
Shahnoza Mirzaeva: Hayotni qadriga eting, o‘zingizdan yaxshi nom qoldiring!
Taqdir taqozosi bilan sog‘ligida muammolar paydo bo‘lgan insonlarni ikki toifaga ajratish mumkin: Birinchisini ko‘rib rahming keladi, ikkinchisini ko‘rib havasing keladi. Parakanoe bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Jahon va Osiyo chempioni Shahnoza Mirzaeva barchaning havasini keltiradigan ikkinchi toifa insonlardan biridir. U yaqinda Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Quyida ushbu mohir sportchi qiz bilan uyushtirilgan suhbatimizni o‘qishingiz mumkin:
-Shahnoza avvalambor o‘zingiz haqingizda qisqacha gapirib o‘tsangiz.
-Men 1999 yil Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida tug‘ilganman. Oilada 4 nafarmiz: buvam, onam, men va singlim. Yoshligimdan sportga judayam qiziqardim. Xatto maktab paytlarida o‘g‘il bola sinfdoshlarimdan ham tez yugurardim.
-Parakanoega qachon kirib kelgansiz? Birinchi murabbiyingiz kim?
-Kollejda o‘qib yurgan vaqtimda Artyom Karmeev menga parakanoe bilan shug‘ullanib ko‘rishimni taklif qildi. Shundan so‘ng sportga bo‘lgan qiziqishim sabab uning bu taklifiga rozi bo‘ldim va shug‘ullanishni boshladim. Kanoeda eshkak eshish dastlab men uchun qiziqarli mashg‘ulot bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik hayotim mazmuniga aylandi. Hozir kanoeda uxlashga ham roziman (kuladi).
Shu o‘rinda aytishim kerakki, bungacha o‘q otish va basketbol bilan ham shug‘ullanganman. Ammo, professional emas.
-Parakanoe bo‘yicha ilk yutug‘ingiz qaysi?
-2016 yil may oyidan buyon O‘zbekiston terma jamoasi safida shug‘ullanishni boshlagan bo‘lsam, shu yilning sentyabr oyida Samarqandda Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Ushbu musobaqada kumush medalni qo‘lga kiritdim. Qo‘lga kiritgan medalim keyinchalik menga kelajakda yanada yaxshiroq shug‘ullanib, yanada yuqoriroq natijalarni qayd etishimga turtki berdi. Shundan so‘ng 2017 yil Chexiyada Jahon chempionatida 2-o‘rinni, shu yilning noyabrida Tailandda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdim. 2018 yil Vengriyada o‘tkazilgan Jahon kubogida g‘olib bo‘ldim. Joriy 2019 yilning may oyida Polshada bo‘lgan Jahon kubogida shoxsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldim.
Shundan so‘ng avgust oyida Vengriyada Jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda ham oltin medalni qo‘lga kiritdim va shu bilan birga Tokio-2020 yo‘llanmasiga ega bo‘ldim. (Tahr. Shu kungacha o‘zbekistonlik parakanoechi jahon chempionligini qo‘lga kiritmagan edi)
-Endi Paralimpiya o‘yinlariga qadar yana qanday yirik musobaqada ishtirok etasiz?
-2020 yilning may oyida Germaniyada Jahon kubogi bo‘lib o‘tadi. Garchi Paralimpiya o‘yinlariga litsenziyani naqd qilib ulgurgan bo‘lsamda, ushbu musobaqaga ham jiddiy tayyorgarlik ko‘raman va yana bir bor shoxsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olishga harakat qilaman.
– Kelajakda o‘zingizni sportdan tashqari qaysi sohada sinab ko‘rmoqchisiz?
-Ochig‘i, sport mening hayotimga aylanib ulgurdi. Yuqorida aytganimdek usiz turolmayman. Shu bois sizga ishonch bilan aytishim mumkinki, men umrimni sportga bag‘ishlayman. Kelajakda esa parakanoedan murabbiy sifatida o‘zimga o‘xshagan chempionlar etishtirmoqchiman.
-Orzuingiz nima?
-Onamni doimo baxtiyor ko‘rish, Vatanim bayrog‘ini hamisha yuqori ko‘tarish, Muhtaram Prezidentimizning biz sportchilarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rliklariga munosib javob qaytarish, o‘zbek sportchilari nimalarga qodirligini butun dunyoga ko‘rsatib qo‘yish.
-Dilingizdagi aytar so‘zingiz.
-Hayotdan nolimaslik. Chunki, hayot bu sinov. Alloh tomonidan beriladigan har qanday sinovning mukofoti ulug‘ bo‘ladi.
10 yoshimda baxtsiz xodisa tufayli poezd tagida qolib ketdim. Natijada, oyog‘imdan ajraldim. Lekin, shunday bo‘lsada hayotdan umidimni uzganim yo‘q. Aksincha, uning naqadar bebaho ekanini his qildim.
Afsuski, to‘rt muchchasi soppa-sog‘ bo‘la turib o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtga, oilasiga zarracha foyda keltirmaydigan insonlar kundan-kunga ortib bormoqda. Shunday odamlarga aytar so‘zim: Hayotni qadriga eting, o‘zingizdan yaxshi nom qoldiring!
-Mazmunli suhbat uchun rahmat. Sizga kelajakdagi musobaqalarda omad tilaymiz.
-Rahmat.
Fikrlar