
Ro‘ziqul Berdiev: "Himoyalanishga majbur bo‘ldik. Aslida, bugungi rejamiz ham shunday edi"
O‘zbekiston Superligasi 24-turidan o‘rin olgan "Paxtakor" - "Nasaf" bahsi yakunlandi. Unda tomonlar 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
Mehmonlar safida yagona golga Sherzod Nasrullaev mualliflik qildi. Uning goliga javoban ikkinchi bo‘limda Hojimat Erkinov muvozanatni tikladi.
Bellashuvdan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida qarshiliklar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Uchrashuv teng kurashlar ostida o‘tdi. Chempionlik uchun kurashayotgan ikki jamoa o‘zaro to‘qnash keldi. Lima o‘z vaziyatini golga aylantirganida natija biz uchun yaxshi bo‘lardi.
O‘ylashimcha, kurash hali davom etadi. Bugun futbolchilardagi toliqish o‘z so‘zini aytdi. Mezbonlar bizga qaraganda engilroq harakat qildi. Shu sababli, birinchi taymda ham, ikkinchisida ham himoyalanishga majbur bo‘ldik. Aslida, bugungi rejamiz ham shunday edi.
Ko‘proq himoyalanib, qarshi hujumlarga e’tibor qaratgan edik. Buni birinchi bo‘limda amalga oshirdik, ammo ikkinchisida charchoq kuzatildi", - dedi "Nasaf" bosh murabbiyi.
Fikrlar