Shomurodov, endi senga yanada qiyin bo‘ladi!

  • 4 may, 2022, 21:21
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Jenoa”dagi yorqin debyut mavsumidan keyin “Roma”ga o‘tgan Eldor Shomurodov “bo‘rilar”ning asosiy tarkibiga qo‘shila olmadi.

Tecno

Joze Mourino chempionat, kubok va xalqaro o‘yinlarda doimiy tarzda Temmi Abraxamdan foydalyapti. Ikki hujumchi o‘ynaydigan taktika qo‘llangan pallada angliyalik hujumchi yonida Nikolo Dzanolo harakat qilyapti.

Mourinoning hujumchilari ro‘yxatida legionerimiz ancha pastga tushib ketdi. Portugaliyalik mutaxassis Eldordan ko‘ra Feliks Afena-Gyanni o‘ynatishni ma’qul ko‘ryapti. Shuningdek, Karles Peres va Stefan El-Shaaravi ham hamyurtimiz singari o‘ziga beriladigan imkonni kutmoqda.

“Roma” rahbariyati kelasi mavsum uchun yangi hujumchi qidirayotgani hech kimga sir emas. Joze Mourino Temmi Abraxamga sherik sifatida boshqa forvard to‘p tepishini istayapti. Bunga Nikolo Dzanoloning jarohatga moyilligi va yozda ketib qolishi mumkinligi ham sabab bo‘lmoqda.

“Roma” sport direktori ro‘yxatidagi hujumchilar qatoriga “Atalanta” vakili Luis Muriel qo‘shildi.

atalanta-bc-v-spezia-calcio-serie-a-1020x709

Football Italia nashrining ma’lum qilishicha, rimliklar kolumbiyalik forvard transferi bo‘yicha bergamoliklar bilan muzokarani boshlab yubordi. Murielning amaldagi shartnomasi kelasi yili yakunlanadi. Hujumchi bitimni yangilashni istamagani “Atalanta” xo‘jayinlarini uni sotib yuborishga majbur qilmoqda.

Ma’lumotlarga qaraganda, “Roma” bu o‘yinchini 20 million evroga transfer qilishi mumkin. Muriel Bergamo klubiga 2019 yili Ispaniya chempionati vakili “Sevilya”dan ko‘chib o‘tgan.

31 yoshli hujumchi 2010 yili Kolumbiyaning “Deportivo Kali” jamoasidan Evropaga yo‘l olganidan keyin faoliyati davomida “Udineze”, “Lechche”, “Sampdoriya”, “Fiorentina” kabi jamoalarda ham to‘p tepgan.

Kolumbiyalik forvard joriy mavsumda barcha turnirlarda 37 ta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasiga 13 ta to‘p kiritdi va jamoadoshlarini 9 ta golli uzatma bilan ta’minladi. Luis joriy mavsum “Roma”ga qarshi uchrashuvda Ruy Patrisio darvozasini ham ishg‘ol qildi.

“Roma” nishoniga tushgan yana bir hujumchi Hamid Traoredir. Ivuarlik iste’dod egasi “Sassuolo” sharafini himoya qilmoqda.

Joze Mourinoga 22 yoshli o‘yinchining univeralligi ma’qul kelmoqda. Traore faoliyatini hujumkor markaziy yarim himoyachi sifatida boshlagan bo‘lsa-da, ayni paytga kelib, har ikki qanotdan hujum uyushtirish va ikkinchi hujumchi vazifasini ham mahorat bilan bajara olishini namoyish qilib kelyapti.

Traore “Empoli” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2019 yili “Sassuolo” Hamidni ijaraga olib, ikki mavsumdan keyin uning transfer huquqini 16 million evroga to‘liq sotib oldi.

Ivuarlik hujumkor futbolchi joriy mavsumda A Seriya va Italiya kubogida jami 29 ta o‘yinda qatnashib, o‘z hisobiga sakkizta gol va to‘rtta samarali uzatma rasmiylashtirdi. U A Seriya bellashuvlarida “Roma”, “Verona”, “Fiorentina”, “Salernitana”, “Latsio” va “Atalanta” kabi jamoalar darvozasini ishg‘ol qildi.

AN8P6237-660x330

Rim klubiga Traoreni olish oson bo‘lmaydi. Chunki bu o‘yinchiga “Milan” va “Napoli” kabi etakchi klublardan jiddiy qiziqish bo‘lyapti. Bundan tashqari, shartnomasi yana ikki mavsum davom etadigan afrikalik yigitning transferi 30 million evroga baholanyapti.

Tyagu Pinto bu transferlarni uddalab, “Roma”ga yangi hujumchilarni olib keladigan bo‘lsa, Eldor Shomurodovning asosiy tarkibga kirishi yanada qiyinlashib ketadi. Bunday vaziyatda nafaqat hamyurtimiz, balki Karles Peres va Stefan El-Shaaravi kabi hujumchilarning “Roma”dagi holati ancha murakkab bo‘lib qoladi.

“Roma” hujumchisi: Ketishim kerak bo‘lgan vaqt kelganini bildim!

Gol urish mana bunaqa bo‘ladi! O‘zbek legioneri birinchi xet—trikni qayd etdi!

Shomurodovni ham o‘ynatib ko‘rdik, biroq... Mourino legionerimiz haqida ham gapirdi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Абдурахмон лидер
04/05/2022 21:57
Шомуродов давно кетиши кэрак эди. Январдаёк. Лекин халиям кеч эиас