Ro‘ziqul Berdiev: Xato bir marta kechirilishi mumkin, keyin kechirilmaydi

  • 15 noyabr, 2020, 20:13
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

“Nasaf” chempionatda ham, kubokda ham faqat g‘oliblik uchun kurashadigan kam sonli klublarimizdan biri. Tabiiyki, Superligada bo‘lgani kabi O‘zbekiston kubogida ham qarshiliklar favoritlar qatorida tilga olinadi.

Tecno

Bungacha Ro‘ziqul Berdiev boshchiligidagi klub 2015 yilda O‘zbekiston kubogini yutgan. 2003, 2011, 2012, 2013 va 2016 yillarda esa finalgacha etib borgan. Ko‘rib turganingizdek, “Nasaf” doim xavfli raqib hisoblanadi. Bu safar esa ular Kubok yo‘lidagi ilk qadamni Andijonda tashlaydi. Berdiev esa qur’a haqida va bu yo‘ldagi maqsad borasida sports.uz muxbiriga o‘z fikrlarini bildirdi.

-  Qur’aga ko‘ra, “Nasaf” 1/8 finalni “Andijon” maydonida o‘tkazadi. Bu borada munosabatingiz qanday?

-  Qur’ani men ham kuzatdim. Hammasi yaxshi o‘tdi. Albatta, “Andijon” bilan uchrashuvgacha ancha vaqtimiz bor. Ungacha chempionatimizni tugatib olamiz. Shundan so‘ng, “Andijon” jamoasiga qarshi bo‘ladigan bellashuvga e’tiborimizni qaratamiz. Agar kubokda maqsadimiz jiddiy bo‘ladigan bo‘lsa, barcha klub bilan o‘ynashimiz kerak bo‘ladi. Har bosqichdan so‘ng, yana qur’a tashlanishi to‘g‘ri bo‘ldi. Kim bilan duch kelishingizni faqat o‘yindan keyin bilasiz.

-  “Andijon” to‘g‘risidagi fikrlaringiz qanday?

-  Bu yil “Andijon” bilan chempionatimizda ikki bor o‘ynadik. Ikkalasida ham bizga oson bo‘lmadi. Ammo kubokda ham har bir raqib bilan maksimal kuchimizni sarflaymiz.

berdiev6

-  O‘sha “Andijon”dagi uchrashuvdan keyin bugun yutgan bo‘lsak-da, mavsumdagi eng yomon o‘yinimizni o‘tkazdik, deb aytgandingiz. O‘sha manzara takrorlanishidan tashvishlanmaysizmi? Agar “Nasaf” yana yomon o‘ynab g‘alaba qozonsa, bunday natijaga rozi bo‘lasizmi?

-  Har qanday o‘yindagi g‘alaba jamoani ham, murabbiyni ham qoniqtiradi. Lekin, o‘ylaymanki, biz bu uchrashuvga boshqacha yondashamiz. Chunki bu bir o‘yindan iborat, xato qilishga haqqimiz yo‘q. Xato bir marta kechirilishi mumkin, keyin kechirilmaydi. Shu sababli bu bahsga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz. To‘g‘ri, chempionatimizdagi o‘sha uchrashuvda o‘yinimiz kuchli chiqmagandi. Bunga bir nechta sabablar bor edi. Balki o‘sha paytda yigitlarimiz o‘yinga jiddiy yondashmagandir. Xohlaymizmi-yo‘qmi, baribir turnir jadvaliga qaraladi. Hozir “Andijon”ning maydoni qanday holatdaligini bilmayman. Ammo o‘sha paytda maydon ham talab darajasida emasdi. Bu har qanday jamoaga mazmunli o‘yin ko‘rsatishga halaqit qiladi.

-  To‘g‘risini aytsangiz, qur’adan oldin “Nasaf” uchun qaysi raqibni kutayotgandingiz?

-  Rosti, kubokning 1/8 finalini o‘z maydonimizda o‘tkazishimizni kutgandim. Nimaga deganda, chempionatimizning oxirgi turini Qarshida “Lokomotiv” bilan o‘tkazamiz. Shu bois o‘zimizda so‘nggi uchrashuvdan keyin kubok bahsiga xotirjam tayyorlanishga imkoniyatimiz bo‘lardi. Endi bo‘lsa, “Lokomotiv”ga qarshi o‘ynaganimizdan so‘ng Andijonga qarab yo‘lga chiqishimizga to‘g‘ri keladi.

berdiev2_1

-  Kubok uchrashuvlari 7-8 dekabr kunlari boshlanishi aytilmoqda. Qishda musobaqani o‘tkazish siz murabbiylarga qo‘shimcha muammolar tug‘dirsa kerak-a?

-  Pandemiya sabab bunga majbur bo‘ldik. Endi shunday holatda o‘tkazishimizga to‘g‘ri keladi. O‘zingiz ham ko‘rib turibsiz, chempionatimiz o‘yinlari juda tig‘iz grafik asosida o‘tyapti. Baribir kubok musobaqasini o‘tkazishimiz lozim. Bu orqali kubok egasini aniqlab olishimiz kerak. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, baribir kubokda ham ishtirok etishimiz shart.

-  Bu musobaqada asosiy maqsad qanday?

-  Har doimgidek kubokni qo‘lga kiritishga maksimal harakat qilamiz. Bu oson bo‘lmasa ham bor kuchimizni beramiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
15/11/2020 22:52
Shu savol beribsizla. nega berdan. OCHL nima bulapti letzinza masalasi deb savol bermagansizla.
&
нодирбек.фк насаф
16/11/2020 10:10
Насаф жамомиз 2 чи уринни олса тугридан тугри Осиё йулланмасини киритади ЛЕТЗИНЦИЯ бирилади