Rashid G‘ofurov: "Pro ligada ishtirok etadigan bo‘ldik, bizga shunaqa deyishdi"

  • 26 dekabr, 2022, 23:31
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Namanganning “Navbahor-farm” jamoasi birinchi ligada qatnashib 59 ochko jamg‘argan holda musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritganini bilsangiz kerak. Bunda shubhasiz bosh murabbiy Rashid G‘ofurovning katta mehnati bor.

Tecno

Hozirgi kunda jamoa a’zolari yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Oxirgi paytlarda “Navbahor-farm”ning pro ligada ishtirok eta olmasligi borasida gap-so‘zlar tarqalgandi. Lekin yosh jamoa oldinga intilishda va ishonch bilan harakat qilishda davom etmoqda.

“Navbahor-farm” “Andijon”ga qarshi nazorat uchrashuvida qatnashib 1:1 hisobida durang qayd etdi. Bellashuvdan keyin bosh murabbiy Rashid G‘ofurov o‘yin haqida fikr bildirish bilan bir qatorda “Navbahor-farm”ning keyingi taqdiri bo‘yicha ham gapirdi.

- O‘yindan olgan taassurotlarimiz yaxshi. Biz shunaqa o‘yin bo‘lishini kutgandik, - deya gap boshladi, bosh murabbiy. - O‘zimizdan bir pog‘ona baland jamoaga qarshi uchrashuv bizga tajriba beradi. O‘zimni jamoamga ishongan holda aytamanki, yutqazishimizga ishonmagandim. Agar 1:0 hisobida qolganida biz bunga loyiq bo‘lmasdik. Durang adolatli natija. Lekin hozir hamma jamoada yangi o‘yinchilar ko‘rikdan o‘tkazilyapti. Shuni hisobga olganda, “Andijon”ning bu hali oxirgi tarkibi emas, deb o‘ylayman. Jamoa yanada kuchayadi. Futbolchilarimdan ko‘nglim to‘ldi.

nav farm

- “Andijon” haqida yana qanday fikr bildira olasiz?

- Klub Superligaga qaytdi. Tarkibini shakllantirib olsa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Bu erdagi futbolchilardan ko‘ra, bosh murabbiy Aleksandr Xomyakovga katta ishonch bildiraman. Negaki, uni juda yaxshi mutaxassis sifatida bilaman. Uxlamasdan izlanadigan murabbiy. Taktik tanlashda ham usta. Yangi klubida yaqindagina ish boshladi. Xomyakovni ko‘p narsani yutishga qodir, murabbiy deb hisoblayman. Shaxsan men bu mutaxassisga ishonaman. Har taraflama kuchli murabbiy. Uni yaxshi bilaman. “Mash’al”da to‘p surgan paytlarimdan bilamanki, “Andijon”ning birinchi navbatdagi yutug‘i shu bo‘ldiki, kuchli mutaxassisni olib keldi. Bundan tashqari, klub bosh direktori Ulug‘bek Mirzaev ham futbolga yangilik kirita oladigan inson. Birga ishlaganmiz. Katta-katta rejalarni amalga oshiradigan mutaxassis sifatida bilaman. Viloyat hokimi yordam berib tursa, “Andijon”ning kelajagi shu ikkita inson bilan yanada yorqin bo‘ladi.

- “Navbahor-farm” birinchi liga chempioni bo‘ldi. Bunday natijani kutganmidingiz? Aslida shunday maqsad qo‘yilganmidi?

- Chempionat boshida bunchalik kutmagan bo‘lsam-da, o‘yindan-o‘yinga saviyamiz oshib bordi. Qarasak, bemalol chempionlikka harakat qilsak bo‘larkan. Bemalol deganim bilan bizga ham oson bo‘lgani yo‘q. Ko‘p mashaqqatlarni bosib o‘tdik. Lekin bizni futbolchilar munosib edi. Boshqa raqib jamoa murabbiylari ham chempionlikka eng munosibi sifatida “Navbahor-farm”ni aytishdi va bu gapni ko‘pchilikdan eshitdim.

rashid

- “Navbahor-farm”ni kelasi yili pro ligada ishtirok etmasligi haqida gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Bu boradagi vaziyat qanday?

- Xudo xohlasa, biz qatnashadigan bo‘ldik. Ha, shunaqa gap-so‘zlar bor edi, biz ham eshitdik. Bungacha biroz ikkilanish yo‘lida edik. Ammo bu bilan futbol tugab qoldi, degani emas. Biz ishimizni rejaga asosan davom ettiraverdik. Mana, 24 dekabr kungi yig‘ilishga rahbariyat borib keldi va biz pro ligada ishtirok etadigan bo‘ldik. Bizga shunaqa deyishdi.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Bek 56
27/12/2022 09:46
Жуда ту'гри су'злари Рашид Гафуров