
Shashka: Jahon chempionatida hozircha 6 ta medal qo‘lga kiritildi, shundan 3tasi oltin
21 avgust kuni Bolgariyaning Kraneva shahrida shashka bo‘yicha yoshlar o‘rtasida Jahon chempionati start olgan edi. Dunyoning 21 ta davlatidan kelgan umidli sportchilar qatorida 12 nafar (6 nafar qiz va 6 nafar o‘g‘il) yurtdoshimiz g‘oliblik uchun dona surishmoqda.
Shuningdek, mazkur Jahon chempionati bosh hakami etib o‘zbekistonlik xalqaro toifadagi hakam Alisher Ortiqov tayinlangan.
Musobaqaning dastlabki medallari o‘z egalariga topshirildi. 11 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida Sheyxali Azizov, 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida Amirbek Shahobov, 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida Firdavs Olimovlar jahon chempionligini qo‘lga kiritishdi.
Qizlar o‘rtasidagi bahslarda ham bir qator ijobiy natijalar qo‘lga kiritildi. Xususan, 11 yoshgacha bo‘lgan qizlar dasturida Ruxsora Bahodirova kumush hamda Ruxshona Qayumova bronza medalini, talaba qizlar o‘rtasidagi bahslarda Shahzoda Tursunmurodova kumush medalini qo‘lga kiritishdi.
Aytib o‘tish joizki, turnir doirasida Shahzoda Tursunmurodovaga Xalqaro grossmeyster unvoni guvohnomasi tantanali ravishda topshirildi.
Ertaga blits yo‘nalishi bo‘yicha musobaqalar davom ettiriladi. Jahon chempionati esa 1 sentyabr kuni o‘z nihoyasiga etadi.
Fikrlar