
Ro‘ziqul Berdievda hamma ham bilavermaydigan yana bir karta bor!
O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jaev "Nasaf"ning g‘alabalari ortida nima turgani haqida "Telegram" kanalida yozib qoldirdi.
"Nasaf" muxlislarning yoqimtoy jamoasiga aylanganiga ancha bo‘ldi. Yulduz bo‘lmagan futbolchilar bilan "Nasaf" respublikaning istalgan jamoasidan yorqinroq o‘ynay oladi, hammaga bosh og‘riq. O‘z tarbiyalanuvchilariga suyanib OFK kubogining finaliga qadar ham shu jamoa etib bordi. Bir yo‘l o‘tib yana o‘sha futbolchilar bilan Qatar chempionlari-yu, Saudiya etakchilarini qiynayapti.
Ro‘ziqul Berdievda hamma ham bilavermaydigan yana bir karta bor: Ilnur Sibagatulin. 2013 yildan buyon Nasaf tizimida ishlab kelayotgan bu mutaxassis 44 yoshda. Futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi uchun aynan u javobgar.
Ilnurning yutug‘i shundaki, u engil atletikadan chiqqan. Afsuski, ko‘plab murabbiylarimiz mana shu soha mutaxassislarining futbolga bera oladigan foydasini ilg‘amaydi. Engil atletika mutaxassislari jismoniy tayyorgarlikni maromida ushlab turishdan tashqari, bizning futbol eng oqsayotgan bir yo‘nalishga ham e’tibor qaratadi. Sportchining tiklanishidan tortib, uning formaga bosqichma-bosqich kirib borishiga qadar bu juda muhim omil. Evropalik, amerikalik futbolchilarning eng katta siri ham shunda. Berdiev esa buni yaxshi tushuna olgan va aytish kerakki, tanlovda adashmagan.
Bizdagi ma’lumotga ko‘ra, Ilnurning ayoli Albina Sibagatulina O‘zbekiston engil atletika federatsiyasida qisqa masofaga yuguruvchilar uchun katta murabbiy. Tabiiyki, u sohadagi barcha yangiliklardan o‘z vaqtida xabardor. Buning samarasi o‘laroq, "Nasaf" ham jismoniy tayyorgarlik jarayonida yangilikka intilaveradi.
P.S. Kecha navoiylik engil atletika sport turi bo‘yicha bosh murabbiy Sanjar Aslanov bilan shu temada uzoq suhbatlashdik. Foydali suhbatlar yaxshi g‘oyalarga sabab bo‘ladi. Yaxshi g‘oyalar esa ishlashga yanada ko‘proq motivatsiya beradi.
Manba: Diyor Imomxo‘jaev "Telegram" kanali.
Fikrlar