Samvel Babayan "Navbahor"ning kutilmaganda ochko yo‘qotishini qanday izohladi?

  • 17 avgust, 2022, 10:48
  • Makhmudov Jamshidbek
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Superligasi 16-turidan o‘rin olgan “Qo‘qon-1912” – “Navbahor” (1:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida jamoamiz bosh murabbiyi Samvel Babayan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.

Tecno

Samvel Vyacheslavovich odatdagidek o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.

- “Navbahor” - “Qo‘qon-1912” o‘rtasidagi derbilar doimo qiziqarli va keskin kurashlar ostida o‘tadi. Bugungi uchrashuv ham shunday ruhda kechdi. Natija va sifatga keladigan bo‘lsak, o‘yinimizdan qoniqmadik. Raqibga juda ko‘p imkoniyat taqdim etdik. Natija biz uchun bizga qoniqarsiz bo‘ldi. Joriy mavsumda oddiy o‘yinlar deyarli yo‘q. Peshqadammi, autsaydermi, farqi yo‘q, barcha uchrashuvlar kurashlarga boy tarzda kechmoqda. Bugungi bahs bizga dars bo‘ldi. O‘yinni tahlil qilib chiqamiz va har bir raqibning imkoniyatiga to‘g‘ri baho berishga harakat qilamiz.

- Siz 1996 yilda “Navbahor”, keyin esa “Paxtakor” jamoalari, O‘zbekiston terma jamoasi, shuningdek, Latviya va Xitoy singari xorij klublarida ishlagansiz. 1996 yili “Navbahor” chempionlik unvonini qo‘lga kiritgandi. Hozirgi kunda “Paxtakor”, “Nasaf” hamda “So‘g‘diyona” jamoalari bilan birga “Navbahor” chempionlik uchun kurash olib bormoqda. Birinchi o‘rinni egallash uchun “Navbahor”ga nimadir etishmayotganga o‘xshayapti. Bu boradagi fikringiz qanday?

- Menimcha, jamoamizga barqarorlik etishmayapti. Biz sifatli o‘yin ko‘rsatamiz, lekin uchrashuvlar davomida ayrim kamchiliklar ham yuz berib turadi. Bugun negadir raqib o‘yiniga etarlicha baho bera olmadik. Taktik taraflama ba’zida himoyaga yotishga harakat qildik va vertikal uzatmalarni amalga oshirdik, ammo bizda ijodkorlik ko‘rinmadi. Har bir o‘yinda maksimal natijaga erishish uchun barqarorlik etishmay qoladi.

- Azimjon Ahmedov oxirgi o‘yinlarda deyarli o‘ynamayapti. Uning jarohati bormidi?

- Ha, jarohati bor edi. U sekin-asta safga qaytmoqda. Azimjon jamoa sardori va asosiy tarkib a’zosi. Unda jarohat kuzatilgani bois, mashg‘ulotlarda ham qatnashmagandi. Hozir tiklanib boryapti, shu tufayli maydonda ko‘rinish berdi.

- “Navbahor” keyingi turda o‘z maydonida “Paxtakor”ni qabul qiladi. Bo‘lajak uchrashuvni “yil o‘yini” deb ta’riflasak bo‘ladimi?

- Hali oldinda milliy chempionatimizning yana 10 ta o‘yin bor. O‘ylaymanki, bu yilgi chempionat oxirgi turlargacha hammani hayajonda ushlab turadi. “Paxtakor” ham boshqa raqiblarimiz singari jamoa sanaladi. Poytaxtliklarga qarshi kechadigan bahsga ham har doimgidek tayyorlanamiz.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!