
“Real” finalda yutish “siri”ni biladi
“Real” Ispaniya chempionatida ishlari yurishmayotganiga qaramay, mamlakat kubogini bosh sovrin bilan yakunladi.
Karlo Anchelotti shogirdlari final uchrashuvida “Osasuna”ni 2:1 hisobida taslim qilib, nufuzli sovrinni o‘ziniki qildi.
Statistika mutaxassislarining hisob-kitobiga ko‘ra, madridliklar finallarda g‘olib chiqish usulini yaxshi o‘zlashtirgan. “Real” oxirgi 20 ta finaldan 18 tasini o‘z foydasiga hal qilgani bu fikrni isbotlab turibdi.
Ana shu ikki finaldagi mag‘lubiyatdan biri 2018 yili UEFA Superkubogida “Atletiko”dan qabul qilib olingan. Xalqaro maydondagi Madrid derbisida Dioego Simeone shogirdlari 4:2 hisobida zafar quchgan.
Ikkinchi omadsiz final 2023 yili Ispaniya Superkubogi uchun bahsda qayd etildi. “Barselona” madridliklarni 3:1 hisobida mag‘lub etib, sovrindant quruq qoldirdi.
Qolgan barcha finallar “Qirollik klubi”ning muvaffaqiyati bilan yakunlangan.
Fikrlar