
Shavkat Abdurazzoqov: "O‘zbekiston milliy terma jamoasining rasmiy o‘yinlari ham Namanganda o‘tkaziladi"
Namangan viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Shavkat Shokirjanovich Abdurazzoqov bugun Namangandagi “Markaziy” o‘yingohda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Gana milliy terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan (2:1) so‘ng o‘zbekistonlik barcha futbol muxlislarini samimiy tabrikladi:
- Bugun millionlar o‘yinining ashaddiy va fidoyi muxlislariga ega bo‘lgan Namanganda katta bayram - katta futbol tantanasi bo‘lib o‘tdi. Viloyatimiz futbolidagi tarixiy voqea guvohiga aylandik. Ya’ni, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirokidagi o‘rtoqlik o‘yini ilk marta Namanganda o‘tkazildi. 2022 yilgi jahon chempionati saralash bosqichi bahslariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rayotgan mamlakatimiz bosh jamoasi ishtirokidagi o‘yinlar har doim muxlislar diqqat markazida turadi, uni jiddiy qiziqish bilan kuzatamiz. Shuni inobatga olgan holda, bugungi o‘yin nafaqat namanganlik, balki butun vodiylik muxlislar uchun o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi, deyish mumkin.
Fursatdan foydalanib, mamlakatimizdagi barcha futbolsevar muxlislarni bugungi g‘alaba bilan tabriklayman. Shuningdek, o‘zimning nomimdan va futbolsevar Namangan xalqi nomidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyatiga bugungi Gana terma jamoasi bilan o‘tkazilgan xalqaro o‘rtoqlik o‘yini mezbonligini Namanganga topshirishda ko‘rsatilgan amaliy yordam uchun minnatdorlik bildiraman. Bu – boshlanishi, nasib qilsa, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirokidagi rasmiy o‘yinlari ham Namanganda o‘tkaziladi va birgalikda shunday katta futbol bayramlaridan bahramand bo‘lamiz. Bugungi o‘yin tashkilotchiligi, stadiondagi ajoyib muhit Namangan viloyati mamlakatimiz bosh jamoasi ishtirokidagi rasmiy o‘yinlarga ham bemalol mezbonlik qila olishini yana bir karra isbotladi.
Bugungi raqibimiz - Gana terma jamoasiga ham joriy yil o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlariga erishishlarida tilakdoshman. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati, O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolariga xalqaro musobaqalardagi kurashlarga boy o‘yinlarda kuch-quvvat, muvaffaqiyat, omad va zafarlar yor bo‘lishini tilab qolaman, - dedi viloyat rahbari.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar