
Rossiyaga ketgan Kanchelskis "Navbahor"da 2 sentyabr kuni ish boshlaydi
Rossiyalik taniqli mutaxassis Andrey Kanchelskis yana “Navbahor”ga bosh murabbiy sifatida qaytganidan xabaringiz bor. 22 iyun kuni iste’foga chiqarilgan murabbiy 28 avgustda yana sobiq klubiga qaytarildi.
Bunga qadar Kanchelskisning o‘rnida ishlagan serbiyalik Deyan Jurjevichning esa Namanganda omadi yurishmadi. Chempionat doirasida «Navbahor» Jurjevich boshchiligida beshta o‘yinda ishtirok etib, shundan uchtasida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, yana bittadan durang va g‘alabaga erishdi (Kubok bahslaridan tashqari). Alamlisi, namanganliklar o‘z maydonida “Qizilqum” hamda AGMK klublariga ham imkoniyatni boy bergandi. Bundan esa mahalliy muxlislar qattiq ranjishgani ham bor gap.
Shu sababli rahbariyat Jurjevich va uning yordamchisi Klyaichni iste’foga chiqardi. Kanchelskis bilan esa uch yilga mo‘ljallangan yangi shartnoma imzolandi va unga hamyurti Belenkov yaqindan yordam beradi. Bungacha ikkala tandem Namanganda birga ishlashgandi.
Shuni aytish lozimki, 28 avgust kuni bosh murabbiy sifatida tanishtirilgan Kanchelskis chempionatimizda yuzaga kelgan qisqa tanaffusdan unumli foydalanish uchun Rossiyaga qaytib ketgan. Ma’lum bo‘lishicha, mutaxassis Namanganga 2 sentyabr kuni qaytib keladi.
Eslatib o‘tamiz, 15 sentyabr kuni 19-tur doirasida Namanganda “Navbahor”ni “Paxtakor”ga qarshi o‘ta muhim o‘yinni kutib turibdi.
Fikrlar