistika o‘yindan oldin Eldor Shomurodovga ilhom bag‘ishlashi kerak.
“Jenoa”ning ahvoli “Spetsiya”nikidan ham harob. Genuyaliklar birinchi turda “Krotone”ni yirik hisobda mag‘lub etganidan beri hali birorta g‘alabani tantana qilgani yo‘q. Bu jamoani musobaqaga tayyorlay olmagani bosh murabbiy Rolando Maranga qimmatga tushi. Kutilganidek, u ishdan olindi.
Ma’lumotlarga qaraganda, klub prezidenti Enriko Pretsozi Maranga qiyin vazifa yuklamagan. U mavsum oldidan murabbiydan uni asabiylashtirmasdan, jamoani A Seriyada qolishini ta’minlashni so‘ragan xolos. Biroq vazifa uddalanishiga ishonmagan klub rahbari bosh murabbiylikka doimiy “o‘t o‘chiruvchi” Davide Ballardinini olib keldi. U to‘rtinchi urinishida ham jamoani yuqori ligada olib qolishiga ishonch bildirildi.
“Spetsiya”ga qarshi o‘yinga jamoani yangi murabbiy tayyorladi. Bu mutaxassis hujumchilar bilan samarali ishlay olishi maqtalmoqda. U Goran Pandev, Kshishtof Pyontek, Edinson Kavani kabi yulduzlarning o‘yini ochilishiga katta hissa qo‘shgan murabbiy hisoblanadi.
Ballardinining ish uslubi va xarakterini yaxshi bilan ekspertlar bu mutaxassis “Jenoa”ning eng faol o‘yinchisiga aylanib borayotgan Eldor Shomurodovni yulduz darajasiga ko‘tara olishini alohida ta’kidlamoqda. Chunki, Davidega aynan Eldor tipidagi, ya’ni baland bo‘yli va tezkor, ortga qaytib, himoyaga yordam berishdan qochmaydigan, tartib-intizomli va mehnatkash hujumchilar yoqadi.
Qolaversa, o‘zbekistonlik legioner yangi murabbiy targ‘ib qiladigan 3-5-2 sxemasini yaxshi o‘zlashtirgan va bu usulga moslashgan forvarddir.
Umuman olganda, Shomurodov asosiy tarkibga loyiq va to‘liq o‘ynashga qodir ekanini isbotlab qo‘yganiga ancha bo‘ldi. Lekin avvalgi murabbiy unga etarlicha vaqt bermagani ko‘pchilikning asabini buzgani ham bor gap. Endi hujumchilardan unumli foydalanadigan Davide Ballardinidan legionerimizning yangi qirralarini ochishini kutamiz.
Bugun tunda bo‘ladigan o‘yin oldidan mutaxassislarning aksariyati “Jenoa”ning imkoniyatini yuqori baholamoqda. Bu birinchi navbatda, jamoaga yangi murabbiy kelgani futbolchilarga o‘zini ko‘rsatishi uchun turtki bo‘ladi va jamoaga qo‘shimcha impuls bag‘ishlaydi. Bundan tashqari, keyingi uchrashuvlarda genuyaliklarning o‘yini kuchayib qolganini ham tan olish kerak. “Spetsiya”da esa, ilk uchrashuvlarda kuzatilgan debyutantlik ishtiyoqi pasayib borayotgani yaqqol sezilib turibdi. Garchi bu jamoa xavfli hududdan uzoqroq joylashgan bo‘lsa-da, so‘nggi pog‘onaga tushib qolgan “Jenoa” jon achchig‘ida mezbonlarni xafa qilib qo‘yishi mumkin.
Xullas, tunda bizni qiziqarli o‘yin kutib turibdi. Asosiy tarkibda maydonga tushishi kutilayotgan Eldor Shomurodov esa, bugun gol urishi shart!
Vaziyat shuni taqozo etmoqda...
Fikrlar