
Ryosuke Ivasa: "Murodjon Ahmadaliev hissiyotga boy bokschi"
3 aprel kuni Toshkentda Murodjon Ahmadaliev o‘ziga tegishli bo‘lgan ikki yo‘nalish chempionlik kamarini yaponiyalik majburiy da’vogar Ryosuke Ivasadan himoya qiladi.
Bugun ushbu jang avvalidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Biz ushbu fursatdan foydalanib, yapon bokschisidan bir qator savollarga javob oldik.
- Assalomu alaykum. O‘zbekistonga xush kelibsiz!
- Xayrli kun. Rahmat!
- Sizni juda muhim jang kutib turibdi. Raqibingiz haqida qanchalik taassurotga egasiz va unga qanday baho berasiz?
- Albatta, juda qiyin jang bo‘ladi. Raqibimning kuchini chempionligi ham isbotlab turibdi. U juda kuchli va hissiyotga boy bokschi. Shunday bo‘lsa-da, ijobiy natija qayd etishga harakat qilaman.
- Umuman olganda, Yaponiyada havaskor boksga nisbatan professional yo‘nalish juda yaxshi rivojlangan. Bunga sabab nima, deb o‘ylaysiz?
- Men bunday, deb o‘ylamayman.
- Demoqchimanki, hozirgi kunga kelib, Riyota Murata, Naoya Inoue kabi profibokschilarni mashhurligi juda yuqori...?
- To‘g‘ri, havaskor bokschilarimiz orasida ham kuchlilari ko‘p. Lekin taniqli emas. Biroq, Olimpiadada yaxshi natijalar qayd etsa, ularni ham tez orada taniy boshlashadi.
- Hozirda, Yaponiya havaskor boks terma jamoasini o‘zbekistonlik mutaxassis Vladimir Shin Tokio Olimpiadasiga tayyorlayotganidan xabaringiz bormi?
- To‘g‘risi, bu haqida ma’lumotga ega emasman.
- Yaponiyalik boks mutaxassisi Xirokuni Motoni taniysizmi?
- Eslolmadim.
- Ryota Murataning murabbiyi...?
- Ha, Moto San. Albatta, taniyman.
- Demak, yapon boksini rivojida o‘zbek boks maktabini qisman xissasi borligi haqida ham eshitgandirsiz? Sababi, yanglishmasam, 1998-2000 yillarda Yaponiya boks federatsiyasi rahbarining iltimosiga ko‘ra, aynan Xirokuni Moto tajriba orttirish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurgandi?
- Bilasizmi, bu haqida eshitganim bor. O‘zbekiston hozirda boks borasida juda yaxshi natijalar qayd etmoqda. Olimpiada, jahon chempionati kabi nufuzli turnirlarda etakchilik qilayapti. Shuning o‘z ham yurtingiz boksining qay darajada ekanligini anglatib turibdi.
- Vaqtingiz tig‘iz bo‘lsa-da, savollarimizni bee’tibor qoldirmaganingiz uchun tashakkur!
- Rahmat. Barcha o‘zbek xalqiga salomatlik tilayman!
Fikrlar